Suvimiz pokmi?

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Bir birodarimiz ichayotgan va tozalik uchun ishlatayotgan suvimizni ktahlilatsiya va shunga o‘xshash suvlarni qayta ishlov berib yani qanchadir muddat tindirib, har xil dorilar solib qayta ishlab so‘ngra bizlarga beradi, deb qoldi. Meni xavotirga solgan narsa, ajabo, bu suvning hukmi qandoq ekanligi. Shu tariqa berilayotgan suvlar pokmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bunday suvni ishlatish mumkin. Oqava suvlarni tozalagandan keyin ular ila poklanish haqida Allohning yolg‘iz O‘ziga hamd bo‘lsin! Ortidan Nabiy kelmaydigan zot–sayyidimiz va Nabiyyimiz Muhammadga salovotu salom bo‘lsin! Ammo ba’du: Robitatul Olamil Islomiyning Islom Fiqhi Akademiyasi kengashi o‘zining Makkai Mukarramada, 13 Rajab, hijriy 1409 yil, dushanba kunidan to 20 rajab, hijriy 1409 yil, yakshanba kunigacha (melodiy 1989 yil 19 fevraldan melodiy 1989 yil 26 fevralgacha) bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi majlisida oqava suvlarning tozalangandan keyingi hukmi haqidagi savolni ko‘rib chiqdi. U bilan toharat va g‘usl qilib nopoklikni ketkazsa bo‘ladimi? U bilan najosatni ketkazsa bo‘ladimi? Kimyoviy yo‘llar bilan tozalash bo‘yicha shug‘ullanuvchi musulmon, adolatli, sodiqlik va omonatdorlikda ishonchli mutaxassislardan so‘rab-surishtirilgandan keyin, mazkur suvdan najosatni ketkazish to‘rt bosqichda: siziltirib, havodan o‘tkazib, mikroblarni o‘ldirib va xlor bilan zararsizlantirib amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, suvning ta’mida, rangida va hidida najosatning asari qolmaydi. Keyin Akademiya quyidagi qarorni qabul qildi: Agar oqava suvlar zikr qilingan va unga o‘xshash yo‘llar bilan tozalansa hamda ta’mida ham, rangida ham, hidida ham najosatning asari qolmasa, pok suvga aylanadi. U bilan betoharatlikni va najosatni ketkazish joizdir. Bunga asos, ko‘p suvga najosat tushgan bo‘lsa, o‘sha najosatning undan ketishi hamda asari qolmasligi ila u suv poklanadi, degan fiqhiy qoidadir. Sayyidimiz Muhammadga, oila a’zolariga va sahobalariga salovotu salomlar bo‘lsin! Olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin!

26 May 2022, 18:25 | Savol-javoblar | 165 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar