Bu seriallar millatni buzmoqda

Assalomu alaykum! Hozirgi ko‘pchilik tomosha qilayotgan seriallarni ko‘rib odamlarga yomon ta’sir qilmoqda. Ulardan afsuski ko‘pchilik “ibrat” olmoqda. Meni qiynayotgan narsa oyimlar bir hind serialini ko‘radilar unda haykalga sig‘inadigan joyi ko‘p. Jiyanim 4 yosh bir kuni qarasam u kinodan o‘rganganini kaftlarini bir biriga qo‘yib o‘zicha ibodat qilyapti. Bunday ish yomonligini tushuntirdim, shuning uchun televizorlarda islomiy kinolardan qo‘ysa yaxshi bo‘lardi, chunki ko‘pchilik TV tomosha qiladi. Javobni telegramdagi saxifangizga ham joylashtirsangiz ko‘pchilik xulosa olardi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Afsuski hozir to‘g‘rilanishi kerak bo‘lgan dolzarb mavzulardan yana biri shu edi. Shunday allomalar yurti bo‘lgan joylarda odamlar allomalarimizdan emas, balki ajdodlarimiz qattiq qaytargan narsalardan ibrat olishi achinarli holat. Ya’ni odamlar dinimiz qaytargan narsalardan ibrat olishmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “qiyomatga yaqin munkar ishlar ma’ruf, ma’ruf ishlar munkar sanalib qoladi” deganlar. Qolaversa g‘ayridinlarning ibodat amallarini musulmon kishi qaytarishi juda yomon oqibatlarga olib keladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ تَشَبَّهَ بِقَوْمٍ فَهُوَ مِنْهُمْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَلِأَبِي دَاوُدَ وَالطَّبَرَانِيِّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Kim bir qavmga taqlid qilsa, u o‘shalardandir», deyilgan. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Abu Dovud va Tabaroniy qilgan rivoyati. Sharh: O‘z qavmi, o‘z dini va urf-odati turib, boshqalarning turmush tarzini, kiyinish va hayotdagi boshqa narsalarini ustun qo‘yib, jon-jahdi bilan ularga o‘xshashga harakat qilish odamga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. O‘sha odam «har kimga niyatiga yarasha» qoidasiga binoan o‘zi taqlid qilgan qavmdan bo‘ladi. Kofirlarga o‘xshashni orzu qilib uringan bo‘lsa, kofirlardan bo‘ladi. Fojirlarga o‘xshashga harakat qilgan bo‘lsa, fojir bo‘ladi va hokazo... Islom ummati Alloh taolo yuborgan ta’limotlarning eng mukammaliga, har bir zamon va har bir makonga munosib ta’limotga ravo ko‘rilgan ummatdir. Alloh taolo bu ummatni boshqa barcha ummatlar ustidan shohid qilib qo‘ygandir. Alloh taolo bu ummatga har bir narsada o‘ziga xoslikni berib qo‘ygandir. Shuning uchun ham bu ummatga o‘zidan boshqalarga o‘xshashga harakat qilish, o‘ziga Alloh taolo osmondan tushirib bergan narsani qo‘yib, boshqa millatlar erdan chiqargan narsalarga havas qilish mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘rib turibmizki, bunda faqat kiyim haqida emas, balki umuman tashqi qiyofani qanday tutish kerakligi haqida ham so‘z ketmoqda. Demak, tashqi qiyofa madaniyatida ham har kim o‘zligini unutmasligi kerak. Erkak kishi erkakligini, ayol kishi ayolligini. Musulmon musulmonligini. Xuddi shuningdek, musulmonlar boshqa millatlarga xos bo‘lgan, ularni musulmonlardan ajratib turadigan narsalarda ularga taqlid qilmasliklari lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 17:54 | Savol-javoblar | 182 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar