Otaning nasihatlari

Assalomu alaykum! Hurmatli hay’at a’zolari. Men bu savolni bir do‘stimning iltimosiga binoan yo‘llayapman. O‘zi va ota-onasi namozxon, do‘stim shu yil o‘qishni bitirib, ishga kirdi. Hozirda ishlashiga qaramay otasi har kuni “qachon odam bo‘lasan, bir ishni yaxshi qilmaysan, namozingni o‘qimaysan” deb har kuni koyigani-koyigan. Agarda biror nima demoqchi bo‘lsa, otasi uni eshtishni ham istamaydi, gapirgan gapini eshitmay ura ketadi. Savolim quyidagicha. Men kitoblarda “ota o‘z bolasini o‘ldirishga ham haqqi bor” deb o‘qiganman. Lekin buyurilgan ishlarni joyida qilib, aytganini qilib yursa-yu, lekin otasi uning gapini tinglamay hadeb koyib urishishi to‘g‘rimi? Javobingiz uchun rahmat. Alloh hammamizni rahmatiga olgan bo‘lsin. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Ota o‘z bolasini o‘ldirishga ham haqqi bor” degan gap mutlaqo noto‘g‘ri. Inson o‘z-o‘zini o‘ldirishga ham haqqi yo‘q. Qoida : "Xoliqqa osiy bo‘ladigan o‘rinda, maxluqqa itoat qilinmaydi". Ularning bergan ozorlari sababli ularni hurmatini tark qilish, jirkish, shariat doirasidagi xizmatlaridan bo‘yin tovlash joiz emas. Biz, Alloh taoloning “Maryam” surasi 41-47-oyatlari va Ustozimizning ushbu oyatlarga qilgan tafsirlaridan o‘zingiz xulosa chiqarib olasiz degan umiddamiz.  وَاذْكُرْ فِي الْكِتَابِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّهُ كَانَ صِدِّيقًا نَّبِيًّا
41. Kitobda Ibrohimni esla. Albatta, u siddiq va nabiy bo‘lgan edi.
Ey Muhammad, sollallohu alayhi vasallam, Qur’onda Ibrohim alayhissalomning qissasini zikr qil. U siddiq – o‘zi ham, so‘zi ham to‘g‘ri, shu bilan birga, nabiy – payg‘ambar bo‘lgan edi. Ibrohim alayhissalomning siddiqlik sifatlari «ko‘p tasdiqlovchi» ma’nosini ham anglatadi.  إِذْ قَالَ لِأَبِيهِ يَا أَبَتِ لِمَ تَعْبُدُ مَا لَا يَسْمَعُ وَلَا يُبْصِرُ وَلَا يُغْنِي عَنكَ شَيْئًا
42. Qachonki u otasiga: «Ey otajon, nima uchun eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron foyda bermaydigan narsaga ibodat qilasan?  يَا أَبَتِ إِنِّي قَدْ جَاءنِي مِنَ الْعِلْمِ مَا لَمْ يَأْتِكَ فَاتَّبِعْنِي أَهْدِكَ صِرَاطًا سَوِيًّا
43. Ey otajon, albatta, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergash, seni to‘g‘ri yo‘lga boshlayman.  يَا أَبَتِ لَا تَعْبُدِ الشَّيْطَانَ إِنَّ الشَّيْطَانَ كَانَ لِلرَّحْمَنِ عَصِيًّا
44. Ey otajon, shaytonga ibodat qilma. Albatta, shayton Rohmanga osiy bo‘lgandir.  يَا أَبَتِ إِنِّي أَخَافُ أَن يَمَسَّكَ عَذَابٌ مِّنَ الرَّحْمَن فَتَكُونَ لِلشَّيْطَانِ وَلِيًّا
45. Ey otajon, albatta, men seni Rohman tomonidan azob tutishidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingdan qo‘rqaman», – degan edi.
Ushbu to‘rt oyati karimada «Anbiyolar otasi» laqabini olmish zot, Allohning ulug‘ payg‘ambari Ibrohim alayhissalomning o‘z otalarini Allohning ibodatiga chaqirishlari bayon qilinmoqda. Ibrohim alayhissalom otalarini to‘g‘ri yo‘lga da’vat etishdan oldin, ota noto‘g‘ri yo‘lda ekanini savol yo‘sinida bayon qildilar.
«Ey otajon, nima uchun eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron foyda bermaydigan narsaga ibodat qilasan?»
Ibrohim alayhissalomning qavmlari, shu jumladan, otalari ham o‘zlari yasab olgan jonsiz butlarga ibodat qilishar edi. Tabiiyki, butlar jonsiz bo‘lganlari uchun hech narsani eshitmaydilar va ko‘rmaydilar. Shu boisdan, o‘ziga ibodat qilayotgan mushriklarni ko‘rmasligi, ularning duolarini eshitmasligi tabiiy. Jonsiz, hissiz narsa birovga na foyda, na ziyon etkaza oladi. Ibrohim alayhissalom ushbu haqiqatni jo‘yali savol ila otalariga eslatdilar.
Aslida, insonning ibodati uning o‘zidan ko‘ra oliy, olim va qudratli zotga tavajjuh etish – yuz tutish ila bo‘lmog‘i lozim. Ana shunda inson o‘z maqomidan chandon yuqori maqomga yuzlanadi. Insonning hayvondan ham tuban, jonsiz bir narsaga yuzlanishi, yolvorishi, roziligini topishga urinishi, unga qurbonliklar keltirishi o‘z qadrini erga urish, o‘zini jonsiz narsalardan ham past deb tan olishdir. Bu ish insoniyat uchun ulug‘ isnoddir.
«Ey otajon, albatta, senga kelmagan ilm menga keldi».
Ya’ni «Menga, vahiy yo‘li bilan Xudoni tanish, sifatlarini anglash, Unga qanday ibodat qilish ilmi – sen bilmagan ilm keldi».
Mulohaza qiladigan bo‘lsak, Ibrohim alayhissalom otalariga oliy maqomdagi odob bilan murojaat qilmoqdalar. «Sen kofirsan, mushriksan», kabi og‘ir gaplarni aytmayaptilar. Shuningdek, «Men payg‘ambarman, Allohning xaliliman», kabi o‘z sha’nlarini tavsiflash ham yo‘q. Balki «Bu gaplarni o‘zimcha to‘qib emas, menga kelgan ilm asosida gapirmoqdaman», – demoqdalar.
«Bas, menga ergash, seni to‘g‘ri yo‘lga boshlayman».
Chunki men sen bilmagan narsani bilaman.
Demak, din-diyonat ishida yoshi katta yoki ota-bola degan mulohaza bo‘lmas ekan. Kichik o‘zidan kattaga, bola o‘z otasiga zalolat yo‘lini tark etib, hidoyat yo‘lida yurishni anglatishi zarur.
«Ey otajon, shaytonga ibodat qilma».
Ya’ni «Shaytonning aytganini qilma, uning yo‘liga yurma. Butga sig‘inish ham shaytonning ishi. Bu botil amalga shayton boshlaydi. Binobarin, butga ibodat qilish shaytonga ibodat qilishdir.
«Albatta, shayton Rohmanga osiy bo‘lgandir».
Rohmanga osiy bo‘lgan shaytonga banda qanday ibodat qilishi mumkin? U holda shaytondan ham tuban bo‘lib qoladi-ku?! Ha, Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qilmaganlar, faqat Uning ko‘rsatmalari asosida yashamaganlar shaytondan ham battardirlar.
«Ey otajon, albatta, men seni Rohman tomonidan azob tutishidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingdan qo‘rqaman».
Ya’ni «Agar shu tarzda shaytonga ergashib yuraversang, albatta Rohmanning azobiga duchor bo‘lasan. Unda bir yo‘la shaytonga do‘st bo‘lib qolasan. Bu esa eng yomon oqibatdir.
Ibrohim alayhissalomning lutf ila kuygunchaklik qilishlari otaning tosh qotgan mushrik qalbiga ta’sir qilmadi. O‘g‘lining purhikmat gaplariga qo‘pollik, dag‘allik va tahdid ila javob berdi:  قَالَ أَرَاغِبٌ أَنتَ عَنْ آلِهَتِي يَا إِبْراهِيمُ لَئِن لَّمْ تَنتَهِ لَأَرْجُمَنَّكَ وَاهْجُرْنِي مَلِيًّا
46. U: «Ey Ibrohim, sen mening olihalarimdan yuz o‘giruvchimisan?! Qasamki, agar to‘xtamasang, seni albatta toshbo‘ron qilaman! Mendan uzoq ket!» – dedi.
Ya’ni «Ey Ibrohim, hali sen mening xudolarimdan yuz o‘giryapsanmi?! Ularga ibodat qilishdan bosh tortyapsanmi?! Bilib qo‘y! Qasam ichib aytamanki, agar ularni tahqirlashdan to‘xtamasang, seni o‘lim kutadi, albatta toshbo‘ron qilaman. Yo‘qol! Ko‘zimga ko‘rinma! Mendan uzoq ket!» – dedi.
Bunday qattiq tahdiddan keyin ham Ibrohim alayhissalom jahl qilmadilar. Bosiqlik bilan gaplarida davom etdilar.  قَالَ سَلَامٌ عَلَيْكَ سَأَسْتَغْفِرُ لَكَ رَبِّي إِنَّهُ كَانَ بِي حَفِيًّا
47. U: «Omon bo‘l! Endi Robbimdan seni mag‘firat qilishini so‘rayman. Albatta, U menga juda ham lutfu marhamatlidir.
Ya’ni «Nima desang ham mayli, omon bo‘l. Sen bilmay, johillik qilyapsan. Endi men Robbimdan sening gunohingni kechirishini, gumrohligingning jazosi sifatida zalolatda bardavom qoldirmasdan, hidoyat yo‘liga o‘tishing uchun imkoniyat yaratishini so‘rayman. U Zot doimo menga marhamatli bo‘lgan. Qachon bir narsani so‘rab duo qilsam, ijobat aylagan. Bu gal ham shunday bo‘lsa, ajab emas.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.
26 May 2022, 15:47 | Savol-javoblar | 127 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar