Namozdan so‘ng joylarni o‘zgartirish

Assalamu alaykum! Ustozlar mening savolim : imom peshin, shom va xufton namozlarini o‘qib bo‘lgach qavmdan kimdir uning yoniga o‘tib sunnat namozini ado etadi. Mana shu holatga shariatmizda ko‘rsatma bormi? Imom mehrobda sunnatni o‘zi o‘qisa bo‘lmaydimi? Yoki bu ish yurtimizda odat bo‘lib qolganmi? Bu masalani kitoblardan topolmadim, sizlarda imkoniyat ko‘p. Iltimos batafsil yoritib bering 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Ramliy “Nihoyatul muhtoj” kitobida : “Farz yoki nafl o‘qigan kishiga sajda o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida joyini o‘zgartirib olishi sunnat hisoblanadi. Chunki har bir o‘rin uning foydasiga guvohlik beradi. Shu bilan birga bunda har bir joyni ibodat bilan tiriltirish degan narsa bor. Agar o‘rnidan siljib olmasa ikki namozning o‘rtasini zikr bilan ajratadi”. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda : “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam : “Biringiz namoz o‘qib bo‘lganidan keyin oldinga yoki orqaga, o‘ng yoki chap tomonga siljib olishdan ojiz bo‘ladimi?” deganlar”. (Abu Dovud, ibni Moja). Mug‘iyra ibni Sho‘’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam : “Imom farzni o‘qigan joyidan siljimasidan oldin nafl namoz o‘qimasin” deganlar. (Abu Dovud, ibni Moja). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:19 | Savol-javoblar | 170 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar