Duoda ijobat va atoning farqi

Assalomu alaykum! Men “Xislatli hikmatlar sharhi”ni bir bora o‘qib chiqdim. Tushunish juda qiyin bo‘ldi, hozir ikkinchi bor o‘qiyapman va tushunmagan joylarini sizlardan so‘rashga qaror qildim. Iqtibos : “Duoni ijobat qilish haqidagi oyat, so‘rovchiga bir narsa berishni o‘z ichiga olmagan, balki bu oyat duo qiluvchining duosi ijobat qilinishini o‘z ichiga olgan. Duo qiluvchi esa so‘raguvchidan ko‘ra umumiyroq ma’nodagi shaxsdir. Shuning uchun ham duoni ijobat qilish so‘rovni berishdan ko‘ra umumiyroqdir. Ushbu farq tufayli Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallam o‘z hadislarida quydagilarni aytganlar :  Rosululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar : Har kecha Robbimiz dunyo osmoniga tushadi va “” deydi” deganlar. Ushbu hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam duo qiluvchi bilan so‘rovchini, ijobat bilan atoning orasini farqlamoqdalar. Iqtibos tugadi. 1-juz 75-76 bet. Shu farqlarni tushuntirib bersalaringizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo bandalarining duo qilishlari, Alloh nazdida juda mahbub amaldir. Dunyoda bir shaxsdan qayta-qayta, kichik-kichik narsalar so‘ralaversa, u qancha saxovatli bo‘lmasin oxir borib, norozi bo‘ladi. Lekin banda Alloh taolodan qancha ko‘p so‘rasa, U shuncha un(banda)dan xursand bo‘ladi.  عَن أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ لَمْ يَسْأَلْ اللَّهَ يَغْضَبْ عَلَيْهِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan so‘ramasa, U Zot unga g‘azab qiladi”, dedilar”. Duo maqsadni hosil qilish vositasigina emas, balki u bir mustaqil ibodatdir. Bu xoh o‘zi uchun bo‘lsin, yoki o‘zidan boshqalar uchun bo‘lsin, xoh dunyoviy maqsad uchun bo‘lsin yoki uxroviy maqsad uchun bo‘lsin u ham ibodat hisoblanadi va unga savob etadi. Banda qancha ko‘p duo qilsa, shuncha Alloh taolo bilan aloqasi ziyoda bo‘lib boradi. Mashaqqat yoki qiyinchilik vaqtdagina duo qilmasdan, balki kengchilik, xursand va mamnun vaqtlarda ham duo qilish lozimdir. عن أبي هريرة رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال : قال رسولُ اللّه صلى اللّه عليه وسلم : " مَنْ سَرَّهُ أنْ يَسْتَجِيبَ اللَّهُ تَعالى لَهُ عنْدَ الشَّدَائِدِ وَالكُرَبِ فَلْيُكْثِرِ الدُّعاءَ في الرَّخاءِ". Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimni qiyinchilik va g‘am-g‘ussalar paytida Alloh uni duolarini ijobat qilishi xursand qilsa, kengchilik paytida paytida duo qilishni ko‘paytirsin”, dedilar”. عَنْ النعمان بن بشير رضي الله عنهما أن رسولَ الله صلى الله عليه وسلم قال: «الدعاء هو العبادة» ثم قرأ {وقال ربُّكمُ ادْعُونِي أسْتَجِبْ لَكُمْ ، إنَّ الّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عن عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ} [غافر:الآية 60] أخرجه الترمذي. Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhim vasallam: “Duo ibodatdir”, dedilar so‘ng va “Robbingiz: “Menga duo qiling sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimda kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”ni qiroat qildilar” (Termiziy rivoyati). Alloh taolo Qur’oni karimda va’da qiladi: “Menga duo qiling sizga ijobat qilurman” (G‘ofir 60 oyat). Alloh taoloning bu va’dasida xato bo‘lishi mumkin emas. Shu bois chin dildan duo qilish lozim va albatta u maqbul bo‘ladi. Duolarning ijobati turlichadir. Ba’zi vaqtlarda o‘sha so‘ralgan narsasi beriladi Ba’zi vaqtlarda u narsa Alloh taoloning ilmida banda uchun munosib yoki foyda beruvchi bo‘lmaydi. Bas, Alloh taolo undan yaxshi va foydali narsani dunyo yoki oxiratda ato qiladi. Shu tarzda har duoning uch foydasi bor: 1. Duo qabul bo‘lishi bilan murod hosil bo‘lib, so‘ralgan narsani ayni o‘zi yoki u uchun foydali bo‘lgani beriladi; 2. Har duoga savob beriladi; 3. Duo qancha ko‘p qilinsa, shuncha Alloh taolo bilan aloqasi ortib boradi. Shundan tushuniladiki, ijobat qilish faqat so‘ragan narsasini o‘zini berish bo‘lib qolmay, balki gohida so‘ragani, gohida so‘raganidan boshqa, lekin banda uchun foydali bo‘lgani, gohida so‘ragan narsasi bu dunyoda berilmay, oxiratiga zaxira qilish bilan bo‘ladi.  Duo qiluvchining odobiga qiblaga yuzlanish, qo‘lni ko‘tarish, til bilan qilish va eng birinchi hamdu sano va durudu sharif o‘qish kirsada, agar uning imkoni bo‘lmasa, usiz ham duo qilish joizdir. Shuning uchun Alloh taolo duo qilishni shunday oson qildiki, har vaqt va har joyda va har holatda so‘rash mumkin bo‘ladi. Agar til bilan so‘rash o‘rni bo‘lmasa (masalan, hojatxonada yoki boshqa joyda), qalbdan so‘rash ham mumkin bo‘ladi. Duoda katta-katta narsalarni so‘rash zarur emas, balki katta, kichik hojatlarini ham Alloh taolodan so‘rash lozim. Shu darajadaki, hadislarda kelishicha, “oyoq kiyimingiz tasmasi uzilsa ham, Alloh taolodan so‘ranglar” deyilgan. (Termiziy). Shu bois duo qilishni odatga aylantirish lozim. Juda kichik hojatga ro‘baro‘ kelinganda ham uni Alloh taolodan so‘rashi lozim. Arzimagan biror mashaqqat bo‘lsa, uni ketkazishni ham Alloh taolodan so‘rash lozim. Xuddi bolaga qachon bir muammo ro‘baro‘ kelsa yoki biror kichik mashaqqat etsa, onasiga talpingani kabi insonga ham biror tashvish etsa, Alloh taologa duo qilishi lozim bo‘ladi. Hamma vaqt Allohgi bog‘lanish bilan Allohning huzuridagi martabasi ko‘tarilib boraveradi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:17 | Savol-javoblar | 142 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar