Farishtalar xususida

Assalomu alaykum! Aziz Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z hayotlari davomida ancha farishtalarni ko‘rganlar. O‘sha davr sahobalari Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan biron marta farishtalar qanday ko‘rinishga ega ekanliklarini so‘ramaganmilar? Farishtalarning qiyofasi xususida ma’lumot bormi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Farishtalar Alloh taoloning mahluqotlaridan bo‘lib, Alloh ularni nurdan yaratgan. Ular mukarram bandalardir. Alloh taolo ular haqida "Tahrim" surasi 6-oyatida marhamat qilib : “لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ” Ya’ni “Ular Allohning amrlariga osiy bo‘lmaydilar va buyurilganlarini ado qiladilar” degan. Ular erkak va ayollik bilan sifatlanmaydilar. Xalqimiz orasidagi ayollarni farishtaga o‘xshatish noto‘g‘ri e’tiqod. Bundan a’zi kishilar farishtalarni ayol jinsidan ekan degan hayolga borishlari mumkin. Farishtalar emaydilar ham ichmaydilar ham. Ular orasida nikohlanish degan narsa ham yo‘q. Ularda insonlardagi kabi shahvoniy xislatlar yo‘q, ular malollanmaydilar ham, charchamaydilar ham. Ularning adadini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Allohning izni bilan turli shaklga kirish va turli shaklda zohir bo‘lish qudratiga ega. Alloh taolo ular haqida “Fotir” surasi 1-oyatida : "الْحَمْدُ لِلَّهِ فَاطِرِ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ جَاعِلِ الْمَلآئِكَةِ رُسُلاً اُوْلِي أَجْنِحَةٍ مَّثْنَى وَثُلاَثَ وَرُبَاعَ يَزِيدُ فِي الْخَلْقِ مَا يَشَآءُ اِنَّ اللَّهَ عَلى كُلّ‌ِ شَيْءٍ قَدِيرٌ" Hamd osmonlaru erni yo‘qdan bor qilgan, farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar qilgan Allohga bo‘lsin. U Zot maxluqotlarda nimani xohlasa, ziyoda qilur. Albatta, Alloh har bir narsaga o‘ta qodirdir. Dunyodagi hamma hamdu sano, maqtov va olqish faqat yagona Alloh taoloning O‘zigagina xosdir. Chunki U «…osmonlaru erni yo‘qdan bor qilgan…» Zotdir. Osmonlar... Ularning ko‘pligini, osmon emas, osmonlar ekanini Qur’ondan bilamiz, xolos. Ilmning cho‘qqisiga chiqqanini da’vo qilayotgan bugungi inson osmonlarning hammasini emas, aqalli o‘ziga eng yaqin osmonni ham to‘liq tushunib eta olgani yo‘q. Insonning o‘zi o‘sha eng yaqin osmon ichiga singib ketgan. Bu osmonning chegarasi qaerda ekanini bilolmay, hayron. Uning mohiyatini anglab etolmay, parishon. Shunday bo‘lgach, bitta osmon emas, osmonlarni yo‘qdan bor qilib, inson idroki etmaydigan darajada ulkan va mustahkam, bekamu ko‘st yaratgan Zotga – Alloh taologa qancha ko‘p hamdu sano aytilsa, shuncha oz. Alloh erni ham yo‘qdan bor qilib yaratgan Zotdir. Mavjud moddalarni bir-biriga qo‘shib, nimanidir hosil qilish yaratish emas. Aslida, hech narsasi bo‘lmagan narsani paydo qilish yaratishdir. Alloh taolo inson haligacha mohiyatiga to‘liq eta olmayotgan erni yo‘qdan bor qilgan Zotdir. Undagi barcha mavjudotlarni, jumladan, insonni ham yaratgan Zotdir. Shunday ulug‘ Zotga hamdu sano (maqtov-olqish) aytilmay, kimga aytilsin?! Dunyodagi barcha hamdu sano, maqtov-olqish «...farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar qilgan Allohga bo‘lsin». Farishtalar Alloh yaratgan o‘ziga xos zotlardir. Boshqa oyatlarda ularning tabiatlari, ado etadigan vazifalari va boshqa xususiyatlari haqida so‘z yuritilgan. Bu oyatda ularning jismoniy tuzilishlarining bir qismi, ya’ni ikki, uch, to‘rt qanotli bo‘lishlari haqida gap ketmoqda. Biz «qanotli maxluqot» deganda, qushlarni tushunamiz. Ularda ikkita qanot bo‘ladi. Ammo farishtalar ichida ikkitadan ko‘p qanotlilari ham bo‘lar ekan. Lekin farishtalarning asl tuzilishlarini Allohning O‘zi biladi. Alloh taolo bilan bandalari o‘rtasida elchilik vazifasini o‘tagan Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turli holatlarda ko‘ringan. Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomni asl xilqatlarida ikki marta ko‘rganlar. Birinchi marta Hiro g‘oridan tushib kelayotib, vodiyda qanotlari bilan osmonni to‘sib turganida ko‘rganlar. Ikkinchi marta Isro kechasida ko‘rganlar. O‘shanda olti yuzta qanoti borligi, har bir qanoti mag‘rib bilan mashriqqa etishi aytilgan. Bundan farishtalar faqat ikki, uch, to‘rt qanotli emas, undan ko‘p qanotli ham bo‘lishlari mumkinligi anglashiladi. Oyatda qanotlarning soni chegaralanayotgani yo‘q, balki ularning ko‘p bo‘lishi aytilayotibdi. Shuning uchun ham oyatning davomida: «U Zot maxluqotlarda nimani xohlasa, ziyoda qilur», – deyilmoqda. Lekin bu holat faqat farishtalarga emas, balki Alloh taolo yaratgan barcha maxluqotlarga tegishlidir. Zotan, bu dunyoda butun olamlar va ulardagi narsalarni faqat Alloh taolo yaratgandir. Yo‘qdan bor qiluvchi o‘sha Zot istagan narsasini ko‘paytiradi. ("Tafsiri Hilol"). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:00 | Savol-javoblar | 137 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar