Mavludning hukmi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Mavludning hukmi
Yuqorida barcha mazhablarning ko‘zga ko‘ringan ulamolari ishtirokida bid’atning nimaligini bilib olganimizdan ke-yin mavludning hukmi haqida ikki og‘iz so‘z aytib o‘tsak, ma’qul bo‘lsa kerak.
Bid’atni ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin Qur’-on va Sunnatda yo‘q, dinda yangi paydo bo‘lgan narsa deb ta’riflaydigan yo‘nalishdagi ulamolar gapiga amal qiladiga bo‘lsak, mavlud mandub bid’atlar qatoriga kirishi turgan gap. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, mavlud bid’ati hasana bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘nalishdagi, bid’atni ikki xil ta’rif qilgan va:
«Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Unga yurish bilan Allohga ibodat qilishda mubolag‘a qasd qilinadi.
Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Unga yurishdan shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi», degan ulamolarning gapini oladigan bo‘lsak, mavlud umuman bid’at bo‘lmaydi. Chunki hech kim, hech qachon mavludni dinning javhariga oid narsa demagan va demaydi ham.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ta’rifga bi-noan mavlud bid’at bo‘lmasa, nima bo‘ladi, degan haqli savol yuzaga kelishi turgan gap.
Har birimiz dunyo sobit va o‘zgaruvchan narsalardan iboratligini yaxshi bilamiz. U sobit narsalarning saboti va o‘zgaruvchan narsalarning o‘zgarishi bilan obod. O‘zimiz yashab turgan er kurasini olib ko‘raylik. Unda katta, ma’lum va mashhur ummonlar, quruqliklar, dengizlar va yuksak tog‘lar bor. Ular sobit turadilar. O‘zgaruvchan bo‘lsalar, bo‘lmaydi.
Shuningdek, mazkur narsalar bilan birga yana soy va daryolar, kichik daraxtzorlar, er maydonlari va hokazolar bor. Ular o‘zgarib turadi. Chunki hayot o‘zi shuni taqozo qiladi. Dunyo ularning o‘zgarishi bilan obod.
Xuddi shuningdek, dinda ham sobit narsalar bor. Ular o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin emas. Masalan, aqiyda masalalari. Bugun Allohga yoki boshqa iymon keltirish lozim bo‘lgan narsalarga ishonib turib, keyin uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuningdek, dinning rukni hisoblangan, asosini tashkil etgan narsalar ham sobit bo‘ladi. Bundoq masalalarni Alloh taolo O‘zi batafsil bayon qilib, insonning aralashuviga yo‘l qo‘ymagan.
Hayot o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan masalalarni esa bo‘sh qo‘yib, musulmonlar aqllarini ishlatib, ijtihod qilishlariga yo‘l ochib bergan. Fiqh ulamolari asosan xuddi shu masalalarda ijtihod qiladilar.
Ulug‘ mujtahidlarimiz Qur’oni Karim va Sunnati nabaviya asosida, shariat qoidalarini mahkam tutish bilan birga, har zamon va makonga salohiyati bor Islom dinining g‘oyalari, maqsadlari, insonlarning imkonlari va ehtiyojlarini ham hisobga olib ish yuritganlar. Mazkur ta’limotlar asosida quyidagi manbalar asosida ijtihod qilish qoidalarini ishlab chiqqanlar:
1. Qur’on.
2. Sunnat.
3. Ijmo’.
4. Qiyos.
5. Istehson.
6. Shar’u man qoblana.
7. Masolihul mursala.
8. Urf.
9. Mazhabus sahobiy.
10. Istishob.
Bu manbalarning keyingi sakkiztasi avvalgi ikkitasiga bog‘liq, ikkovlaridagi ta’limotlar asosida bo‘ladi. Avvalgi to‘rttasida barcha faqihlar ittifoq qilganlar va ularni shu tartibda manba deb olganlar. Qolganlarida ixtilof bor. Ba’zilarini olib, qolganlarini olmaganlar ham bor.
Albatta, hozir biz mazkur manbalarning tafsilotini o‘rganish maqsadida emasmiz. Shuning uchun o‘zimizga kerak mavzu-mavlud qaysi manba asosida joriy bo‘lgan degan savolga javob axtaramiz.
Ulamolarimiz mavlud «Masolihul mursala» asosida amal qilingan narsadir, deydilar. «Masolihul mursala»ning lug‘atdagi ma’nosi «erkin qo‘yilgan manfaatlar» desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
«Masolihul mursala»ning usuli fiqh ilmidagi istilohiy ma’nosini bilib olish uchun bir oz muqaddima qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Islom shariatning barcha ta’limotlari uch xil manfaatni ko‘zlagan bo‘ladi:
1. Zararli narsalarni qaytarish.
Bunga erishish uchun besh zaruriy narsani: din, mol, jon, obro‘ va aqlni muhofaza qiladigan ta’limotlar va qonun-qoidalar joriy qilingan.
2. Foydali narsalarni jalb qilish.
Bunga erishish uchun hayotda hojat tushib turadigan ibodat va muomalot kabi ishlarda odamlardan ortiqcha qiyinchilikni ko‘tarish bo‘yicha ta’limotlar joriy qilingan.
3. Karamli axloqlar va go‘zal ko‘rinishlar taqozosi bo‘yicha yurish.
Bunga erishish uchun tahsiyniyot–yaxshilovchi hukmlar joriy qilingan.
Ushbu uch turli manfaatlarni shariat e’tiborga olishi yoki olmasligi bo‘yicha uch yo‘nalish bor.
1. E’tiborli manfaatlar.
Bularni shariat e’tiborga olib, ularni saqlash borasida tadbir-choralar ko‘rgan. Misol uchun, besh zaruriy narsani: din, mol, jon, obro‘ va aqlni muhofaza qilish uchun ularga tajovuz qiladiganlarga qarshi jazolarni belgilagan.
2. E’tiborsiz manfaatlar.
Bularda ba’zi bir manfaat bo‘lishi mumkin. Ammo zarari manfaatidan ko‘p bo‘lgani uchun o‘sha oz manfaati e’tiborga olinmagan. Misol uchun, qimor va xamrda pul topish manfaati bor. Ammo bu ikki narsaning zarari foydasidan ko‘p. Shuning uchun shariatda ularning ozgina foydasida voz kechilgan.
3. Erkin qo‘yilgan manfaatlar.
Bular haqida shariatda ma’lum bir ko‘rsatma yo‘q. Ularni qiyos qiladigan hujjat va dalil ham yo‘q.
Erkin qo‘yilgan manfaatlar ibodatlarda bo‘lishi mumkin emasligiga hamma ittifoq qilgan. Ammo ibodatlardan boshqada «Masolihul mursala»–«Erkin qo‘yilgan manfaatlar»ni hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhablari shariat manbalaridan biri deb qabul qilganlar.
Xulosasini aytadigan bo‘lsak, barcha faqihlar «Masolihul mursala»ni e’tiborga oladilar va uni ishlatadilar.
Zotan, shariatning asosiy maqsadi bandalarning ikki dunyodagi saodatlarini ta’minlashdir. Qur’on va Sunnatdagi barcha hukmlar ayni shu maqsadda joriy qilingan. Bandalarning mayda-chuyda manfaatlari esa tugamaydi. Vaqt o‘tishi bilan yangilanib turishi ham bor. Shuning uchun shariat bular uchun ochiq maydon qoldirib qo‘ygan. Qur’on va Sunnatda zikr qilinmagan masalalarni ulardan olingan qoidalar asosida ummatning ulamolari hal qilib boraveradilar. Ulamolar bunda Islomning foydani jalb qilish, zararni daf qilish qoidasini mahkam tutadilar. Bu jarayon qadimdan bo‘lib kelmoqda.
«Masolihul mursala»ning shariat manbalaridan biri bo‘lishi uchun uchta shart qo‘yilgan:
1. Shariat maqsadlariga muvofiq bo‘lishi.
«Masolihul mursala» asosida joriy bo‘layotgan ish shariatning asl qoidalariga va dalillariga xilof bo‘lmasligi shart.
2. Ma’nosinig oxirigacha aql etadigan va yo‘nalishi batafsil idrok qilinadigan bo‘lishi.
«Masolihul mursala» tahorat, namoz, ro‘za kabi ma’nosining oxirigacha aql etmaydigan va yo‘nalishi batafsil idrok qilish imkoni yo‘q ibodatlarda joriy qilinmaydi.
3. Zaruriy narsalarni muhofaza qilishga qaratilgan bo‘lishi.
«Masolihul mursala» din, mol, jon, obro‘ va aql kabi zaruriy narsalarni mu-hofaza qilishga yoki dinda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarni bartaraf qilishga qaratilgan bo‘lishi shart.
«Masolihul mursala» asosida qabul qilingan eng mashhur amallarga usulul fiqh ulamolari Qur’oni Karimni jamlab kitob holiga keltirish, devonlarni tashkil qilish, juma namozida imom minbarga chiqqanda aytiladigan azondan avval bir azon aytish, hibsxonalar qilish kabi ishlarni misol qilib keltiradilar. Jumladan, mavlud ham keyinroq «Masolihul mursala» asosida joriy bo‘lgan narsalardan biridir.
26 May 2022, 20:47 | Savol-javoblar | 168 | Siyrat va tarix