Bolaning qulog‘iga azon aytilishi

Assalomu alaykum! Ko‘p manbalardan eshitib bilishimcha, oilada farzand tug‘ilganidan keyin uning qulog‘iga azon chaqirilib ismini aytilishi kerak deb bilardim. Yaqinda bir qori akamiz “bu bo‘lmagan gap Allohni kitobi bitta, muqaddas Qur’oni Karimda bu haqida hech nima yozilmagan” dedi. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hadislarda ochiq-oydin kelib turgan bo‘lsa, o‘zicha gapirgan bo‘lsa gapi e’tiborga olinmaydi. عَنْ أَبِي رَافِعٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَذَّنَ بِالصَّلَاةِ فِي أُذُنِ الْحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ حِينَ وَلَدَتْهُ فَاطِمَةُ رَضِي اللهُ عَنْها. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ  Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima (roziyallohu anho)ning tuqqan bolasi Hasan ibn Ali roziyallohu anhumning qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy sahih, degan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifga binoan, yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytish mandubdir. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa Allohning zikri bo‘lishi qanday ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.
Rivoyatlardan birida:
«Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmas», deyilgan.
Ummu Sibyon – bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:48 | Savol-javoblar | 133 | Bola tarbiyasi
|
Boshqa savol-javoblar