U qanday namoz edi?

Savollarni ko‘rib, o‘qib bir birodarimiz so‘ragan hadisni ko‘rib qoldim. U Abbos ibn Abdulmuttalib (r.a): “Payg‘ambarimiz (s.a.v) dan rivoyat qilgan hadisda: “Ey amaki sizga ato qilayinmi, sizga sahovat qilayinmi, sizni o‘zimga xos qilayinmi, sizga 10 ta hislatni (yaxshi amalni) qildirayinmi? Agar shu amalni qilsangiz, Alloh sizni avvalgi va oxirgi, qadimgi va yangi, qasddan qilingan va xato qilingan, kichik va katta, maxfiy va oshkora qilingan gunohlaringizni kechiradi” deb to‘rt rak’atli nafl namozni o‘rgatgan ekanlar. Bu hadisda qaysi namoz o‘rgatilgani aytiladi? Ya’ni bu qanday namoz? Bu haqida to‘liq ma’lumot bering iltimos.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
TASBEhLAR NAMOZI عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ t: أَنَّ رَسُولَ اللهِ r قَالَ لِلْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ: يَا عَبَّاسُ يَا عَمَّاهُ، أَلَا أُعْطِيكَ، أَلَا أَمْنَحُكَ، أَلَا أَحْبُوكَ، أَلَا أَفْعَلُ بِكَ عَشْرَ خِصَالٍ إِذَا أَنْتَ فَعَلْتَ ذَلِكَ غَفَرَ اللهُ لَكَ ذَنْبَكَ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، قَدِيمَهُ وَحَدِيثَهُ، خَطَأَهُ وَعَمْدَهُ، صَغِيرَهُ وَكَبِيرَهُ، سِرَّهُ وَعَلَانِيَتَهُ، عَشْرُ خِصَالٍ أَنْ تُصَلِّيَ أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ، تَقْرَأُ فِي كُلِّ رَكْعَةٍ فَاتِحَةَ الْكِتَابِ وَسُورَةً، فَإِذَا فَرَغْتَ مِنَ الْقِرَاءَةِ فِي أَوَّلِ رَكْعَةٍ وَأَنْتَ قَائِمٌ قُلْتَ: سُبْحَانَ اللهِ وَالْحَمْدُ ِللهِ وَلَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَاللهُ أَكْبَرُ خَمْسَ عَشْرَةَ مَرَّةً، ثُمَّ تَرْكَعُ فَتَقُولُهَا وَأَنْتَ رَاكِعٌ عَشْرًا، ثُمَّ تَرْفَعُ رَأْسَكَ مِنَ الرُّكُوعِ فَتَقُولُهَا عَشْرًا، ثُمَّ تَهْوِي سَاجِدًا فَتَقُولُهَا وَأَنْتَ سَاجِدٌ عَشْرًا، ثُمَّ تَرْفَعُ رَأْسَكَ مِنَ السُّجُودِ فَتَقُولُهَا عَشْرًا، ثُمَّ تَسْجُدُ فَتَقُولُهَا عَشْرًا، ثُمَّ تَرْفَعُ رَأْسَكَ فَتَقُولُهَا عَشْرًا، فَذَلِكَ خَمْسٌ وَسَبْعُونَ فِي كُلِّ رَكْعَةٍ، تَفْعَلُ ذَلِكَ فِي أَرْبَعِ رَكَعَاتٍ، إِنِ اسْتَطَعْتَ أَنْ تُصَلِّيَهَا فِي كُلِّ يَوْمٍ مَرَّةً فَافْعَلْ، فَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَفِي كُلِّ جُمُعَةٍ مَرَّةً، فَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَفِي كُلِّ شَهْرٍ مَرَّةً، فَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَفِي كُلِّ سَنَةٍ مَرَّةً، فَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَفِي عُمُرِكَ مَرَّةً. وَزِيدَ فِي رِوَايَةٍ: فَإِنَّكَ لَوْ كُنْتَ أَعْظَمَ أَهْلِ الْأَرْضِ ذَنْبًا غُفِرَ لَكَ بِذَلِكَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَعِبَارَتُهُ: فَلَوْ كَانَتْ ذُنُوبُكَ مِثْلَ رَمْلِ عَالِجٍ لَغَفَرَهَا اللهُ لَكَ. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abbos ibn Abdulmuttalibga: «Ey Abbos! Ey amakiginam! Senga ato etaymi? Senga in’om qilaymi? Senga lutf ko‘rsataymi? Seni o‘nta xislatli qilib qo‘yaymi? Sen o‘shalarni qilsang, Alloh sening gunohingni – avvalgisiyu oxirgisini, qadimgisiyu yangisini, xatosiyu qasddanini, kichigiyu kattasini, siriniyu oshkorini mag‘firat qiladi. O‘sha o‘n xislat – to‘rt rak’at namoz o‘qimog‘ing. Har rak’atda Fotihani va bir surani o‘qiysan. Birinchi rak’atda qiroatdan forig‘ bo‘lsang, turgan holingda: «Subhanallohi valhamdu lillahi valaa ilaaha illalohu vallohu akbar» deb o‘n besh marta aytasan. So‘ng ruku’ qilasan va ruku’da turgan holingda ularni o‘n marta aytasan. So‘ngra boshingni ruku’dan ko‘tarib, ularni o‘n marta aytasan. Keyin sajdaga yiqilasan va ularni sajda qilgan holingda o‘n marta aytasan. So‘ng boshingni sajdadan ko‘tarib, ularni o‘n marta aytasan. Keyin sajda qilib, yana o‘n marta aytasan. So‘ng boshingni ko‘tarib (o‘tirib), ularni o‘n marta aytasan. Ana o‘sha bir rak’atda etmish beshtadir. Buni to‘rt rak’atda ham qilasan. Agar bu namozni har kuni o‘qiy olsang, shuni qil. Agar qila olmasang, har Jum’ada bir marta qil. Agar uni ham qila olmasang, har oyda bir marta qil. Agar uni ham qila olmasang, har yili bir marta qil. Agar uni ham qila olmasang, umringda bir marta qil», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «Agar sen er ahlining eng katta gunohkori bo‘lsang ham, albatta, u ila senga mag‘firat qilinur», degan jumla ziyoda qilingan. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziyning iborasida: «Agar gunohlaring qumtepa mislicha bo‘lsa ham Alloh ularni sendan mag‘firat qiladi», deyilgan. Sharh: Ushbu hadisni Abu Dovud va Termiziydan boshqa Ibn Moja, Bayhaqiy, Ibn Xuzayma, Hokim, Ibn Hibbon, Ibn Muborak, Tabaroniy, Xatib, Ojuriy, Abu Sa’iyd as-Sam’aniy, Abu Muso Mananiy va Imom Buxoriy «Juzul Qur’on»da rivoyat qilgan. Ibn Abu as-Sayf al-Yamaniy «Al-lam’a fi rag‘oibi yavmil jumu’a» kitobida Termiziyning quyidagi gaplarini keltiradi: «Tasbehlar namozini Jum’a kuni zavol paytida o‘qish mustahabdir. Birinchi rak’atda Fotihadan keyin Takasurni o‘qiydi, ikkinchisida «Val asr»ni, uchinchisida Kofirunni, to‘rtinchisida Ixlosni o‘qiydi», deb turib, oxirida o‘qiydigan qo‘shimcha duoni ham keltirgan. Abu Usmon al-Xayriy az-Zohid: «Qiyinchiliklar va g‘am-g‘ussalar uchun tasbehlar namozidan yaxshi narsa ko‘rmadim», degan.

26 May 2022, 17:33 | Savol-javoblar | 165 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar