Qur’on xatm qilish to‘g‘risida

Assalamu alaykum! Hurmatli ilm ahllari. Men 18 yildan beri Qur’on o‘qib, yod olib, xatm qilib, farzandlarimga, jigarlarimga va qo‘ni-qo‘shnilarimga Alloh qodir qilgancha o‘rgatib kelmoqdaman. Doim o‘qishimni tajvid kitobidan hamda taniqli qorilarning Qur’on tilovatlaridan o‘rganib, mukammallashtirib turaman. O‘zim 1-2 yilgina ustoz ko‘rganman xolos, u yog‘iga oila va farzandlar bilan bo‘lib borolmaganman. Bir otin “siz xatm o‘qimang. Chunki Qur’onni oxirigacha ustozga topshirmagansiz” deb aytdi. Endi mening ishim nima bo‘ldi? Shuncha yildan beri gunohkor bo‘ldimmi? Xatmilarimni shu joyda to‘xtataymi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Otin oyi sizning o‘qishingizni eshitgan va Qur’onni o‘qishda ma’nolarini buzayotganingiz uchun shunday degan bo‘lsa, u kishi sizga hadisdagi “Mo‘min mo‘minning oynasi” degan hikmatga muvofiq ish qilibdi. Chunki ko‘p o‘rinlarda tajvid bilmagan kishilar ma’noni buzadigan darajada o‘qishadi. Bu albatta yaxshi emas. Shuning uchun Qur’onni yaxshi biladigan masjid imomlaridan tajvidingizni tekshirtirib oling. Avvalgi xatmlaringizga kelinsa, Alloh niyatingizni bilguvchi zod. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:41 | Savol-javoblar | 160 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar