Do‘stimni menga bergan savoli

Assalomu alaykum! Ustozlar, meni bir do‘stim «Senga kim ustun ota-onangmi yoki Payg‘ambarimizmi?» degan savol bergandi. Men qaysi biri to‘g‘ri javobligini bilmay ota-onam deb yuboribman. U esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohdan keyin o‘rinda turadilar deb inkor qildi.  Savolim shuki do‘stimni gapi to‘g‘rimi? Savotsizligimdan uzr so‘rayman ustozlar. Rahmat javobingiz uchun.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, hech biringiz unga otasiyu bolasidan sevimli bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmas», dedilar». عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَحَدَّثَنَا آدَمُ قَالَ: حَدَّثَنَا شُعْبَةُ، عَنْ قَتَادَةَ، عَنْ أَنَسٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hech biringiz unga otasiyu bolasidan va barcha odamlardan sevimli bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmas», dedilar». Izoh: Bu hadislardagi «mo‘min»dan murod komil mo‘min ekani haqida Ahli Sunna va jamoa ulamolari ittifoq qilishgan. Bu haqda «Umdatul Qoriy»da shunday deyiladi: «Bu jumboqqa javob quyidagicha bo‘ladi: «Shori’ (Alloh) kalomida kelgan «iymon» lafzi «iymonning asli» ma’nosida keladi. Bunda quyidagi: «Iymon – Allohga, farishtalariga, Unga yo‘liqishga va elchilariga iymon keltirishing, qayta tirilishga iymon keltirishingdir. Islom esa Allohga ibodat qilishing, Unga shirk keltirmasliging, namozni to‘kis ado etishing, farz zakotni berishing va Ramazon ro‘zasini tutishingdir» hadisi misol bo‘la oladi va iymonda amal birga bo‘lishi e’tiborga olinmaydi». Demak, hadisda zikr qilingan sifatlarga ega bo‘lmagan kishi komil iymon egasi emas. Lekin iymonning yuqoridagi turiga – iymonning asliga ko‘ra, bunday inson mo‘min hisoblanadi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Hazrati Umar roziyallohu anhu ushbu hadisi sharifni eshitganlari zamoni unga amal qilishlarini bildirmoqchi bo‘lib: «Ey Allohning Rasuli, siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz», deganlar. Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Unday bo‘lsa, bo‘lmabdi. O‘zingdan ko‘ra ham bo‘lishi kerak», deganlar. Hazrati Umar darhol: «O‘zimdan ko‘ra ham!», deganlarida u zot alayhissalom: «Ana endi bo‘ldi, ey Umar», deganlar. Ya’ni, ana endi iymoning komil bo‘ldi, deganlar. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 21:56 | Savol-javoblar | 157 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar