Nima deyilgan?

Assalomu alaykum! “Zikr ahlidan so‘rang hay’ati“. Boshliqqa bo‘ysunish shariatimizda vojib hisoblanadi, bu hukm faqat musulmon bo‘lgan boshliqlargami? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boshliq so‘zi biror bir mamlakatning yurtboshisidan tortib oddiy bir kichik korxonaning boshqaruvchisiga ham aytiladi. Musulmon bo‘lgan boshliqlarga itoat qilish xususida Alloh taolo “Niso” surasi 59-oyatida : Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Rasulga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz, uni Allohga va Rasulga qaytaring. Ana shu xayrli va oqibati yaxshidir. Musulmon bo‘lmagan yurtlarning boshliqlariga itoat qilish to‘g‘risida ham shariatimiz ko‘rsatma bergan. Bunday boshliqlar musulmonga eminlik bergan, boshpana bergan, ibodatlarini bemalol ado etishga ruxsat bergan boshliq bo‘ladi va uning himoyasiga o‘tgan musulmonni “musta’min” deyiladi. Ular ikkisi o‘rtasida ahdlashuv tuzilgan kishilardir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida : “Allohga osiy bo‘ladigan o‘rinlarda maxluqqa itoat qilinmaydi” deganlar. Allohga osiy bo‘linmaydigan o‘rinlarda unday kishilarga itoat qilish ham vojib. Chunki ular o‘zaro ahdlashgan kishilardir. Musulmon kishi ahdiga vafo qilishi vojibdir. Korxona, tashkilot va shunga o‘xshash joylarning boshliqlari ham kim bo‘lishlaridan qat’iy nazar, ularning qo‘l ostidagilar ular bilan ahd tuzgan kishilar qatoriga kirishadi. Shuning uchun Allohga osiy bo‘lmaydigan o‘rinlarda ahdlariga vafo qilishlari vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:16 | Savol-javoblar | 151 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar