Jin xusudida

Assalomu alaykum! Hadislarda aytilganki har bir kishining o‘z jini bo‘lar ekan. O‘sha jinning vazifasi nimada?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Qof” surasi 27-29-oyatlarida : قَالَ قَرِينُهُ رَبَّنَا مَا أَطْغَيْتُهُ وَلَكِن كَانَ فِي ضَلَالٍ بَعِيدٍ Uning «yaqin»i: «Robbimiz, uni men tug‘yonga ketkazganim yo‘q, lekin uning o‘zi uzoq zalolatda bo‘ldi», – der. Bu oyatdagi «yaqini»dan murod – shaytondir. Ibni Abbos roziyallohu anhumo Mujohid, Qatoda va boshqalar : “Qorin” insonga vakil qilingan shaytondir deganlar. Shayton ham oxiratdagi azob-uqubatdan qo‘rqib ketganidan, kofirdan tonib, «Men uni ig‘vo qilganim yo‘q», deb o‘zini olib qochar ekan. Shu maqomda Alloh taoloning hal qiluvchi so‘zi yangraydi. قَالَ لَا تَخْتَصِمُوا لَدَيَّ وَقَدْ قَدَّمْتُ إِلَيْكُم بِالْوَعِيدِ ۝ مَا يُبَدَّلُ الْقَوْلُ لَدَيَّ وَمَا أَنَا بِظَلَّامٍ لِّلْعَبِيدِ ۝ 28. (U Zot) dedi: «Mening huzurimda tortishmanglar, sizlarga azob va’dasini taqdim qilgan edim. 29. Mening huzurimda so‘z o‘zgarmas va Men bandalarga zulm qiluvchi emasman!» Ya’ni «Hozir tortishadigan vaqt emas, avvaldan hamma narsa tushunarli qilib aytilgan edi. Har kim qilganiga yarasha jazo yoki mukofot olishi ma’lum edi. Kofir va gunohkorlarga azob va’dasi bo‘lgandi. Endi o‘sha gap o‘zgarmaydi. Har kim qilganiga yarasha tortadi. Lekin bu zulm emas, ayni adolatdir. Chunki Alloh taolo bandalariga hech zulm qilmaydi». Abdulloh ibn Maqsud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim bo‘lmasin unga jinlardan bo‘lgan bir qarin(doim birga bo‘luvchi)ni vakil qilingan” dedilar. Sahobalar : “Sizga hammi ya Rasululloh” deyishdi. U zot “Menga ham. Lekin Alloh uning ustidan menga ko‘mak berdi. Men undan salomat bo‘laman. U meni yaxshilikdan boshqasiga buyurmaydi” dedilar. Boshqa bir rivoyatda : “Kim bo‘lmasin unga jinlardan bir va farishtalardan bo‘lgan bir qarin(doim birga bo‘luvchi)ni vakil qilingan” dedilar”. Ushbu hadislardan insonga vakil qilingan jin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqalarni faqat yomonlikka buyurishi tushuniladi.("Tafsiri Hilol"). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:59 | Savol-javoblar | 141 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar