Janozadagi holat

Assalomu alaykum! Ustozlar, janozada mayyit yuvilgandan keyin o‘ralib yuzi ochiq qolganda o‘pib ushlashga, ya’ni xayirlashishga shoshilib harakat qilinadi. Shunda ba’zi odamlar yuvilgandan keyin ushlab o‘pib bo‘lmaydi, tegmanglar deyishadi. Shu rostmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “yuvilgandan keyin ushlab o‘pib bo‘lmaydi” deganlar notug‘ri aytishibdi. Yaxshi gumon qilsak, shu gapni aytganlar biror bir ulug‘ kishini vafotidan o‘likni qiynab qo‘ymaslik maqsadida aytgan bo‘lsa kerak. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: أَقْبَلَ أَبُو بَكْرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَلَى فَرَسِهِ مِنْ مَسْكَنِهِ بِالسُّنْحِ حَتَّى نَزَلَ، فَدَخَلَ الْمَسْجِدَ فَلَمْ يُكَلِّمِ النَّاسَ حَتَّى دَخَلَ عَلَى عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، فَتَيَمَّمَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ مُسَجًّى بِبُرْدِ حِبَرَةٍ، فَكَشَفَ عَنْ وَجْهِهِ، ثُمَّ أَكَبَّ عَلَيْهِ فَقَبَّلَهُ، ثُمَّ بَكَى، فَقَالَ: بِأَبِي أَنْتَ يَا نَبِيَّ اللهِ لَا يَجْمَعُ اللهُ عَلَيْكَ مَوْتَتَيْنِ، أَمَّا الْمَوْتَةُ الَّتِي كُتِبَتْ عَلَيْكَ فَقَدْ مُتَّهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Abu Bakr otiga minib, Sunhdagi makonidan etib kelib, tushdi. So‘ng masjidga kirdi. Odamlarga gapirmasdan, to‘g‘ri Oishaning yoniga kirdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qasd qildi. U zot hibara (chiziqli Yaman choponi)ga o‘rab qo‘yilgan edilar. Bas, u zotning yuzlarini ochdi-da, ustilariga engashib, bo‘sa oldi. So‘ngra yig‘lab turib: «Otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Nabiysi! Alloh sizga ikki o‘limni jam qilmaydi. Sizga bitilgan o‘limni o‘libsiz», dedi». Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Sarvari olam sollallohu alayhi vasallam Rafiqul A’loga intiqol qilgan paytlarida hazrati Abu Bakr Siddiq Sunhda – Madinai munavvaraning yuqori tarafidagi Bani Horis ibn Xazraj degan manzilda edilar. Mash’um xabarni eshitganlaridan keyin tezda keldilar va to‘g‘ri Oisha onamizning hujralariga kirdilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘sha hujrada jon taslim qilgan, sahobai kiromlar u zotning muborak yuzlarini Yamandan kelgan chiziqli hibara deb ataluvchi chopon bilan yopib qo‘ygan edilar. Butun olamning sarvari, oxirgi ilohiy Kitobni Robbul olamiyndan qabul qilib, ummatga omonat bilan etkazgan, o‘sha mo‘’jiz kitobni hayotlarida tatbiq qilib ko‘rsatgan va omonatni ado qilib, risolatni etkazgan buyuk zot kichkina hujrada sokin yotar edilar. U zoti bobarakotning muborak yuzlarini ko‘rib, hazrati Abu Bakr Siddiq chidab tura olmadilar. Engashib, peshonalaridan, yuzlaridan bo‘sa oldilar, qalblari o‘rtanib, yig‘ladilar. «Otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Nabiysi!» dedilar. Abu Bakr Siddiq bu gapni arablarning odatlariga binoan aytgan bo‘lsalar kerak. Bo‘lmasa, ataylab tayyorlanib gapirganlarida, faqat otalari emas, boshqa hamma narsalarni ham fido qilgan bo‘lar edilar. Ha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga dunyodagi hamma narsa fido bo‘lsa ham oz. «Alloh sizga ikki o‘limni jam qilmaydi. Sizga bitilgan o‘limni o‘libsiz», dedi». Bu gaplarni hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga Alloh taoloning O‘zi ilhom qilgan bo‘lsa kerak. Oddiy holatda hech kim bu gapni ayta olmaydi. Chunki Alloh bilan olamni bog‘lovchi vahiyga ega bo‘lgan zotning o‘lib qolishlari hech kimning aqliga sig‘mas edi. Haqiqatda ham hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu bu gaplarni aytayotgan bir paytda boshqa sahobalar Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘limlariga  ishonmayotgan edilar. Ularning ichidan eng botiri, eng uddaburoni – Umar roziyallohu anhu bo‘lsa qilichini chiqarib, hovlida aylanib yurar va «Kim «Muhammad o‘ldi», desa, boshini chopaman, der edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq esa haqiqatni – butun dunyoning ulkan qayg‘usini birinchi bo‘lib anglab etgan edilar. U kishiga Allohning O‘zi ilhom bergan bo‘lsa kerak, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning vafot etishlarini Qur’onda aytib qo‘yganini ham shu kishi birinchi bo‘lib esga oldilar. Hazrati Abu Bakrning «Alloh sizga ikki o‘limni jam qilmaydi», deyishlari ham ayni hikmat edi. Chunki «Payg‘ambar alayhissalom o‘lganlaridan keyin yana tirilib keladilar, ba’zi odamlarning oyoq va qo‘llarini kesadilar», deguvchilar ham bor edi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarini ochib, o‘pishlari ixtiyorsiz qilingan ish emas edi. Bu shariatda ruxsat berilgan ish edi. Agar ruxsat bo‘lmasa, u kishi bunday qilmas edilar. Mayyitning yuzini o‘pish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgan edi. وَعَنْهَا قَالَتْ: رَأَيْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُقَبِّلُ عُثْمَانَ بْنَ مَظْعُونٍ وَهُوَ مَيِّتٌ حَتَّى رَأَيْتُ الدُّمُوعَ تَسِيلُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mayyit holda yotgan Usmon ibn Maz’unni o‘payotganlarini ko‘rdim. Hatto oqayotgan ko‘z yoshlar(i)ni ham ko‘rdim». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Usmon ibn Maz’un Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning emikdosh akalari edi. Ya’ni ikkovlari bir ayolni emgan edilar. Ushbu hadisdan mayyitni o‘pish, ko‘z yoshi oqizib, yig‘lash joiz ekanligi ma’lum bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 19:00 | Savol-javoblar | 141 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar