Bolaga qasam ichish

Assalomu alaykum! Yangam bolalarini o‘rtaga qo‘yib qasam ichib pul topib berishimni iltimos qildi. Men topib berdim. 4oydan beri pulni bermayapti. Pul bergan odam pulni ber deyiyapti. Yangamga nima deyish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh azza va jalladan boshqa narsa bilan qasam ichish ham gunohi kabira hisoblanadi. Masalan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam,farishtalar, Ka’ba, osmon, suv, hayot, omonat, jon, bosh va shu kabi narsalar bilan qasam ichish mumkin emas.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh sizlarni otalaringiz bilan qasam ichishdan qaytaradi. Kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki jim bo‘lsin», degan (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Boshqa bir sahih hadisda esa: «Bas, kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, faqat Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki sukut saqlasin», deyilgan.
Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tog‘utlar bilan ham, ota-bobolaringiz bilan ham qasam ichmanglar», dedilar» (Muslim rivoyati).
Tog‘utlar – shayton va but-sanamlar.
Burayda roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim omonat bilan qasam ichsa, u bizdan emas», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki qasam ichib: «Men Islomdan begonaman», desa va u agar yolg‘on gapirgan bo‘lsa ham,rost gapirgan bo‘lsa ham, aytganidekdir. Agar gapi rost bo‘lsa, u Islomga sira salomat holida qaytmaydi», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhu bir kishining: «Ka’baga qasamki», deganini eshitib qolib: «Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichma. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichsa, kufr yoki shirk keltiribdi», deganlarini eshitganman», dedilar.
Ayrim ulamolar mazkur hadisdagi: «Kufr yokishirk keltiribdi» jumlasini mubolag‘a deb tafsir qilishgan. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Riyoning ozginasi ham shirkdir» hadisi shariflariga monanddir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimkiqasam ichib turib: «Lot va Uzzoga qasamki» deb yuborsa, u darhol: «La ilaha illalloh» desin», deganlar. (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Ayrim sahobalar Islomga endi kirgan vaqtlarida, tillari o‘rganib qolgani uchun shunday qasam ichib yuborar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga o‘zlari bilmagan holda aytib yuborgan so‘zlariga kafforat bo‘lishi uchun darhol: «La ilaha illaloh», deyishni buyurar edilar. Tafviq Allohdan. Vallohu a’lam!«Gunohi kabiralar» kitobidan

6 May 2022, 05:51 | Savol-javoblar | 195 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar