Ukrainadan kelayotgan tovuqlar

Assalamu alaykum! Hurmatli "Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati. Savolim shunday: Hozir Ukraina davlatidan kelayotgan “halol” tovuqlar bozorimizda ko‘payib ketdi. U tovuqlarning halolligini so‘rasangiz Ukrainadagi "Al-sadik al-amin" Islom tashkilotining shu tovuq mahsulotining halolligini tasdiqlovchi xatini ko‘rsatadi. Unda muxr va imzo qo‘yilgan. Shu tovuq mahsulotlarini iste’mol qilsa bo‘ladimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda ikki narsani asosiy qoida qilib olingan. Birinchisi : Asli harom bo‘lgan narsani, shar’iy yo‘l bilan halol qilinganligi sobit bo‘lmagunicha, u haromligicha qoladi.  Masalan : Go‘shti eyiladigan hayvonlar shariatga muvofiq so‘yilmasa, ulardagi oquvchi qon chiqib ketmaganligi va Allohning ismlaridan birortasi zikr qilgani topilmagani uchun u haromligicha qoladi. Tasmiya aytib so‘yilgani sobit bo‘lgach, halolga hukm qilinadi. Ikkinchisi : Asli halol bo‘lgan narsalar biror yo‘l bilan harom qilinganligi sobit bo‘lmasa, halolligicha qoladi. IXTIYoRIY SO‘YISh
Bu so‘yish ham ikki qismga bo‘linadi.
Zabh va nahr.
Zabh –avdojlarning hammasi yoki ba’zisini kesish. Bu borada mazhablar ixtilof vilishgan.
Avdojlar to‘rtta bo‘lib, ular xalqum ya’ni nafas yo‘li, qizilo‘ngach ya’ni ovqat yo‘li va ikki vena qon tomirlari. Shulardan hammasi yoki ba’zisi kesilsa zabh qilingan bo‘ladi.
Abu Hanifa rohimahulloh yuqoridagi to‘rttadan qaysidir uchtasi kesilsa, hayvon halol bo‘ladi degan.
Abu Yusuf rohimahulloh halqum, qizilo‘ngach va ikki tomirdan biri kesilmasa halol bo‘lmaydi degan.

 ZABH QILISh ShARTLARI
Zabh qilish shartlari uchta bo‘lib, ba’zisi so‘yiladigan hayvonga ba’zisi so‘yuvchiga va ba’zisi so‘yish quroliga tegishlidir.

SO‘YILUVChI HAYVONDAGI ShARTLAR
So‘yiluvchi hayvonda uchta shart topilishi kerak.
1. So‘yiladigan vaqtda tirik bo‘lishi kerak.
2. Jonining chiqishi faqat so‘yish tufayli bo‘lishi kerak.
3. Makkai mukarramadagi haramning ov hayvoni bo‘lmasligi kerak.
Ba’zi mazhab sohiblari tuya kabi nahr qilinadigan hayvon bo‘lmasligini ham shart qilishgan. Lekin hanafiylar nazdida tuyani nahr qilish mustahab bo‘lib, agar uni zabh qilinsa makruh bo‘ladi. TASMIYaNING ShARTLARI
Tasmiyada to‘rt narsa shart qilinadi.
1. Tasmiyani so‘yuvchi aytmog‘i. Agar so‘yuvchi tasmiyani aytmay yonidagilar aytadigan bo‘lsa, so‘yilgan hayvon halol bo‘lmaydi.
2. So‘yilayotgan hayvonga tasmiya aytmog‘i. Agar ish boshlash maqsadida tasmiyani aytsa yoki etkazganiga shukr qilib alhamdulillah yoki subhanalloh, laa ilaaha illalloh, Allohu akbar desayu hayvonni so‘yish tasmiyasini aytmasa, halol bo‘lmaydi. tasmiya aytishdan maqsad Alloh taoloni ulug‘lashdir. TASMIYa AYTISh VAQTI
Ixtiyoriy so‘yishda ayni so‘yayotgan vaqtda tasmiyani aytish shartdir. Avval tasmiyani aytib, so‘ng boshqa ishga mashg‘ul bo‘lib, keyin so‘ysa joiz bo‘lmaydi. Lekin boshqa ish pichoqni boshqasiga almashtirish, choy ichish yoki so‘yishga tegishli mahkam ushla, u qil bu qil kabi gapirish bo‘lsa oz bo‘lsa, zarari yo‘q.
Qo‘yni so‘yish uchun yotqizib, tasmiyani aytsa, so‘ng biror insonga gapirsa yoki suv ichsa yoki pichoqni o‘tkirlasa yoki biror luqma taom esa yoki shu kabi ko‘p bo‘lmagan ishni qilsa, aytgan tasmiyasi bilan hayvon halol bo‘ladi. Ko‘p gapirsa va so‘yishdan boshqa qilgan ishi ko‘payib ketsa uni eyish makruh bo‘ladi. Kam ko‘plikning chegarasi yo‘q. Balki odatga qaraladi. Odamlar ko‘p gapirib yoki boshqa ishga chalg‘ib qolding deyishsa, ko‘p hisoblanadi. Agar ko‘p bo‘lmadi desalar kam hisoblanadi.
Savol: Yahudiy va nasorolarning so‘ygani halol bo‘ladimi?
Javob: Alloh taolo Qur’oni karimda ahli kitoblarning so‘yganini halol qilgan. Lekin bu hukm mutlaq emas.
1. Ular Alloh taoloning isminigina tilga olishlari shart.
2. Undan boshqa Masih yoki Uzayr alayhimus salomlarning nomlarini tilga olmasliklari ham shart.
3. Zabh yoki nahr qilishlari shart. Imkoni bo‘laturib to‘g‘ri kelgan joyiga pichoq urib so‘ysa yoki boshqa yo‘l bilan o‘ldirsa joiz emas.
4. Ular nomigagina yahudiy va nasoro bo‘lib, dinidan qaytgan dahriy bo‘lmasligi shart. Agar yuqoridagi shartlar topilsa iste’mol qilsa bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:29 | Savol-javoblar | 137 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar