Ko‘zimga yosh kelishi

Assalamu alaykum! Ustozlar. Men ba’zi bir janozlarda qatnashgan chog‘imda ko‘zlarimga yig‘i keladi. Ba’zida dunyodan o‘tgan jigar bandlarimni eslab ham yosh keladi. Hazratimizning janoza marosimlarini videolarni ko‘rsam ham takror-takror yig‘lagim keladi. Bu holatlar Rahmonning biz ojiz bandalariga bergan fazlimi? Savol biroz noo‘rin bo‘lsa uzr.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu mijozga bog‘liq. Ba’zilar ko‘ngli bo‘sh, kinolarni ko‘rib ham yig‘lab yuboradi, lekin biror marta namoz o‘qiganini ko‘rmaysiz. Ba’zilar esa har qanday holatda ham o‘zini tutib tura oladi. Agar ibodatda ham bo‘lib, Alloh taolo yoshlanuvchi ko‘zni bersa, bu qanday ham baxt. Alloh taolo “Moida” surasi 83-oyatida : "Rasulga nozil qilingan narsani tinglaganlarida, haqni bilganlaridan ko‘zlari to‘lib yosh to‘kayotganini ko‘rasan. Derlar: «Robbimiz, iymon keltirdik, bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin". Mo‘minlarga do‘stligi yaqinroq bo‘lgan nasorolar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan nozil qilingan Qur’oni Karimni tinglaganlarida ko‘zlaridan yosh to‘kadilar. Haqiqatni bilganlaridan yig‘laydilar. Ular yig‘lab qo‘yib, yana avvalgi hollarida bardavom bo‘lavermaydilar. Balki o‘sha o‘zlari bilgan haqqa ergashadilar: «Robbimiz, iymon keltirdik, bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin», – derlar. Ular bu bilan ham kifoyalanib qolmaydilar, balki bundan ham oliy martabalarga intiladilar Yana “Maryam” surasi 58-oyatida : "Ana o‘shalar – Alloh ne’matlantirgan zotlar nabiylardan, Odam zurriyotidan, Nuh bilan birga (kemada) ko‘targanlarimizdan, Ibrohim va Isroilning zurriyotidan, o‘zimiz hidoyat qilgan va tanlab olganlardandir. Ularga Rohmanning oyati tilovat qilinsa, yig‘lab, sajdaga yiqilar edilar. ۩ Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘qigan yoki eshitgan odamga qiroat sajdasi qilish vojib bo‘ladi. Ushbu oyatda Odam Atodan buyon o‘tgan barcha payg‘ambarlar – ahli solih, hidoyat topgan, to‘g‘ri yo‘lda yurgan zotlar esga olinmoqda. Insoniyat tarixidagi alohida e’tiborga sazovor davrlar zikr qilinmoqda. Odam alayhissalomning zamonlari insoniyatning endi dunyoga kelishi, unga Alloh tomonidan birinchi bor ko‘rsatma, vahiy yuborilishi davridir. «...Nuh bilan birga (kemada) ko‘targanlarimizdan...» Insoniyat yo‘ldan ozib, bedavo aqiydaviy kasalikka yo‘liqqanda, Nuh alayhissalom ellik kam ming yil da’vat qilsalar ham, juda oz odamlardan boshqalari iymonga kelmaganidan keyin, Alloh to‘fon yuborib, iymonsizlarning barchasini halok etgan, Nuh payg‘ambar bilan najot kemasida qutulib qolgan insonlardan yangi nasl tarqatishni iroda qilgan davr alohida esga olindi. «...Ibrohim va Isroilning zurriyotidan...» Ibrohim alayhissalom, yuqorida aytilganidek, o‘zlaridan keyin kelgan barcha payg‘ambarlarning otasi hisoblanadilar. Ya’qub alayhissalom esa Banu Isroilning otalari. Ulardan ko‘plab payg‘ambarlar dunyoga kelganlar. Ibrohim alayhissalomning yana bir o‘g‘illari Ismoil alayhissalomning avlodidan esa Muhammad sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelganlar. Bu zotlar taqvoli, juda hassos qalbli bandalar bo‘lganlar. Allohning oyatlari tilovat qilinishi bilan yig‘lab, o‘zlarini sajdaga otganlar. Bu aziz zotlar ana shunday qismat sohibi edilar. Ammo 59."Bas, ularning ortidan bir o‘rinbosarlar qoldiki, ular namozni zoe qilib, shahvatlarga ergashdilar. Bas, tezda yomonlikka yo‘liqurlar". Rohmanning oyati tilovat qilinganda, yig‘lab, sajdaga otiladigan hassos zotlar ortidan ularning o‘rinlariga nobakor, fosiq va betavfiq o‘rinbosarlar keldi. Bu betavfiq kimsalar namozni zoe qildilar. Namozni zoe qilish, uni o‘qimaslik eng katta musibat ekanini ushbu oyati karimadan bilib olsa ham bo‘ladi. Namozni tark etgan odam har qanday yomonlikdan, gunohdan tap tortmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun mazkur nobakor o‘rinbosarlarning namozni zoe qilganlari zikr etilgandan keyin shahvatlarga ergashganlari bayon etilmoqda. Ya’ni ular havoyi nafslari nimani istasa, shuni qiladigan bo‘lib qoladilar. Jumladan, aroqxo‘rlik, zinokorlik, ayshu ishrat, o‘yin-kulgi kabi shahvatlar shular jumlasidandir. Endi ular namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yuraveradilar. «Bas, tezda yomonlikka yo‘liqurlar». Namozni zoe qilgach, shahvatga ergashadi. Shahvatga ergashgan zalolatga yuz buradi. Zalolatga ketganga esa halokat etadi. Lekin, baribir Alloh taolo mehribon, ularga yana bir bor imkon berib, tavba eshigini ochdi: 60. "Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, amali solih qilsa, bas, ana o‘shalar jannatga kirurlar va hech zulm qilinmaslar". Namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yurganlardan kim tavba qilsa, noshoyista amalidan afsus-nadomat chekib, tamomila to‘g‘ri yo‘lga qaytsa, so‘ngra iymon keltirib, mo‘min bo‘lsa va yaxshi amallarni ado etsa, yomonlikka uchramaydi. Balki «...ana o‘shalar jannatga kirurlar...» Noil bo‘lgan iymonlari va ado etgan yaxshi amallari evaziga jannatga doxil bo‘lurlar. Ular kiradigan jannat 61. "Rohman O‘z bandalariga g‘aybdan va’da qilgan adn jannatlaridir. Albatta, Uning va’dasi keluvchidir". Ular «adn jannatlari»ga doxil bo‘ladilar. Bu jannatlarni Alloh solih bandalariga va’da qilgandir. Allohning va’dasi muqarrar keluvchidir. Kelmasdan qolmas. Yana “Isro” surasi 109-oyatida ham : 109. "Va yig‘lab, yuzlari ila yiqilurlar va u xokisorliklarini ziyoda qilur." ۩ Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘qigan yoki eshitgan odamga qiroat sajdasi qilish vojib bo‘ladi. Ular avval odatdagidek sajda qilgan bo‘lsalar, endi yig‘lab sajda etadilar. Qur’oni Karim ularning xokisorliklarini ziyoda qiladi. Ulardan o‘rnak olib yurgan mushriklar esa Qur’onga iymon keltirmay yuribdilar. 636- وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ: الْإِمَامُ الْعَادِلُ، وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ، وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ، وَرَجُلَانِ تَحَابَّا فِي اللهِ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ، وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ فَقَالَ إِنِّي أَخَافُ اللهَ، وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ فَأَخْفَى حَتَّى لَا تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ، وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أبَا دَاوُدَ. 636. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo etti kishini O‘z soyasidan boshqa soya yo‘q Kunda soyasiga olur: odil imom, o‘z Robbisi ibodatida o‘sgan yosh, qalbi masjidlarga bog‘liq kishi, Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi, mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganda «Men Allohdan qo‘rqaman» degan odam, sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam va xoli qolib, Allohni eslaganda ko‘zidan yosh oqqan odam», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Sharh: Allohning soyasidan o‘zga soya yo‘q Kun – Qiyomat kunidir. Qiyomat kunida issiq shiddatli bo‘lib, hamma o‘zi uchun soya izlab qoladi. O‘shanda Allohning soyasidan o‘zga soya bo‘lmaydi. Allohning soyasiga esa hamma ham o‘zini ololmaydi. U Zot O‘zi xohlagan bandalarinigina O‘z soyasiga olur. Ushbu hadisda ana shu dahshatli Qiyomat kunida Alloh O‘z soyasiga oladiganlardan etti toifaning zikri kelmoqda: «Allohni xoli qolib eslaganida ko‘zidan yosh oqqan odam». Bu erda taqvodorlik riyokorlikdan xoli bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Kishilarning ko‘ziga taqvodor bo‘lib ko‘rinish juda ham oson. Ko‘pchilik oldida Allohni eslab, ko‘zidan duv-duv yosh to‘kadiganlar oz emas. Lekin haqiqiy taqvodor yolg‘iz o‘zi qolganda Allohdan qo‘rqib, ko‘zidan yosh to‘kadigan odamdir. Ana shunday darajaga etgan odamgina haqiqiy taqvodor hisoblanadi. Ana shunday darajaga etgan odamgina Qiyomat kuni Alloh taoloning soyasidan panoh topish baxtiga muyassar bo‘ladi. Alloh taolo bizlarni ham o‘shanday bandalar qatorida qilsin va hadisi sharifda zikr etilgan sifatlarga sohib bo‘lishimizni nasib aylasin. (“Hadis va Hayot”). Yana “Zumar” surasi 22-oyatida ham : 22. "Alloh ko‘ksini Islomga keng qilib ochib, o‘z Robbidan bo‘lgan nurda bo‘lgan kishi(qalbi muhrlanib, qotgan kabi bo‘lur) mi?! Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy bo‘lsin! Ana o‘shalar ochiq-oydin zalolatdadirlar". Ushbu oyati karimada mo‘min qalb bilan kofir qalbning orasidagi farq ochiq-oydin bayon qilinadi. «Alloh ko‘ksini Islomga keng qilib ochib, o‘z Robbidan bo‘lgan nurda bo‘lgan kishi(qalbi muhrlanib, qotgan kabi bo‘lur) mi?!» Albatta, Alloh taolo kimning qalbini Islomga keng ochib qo‘ysa, o‘sha odamning qalbi ilohiy nur ila to‘ladi, ya’ni uning qalbi to‘la nur bo‘ladi. O‘sha nurli qalb o‘z hayot yo‘lini ham Islom nuri bilan yoritadi. Har bir ishida, har bir tasarrufida unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib turadi. «Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy bo‘lsin!» Ular Allohni zikr qila olmaydilar. Chunki qalblari tosh bo‘lib qotib qolgan. Qotgan tosh ichini nur yoritmaydi. Ularning qalbiga Islom nuri ham, iymon nuri ham kirmaydi. Allohning zikri nuri kirmaydi. Ana o‘shalarga voy bo‘lmay, kimning holiga voy bo‘lsin?! «Ana o‘shalar ochiq-oydin zalolatdadirlar». Ochiq-oydin adashuvdadirlar. Ularning yo‘lini yoritadigan nurlari yo‘q. Shuning uchun ham qorong‘ida adashib, halokat yo‘liga yurib ketadilar. Oqibatda hollariga voy bo‘ladi. Aslida esa Alloh taolo bandalariga nurni, hidoyatni Qur’on orqali tushirib qo‘ygan edi.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:47 | Savol-javoblar | 148 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar