Jam’ va farq

Savol: Tasavvufdagi "Jam’" va "Farq" tushunchalari haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
 - Yozilish – bast –mahbubni yoki uning jamolini ko‘rish yaqinlashgani sababli yoki Uning barkamol sifatlaridan, jamolidan hijobni ko‘tarilib Zotining tajalliy bo‘lishidan yoxud sababsiz qalblarni yoki ruhlarni qamrab oladigan xursandlik. - Siqilish – qabz – rag‘bat qilingan narsaning favt bo‘lishi yoki talab qilingan narsaning hosil bo‘lmasligi sababli yoxud hech qanday sababsiz qalbni qamrab oladigan mahzunlik va torlik.    Ushbu ikki narsa (bast va qabz) solikka xuddi kecha va kunduz kabi birin ketin kelib turadi; 1. Ovomlarga xavf g‘olib bo‘lsa siqiladilar va umidvorlik g‘olib bo‘lsa yoziladilar. 2. Xoslarga jamol sifati tajalliy qilsa yoziladilar va jalol sifati tajalliy qilsa siqladilar. 3. Xoslarning xoslariga jamol ham, jalol ham barobardir. Holatlarning o‘zgarishi ularni o‘zgartmaydi. Chunki ular Alloh bilandirlar va Alloh uchundirlar. Undan o‘zga hech narsa uchun emaslar. Alloh taolo bandaga lutf ko‘rsatib uni ag‘yorlardan – O‘zidan boshqalardan chiqarib olib, yolg‘iz O‘ziga ixlos bilan ibodat qilish imkonini bersa, qanday ham yaxshi. O‘ash holatda turgan bandani Alloh taolo qabz va bast (siqilish va yozilishi) orasida tutib turadi. Qachon U Zot bandani qabz – siqilish holatiga olsa, banda xavfda tursa, uni xavf qamrab olsa, bu holatga ko‘nikib qolsa, qalbi kuyib, jismi erib ketmasligi uchun bast - yozilish holatiga chiqaradi.   Qachon U Zot bandani bast – yozilish holatiga olsa, banda xursand bo‘lsa, shodlik uni qamrab olsa, bu holatga ko‘nikib qolsa, beodoblik qilib, hovliqib ketmasligi uchun qabz - siqilish holatiga oladi. Chunki bast – yozilish holatida odob bilan turish ozlargagina nasib qiladi, xolos. Shunday qilib Alloh taolo bandani jaloli va jamoli orasida olib turadi. Qachon banda U Zotning jaloliga shohid bo‘lsa siqilish holatiga o‘tadi. Qachon banda U Zotning jamoliga shohid bo‘lsa yozilish holatiga o‘tadi.   Alloh taoloning jaloli U Zotning go‘zal ismlaridan Muhaymin-hamma narsani qamrab oluvchi, Jabbor-oliy qadar, ulug‘, Qahhor-barcha maxluqotlarni qabzasida tutib, ularni O‘z hukmiga yuritib va qudrati ila bo‘ysundirib turuvchi, Muntaqim-intiqom oluvchi, Roqiyb-hech bir zarrani ham qo‘ymay muroqaba qilib turuvchi, Qaviy-o‘ta quvvatli, Matiyn-o‘ta matonatli,   Mutakabbir-kibriyosi va ulug‘ligi mubolag‘ali kabi ismlarida namoyon bo‘lgandir. Alloh taoloning jaloli Qur’oni Karimning ba’zi oyatlarida ham sifatlangandir. Alloh taolo "Fotir" surasida marhamat qiladi:    “Agar Alloh odamlarni qilganlariga yarasha oladigan bo‘lsa, er yuzida birorta jonzotni qo‘ymas edi. Lekin ularni belgilangan muddatgacha qo‘yib qo‘yur. O‘sha ajallari kelganda esa. . . Bas, albatta, Alloh bandalarini ko‘rib turuvchidir”, - (45-oyat). Ushbu oyatda Allohning jaloli yaqqol ko‘zga ko‘rinmoqda. Shunchalik ilmi va qudrati bo‘lsa ham, gunohkor bandalarini jazolashga shoshilmaydi. «Agar Alloh odamlarni qilganlariga yarasha oladigan bo‘lsa, er yuzida birorta jonzotni qo‘ymas edi». Nafaqat odamlarning o‘zini, balki boshqa jonzotlarni ham qo‘ymas edi. Odam bolasining gunohi tufayli boshqa jonzotlar ham zarar ko‘rishi shundan bilib olinadi. «Lekin ularni belgilangan muddatgacha qo‘yib qo‘yur». O‘sha vaqtgacha rizqlarini terib eb, kunlarini ko‘rib yuraveradilar. «O‘sha ajallari kelganda esa. . . » Alloh taoloning O‘zi biladi. «Bas, albatta, Alloh bandalarini ko‘rib turuvchidir». Shunga binoan, O‘zi bilib, tasarruf qiladi. Alloh taolo "Hud" surasida marhamat qiladi:    “Robbing zolim shahar-qishloqlarni ushlaganida, ana shunday ushlaydir. Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir”, - (102-oyat). Ya’ni «Robbing ahli zulmkor yurtlarni azob ila ushlaganida, mazkur qissalarda kelganidek, qattiq ushlaydi. Turli yo‘llar bilan qutulib bo‘lmaydigan qilib ushlaydi. «Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir». Bu haqiqatni hamma bilib qo‘ymog‘i lozim. Qaysi shahar, qishloq yoki diyor mazkur qavmlarning gunohini takrorlasa, ularga ham o‘shanday azoblar kelishi mumkin. Shuningdek, Alloh taoloning jaloli U Zotning go‘zal ismlaridan Rohman-ulug‘ ne’matlarni beruvchi, Rohiym-latif ne’matlarni beruvchi, G‘affor-ko‘plab mag‘firat qiluvchi, Vahhob-ko‘plab ne’matlarni behisob beruvchi, Razzoq-ko‘plab rizq beruvchi, G‘afur-ko‘plab mag‘firat qiluvchi, Shakur-oz amal uchun ko‘p savob beruvchi kabi ismlarida namoyon bo‘lgandir. Alloh taoloning jamoli Qur’oni Karimning ba’zi oyatlarida ham sifatlangandir. Alloh taolo "Zumar" surasida marhamat qiladi:    “(Mening nomimdan) ayt: «Ey o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», - (53-oyat). Imom Buxoriy Sa’iyd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi? » – deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilgan ekan. Tafsirchi ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bu oyati karima Qur’ondagi eng umidvorlik oyati hisoblanadi. Bu oyatda bandalar uchun eng ulug‘ bashorat bor. Alloh taolo "Toha" surasida marhamat qiladi:   “Albatta, Men tavba qilgan, iymon keltirib, solih amal qilgan, so‘ngra hidoyatda yurganlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchiman”, - (82-oyat). Ushbu ikki oyatga o‘xsha oyatlar Qur’oni Karim anchagina borligi hammaga ma’lum. Musulmon inson Alloh taologa qurbat hosil qilish uchun harakati davomida zikr va nafl ibodatlarni ado etib borar ekan unga gohida Alloh taoloning jaloliga oid sifatlari, gohida U Zotning jamoliga oid sifatlari ustin kelib turishi bordir. Mashoyixlar bandaning Alloh taoloning jaloliga oid sifatlaridan tasirlanishini qabz-siqilish deb nomalaganlar. Alloh taoloning jamoliga oid sifatlaridan tasirlanishini esa bast-yozilish deb nomlaganlar.    Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi ushbu hikmatda mazkur ikki holat va ularning bandaga tasiri hamda oxir-oqibatda erishiladigan natija haqida so‘z yuritmoqda. “Seni yoziltirdi, torlik ila qoldirmasligi uchun. Seni siqiltirdi, kenglik ila tark qilmasligi uchun. Seni ikkisidan chiqardi, Undan boshqa hech narsaga bo‘lmasliging uchun”. Agar Alloh taolo bandani yoziltirmasdan doimo torlikda ushlab tursa, banda malol ko‘rib, noumidlikka tushib qolishi bor. Agar Alloh taolo bandani siqltirmasdan doimo kenglikda ushlab tursa, banda hovliqib ketib, noshukrlikka tushib qolishi bor. Shuning uchun U Zot bandani mazkur ikki holatning orasida ushlab turadi. Buni ovomlar o‘lchovida xavfu rajo deyiladi. Albatta, Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi ushbu hikmatning ma’nosini ham boshqa hikmatlari kabi Qur’oni Karimdan olgan. Alloh taolo "Hijr" surasida marhamat qiladi:   “Bandalarimga xabar bergilki: «Albatta, Mening O‘zim o‘ta mag‘firatlidirman, o‘ta rahmlidirman. Va albatta, azobim, ha, u alamli azobdir», - (49-oyat). Ushbu ikki oyati karima birgalikda Alloh taoloning ham jamol sifatlariga, ham jalol sifatlariga dalolat qilmoqda. Alloh taolo "Qof" surasida marhamat qiladi:   “O‘sha Kunda jahannamga: «To‘ldingmi? » – deymiz va u: «Yana qo‘shimcha bormi? » – der. «QoVa jannat taqvodorlarga uzoq bo‘lmagan joyga yaqinlashtirildi.  Bu sizga va’da qilingan narsadir, har bir sertavbaga va muhofaza qiluvchiga,  Rohmandan g‘oyibona qo‘rqqan va qaytuvchi qalb ila kelgan kimsaga”, - (30-33-oyatlar). Ushbu to‘rt oyati karima ham birgalikda Alloh taoloning ham jamol sifatlariga, ham jalol sifatlariga dalolat qilmoqda. Ushbu shaklda qabz-siqilish va bast-yozilishni birgalikda, xuddi torozining ikki pallasiga o‘xshatib olib borishda, avval ham aytib o‘tilganidk, bandaning ruhiy holatida muvozanatni saqlab turish bordir. Banda bir yo‘la noumid ham bo‘lmaydi yoki bir yo‘la o‘zini qo‘yib ham yubormaydi. Qur’oni Karim bandalarning yaxshi va yomon hislatlarini sifatlashda ham xuddi shunday tavozun ila xitob qiladi. Alloh taolo "Zariyat" surasida marhamat qiladi:    “Ular kechalari oz uxlar edilar. Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar. Va molu mulklarida so‘rovchi va bechoralarning haqqi bordir”, - (17-19-oyatlar). Kechani ibodat bilan bedorlikda o‘tkazib, sahar chog‘ida turib, Allohga istig‘for aytib, gunohidan kechishini so‘rash juda ham fazilatli ish bo‘lib, buni qilgan kishilar xayr-baraka, ulug‘ martabalarga erishadilar. Taqvodorlar so‘ragan va so‘ramagan muhtoj kishilarga o‘z mollaridan ma’lum miqdorda haq ajratib qo‘ygan kishilardir. Albatta, bu kabi sifatlarni o‘qigan yoki eshitgan kishi mazkur taqvodorlarga havas qiladi va ularning safidan joy olishga harakat qiladi. Alloh taolo "Muddassir" surasida marhamat qiladi:    “Ular: «Namoz o‘qiydiganlardan bo‘lmagan edik.  Va miskinlarga taom bermagan edik.  Va botilga sho‘ng‘uvchilar bilan birga sho‘ng‘ir edik.  Va qiyomat kunini yolg‘onga chiqarar edik… toki bizga o‘lim kelgunicha», – derlar”, - (43-47-oyatlar). Albatta, bu kabi nobokorlarning ushbu sifatlarini o‘qigan yoki eshitgan kishi mazkur osiylardan nafrat qiladi va ularning safidan joy olmaslikka harakat qiladi. Shunday qilib mo‘min banda xavfu rajo, qabzu bast orasida borib najot topadi va Alloh taolo inoyatiga olsa, undan ham yuqoriroq martabaga erishishi mumkin bo‘ladi. “Seni ikkisidan chiqardi, Undan boshqa hech narsaga bo‘lmasliging uchun”. Ya’ni, Alloh taolo seni faqat O‘ziga ibodat qilishing uchun qabz va bastdan chiqardi. Bu esa mo‘min banda uchun Alloh taologa qurbat hosil qilish borasidagi harakatning yuqori nuqtasidir. Bu martabaga erishgan banda Alloh taologa muhabbat, ulug‘lash, xavf, mahobat bilan yuzlanishda o‘ziga etadigan ne’matlar va huzur halovatlar, alam va shiddatlarga parvo qilmaydigan bo‘lib qoladi. Chunki Alloh taolodan turli ne’matlar va baxtu saodatlar etganda U Zotga muhabbat, ehtirom bilan yuzlanadigan va mazkur ne’mat va yaxshiliklar uzilib qolganda boshqa holatga tushib qoladigan qalbning muhabbati haqiqiy va musaffo emasligi aniqdir. Xuddi shuningdek, boshiga musibat tushganda, sinovlar kelganda, ishi yurishmaganda Alloh taolodan qo‘rqib, U Zotning mahobatidan hayiqadigan, o‘zini o‘nglashga shoshiladigan va mazkur musibat va sinovlar ketib holat o‘zgarganda o‘zidan ketadigan shaxslarning qalbi ham muxlis qalb bo‘la olmasligi aniqdir. Oddiy holatdan chiqib oriflik darajasiga etgan bandalar Alloh taologa muhabbat qilish, U Zotni ulug‘lash, U Zotning mahobatidan hayiqib, xavfda turishlari uchun yaxshiliklar etishi yoki yomonliklarning ketishi shart emas. Ularning Alloh taologa bo‘lgan muhabbatlari va mahobatlari U Zot Robbilari bo‘lgani va o‘zlari U Zotning bandalari bo‘lgani uchundir. Alloh taolo barchalarimizni yoziltirib, siqiltirib, keyin ikkisidan chiqarib, O‘zidan boshqa hech narsaga bo‘lmasligimiz darajasiga erishtirsin!

26 May 2022, 21:27 | Savol-javoblar | 173 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar