Imom Mahdi zamoni va ohiratning boshqa alomatlari

Assalomu alaykum! Hozirgi axborot asrida ma’lumotlar va resurslar juda katta ahamiyatga ega bo‘lib qoldi . Boshqa tarafdan uni boshqacha talqin qilish yoki o‘zgartirish va yolg‘on axborotlarni tarqatish ham ommalashdi . Shu boyisdan har bir bo‘lyaotgan voqeaga tanqidiy yondoshishni ustun ko‘raman . Mening o‘zim talaba bo‘lib o‘qiyman. Gap shundaki men tarmoqda islom va dinlarga oid juda muhim ma’lumotlarga duch kelmoqdaman . Shu bilan birga o‘z tekshiruvlarimdan kelib chiqib bir oz bo‘lishmoqchiman fikr va mulohazalar bilan. Asosiy manba shundan iboratki buni oddiy yolg‘on deb ham yohud arzimagan narsa deb ham bo‘lmaydi. Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam ma’lumotlarnig ko‘pchiligi shu forumlarda o‘z o‘rnini topgan. Ularni quyidagi havolalarda taqdim etaman: 1. 2022 yili 10 dekabr kunida «Global inqiroz . Biz uchun Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) kim?» deb nom olgan Xalqaro onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi: https://www.youtube.som/watch?v=rfsskifPaXo&t=0s 2. 2023 yili 13 may kunida ’’Global inqiroz. Payg‘ambarimiz Muhammad(sollallohu alayhi va sallam) Ummati.’’ deb nom olgan Xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi: https://www.youtube.som/live/rwLY3mVEty4?feature=share Iltimos qilib so‘rab qolamanki bunga jiddiy qarashni va aqlga tayanib va mohiyat tarafidan tekshirib tanqidiy yondoshishni. Murojaat va takliflarimni inobatga olasizlar degan umiddaman! Ilm olishga ko‘mak berayotganingizdan minnnatdorman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz ishora qilayotgan ushbu kanal va uning materiallari islom dini ta’limotlariga mutlaqo teskaridir. Ularning har biriga birma-bir javob qaytarib o‘tirishga ehtiyoj yo‘q. Aqoid ilmi ulamolari qiyomatning ulkan alomatlari sifatida yuqoridagilarni zikr qiladilar. Ba’zilari yana bir-ikkitasini ham qo‘shadilar. Ammo kishilar o‘rtasida imom Mahdiy haqlarida ko‘p savollar bo‘ladi. Shuning uchun, biz u kishi haqida ham ma’lumot berib o‘tishni lozim topdik. Imom Mahdiyning chiqishlari ham qiyomatning alomatlaridan biri bo‘ladi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu haqidaUmmu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi va sallam:«Bir xalifa o‘lganda ixtilof bo‘ladi. Ahli Madiynadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, o‘zi istamasa ham, uni chiqarib, Rukn va Maqom orasida unga bay’at qiladilar. Unga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Ularni Makka va Madiyna orasidagi sayhonlikda er yutadi. Qachon odamlar o‘shani ko‘rganlarida uning oldiga Shomning Abdollari – avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari keladilar va unga bay’at qiladilar. So‘ngra, qurayshdan tog‘alari Bani Kalbdan bo‘lgan bir kishi chiqadi. Bas, u(Mahdiy) alarga qarshi askar yuboradi va ularga g‘olib keladi. Ana o‘sha Kalbning askaridir. Kalbning o‘ljasiga hozir bo‘lmagan noumiddir. Keyin u (Mahdiy) molni taqsim qiladi va odamlar orasida Nabiylari sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Islom er yuzida qaror topadi. U etti yil qoladi. So‘ng, vafot etadi va musulmonlar uning janozasini o‘qiydilar», – dedilar».Abu Dovud rivoyat qilgan. Abu Sa’iydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiyimizdan keyin biror narsa bo‘lishidan qo‘rqib Nabiyulloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radik. Bas, u zot:«Albatta, mening ummatimda Mahdiy bordir. U chiqib besh yoki etti yoki to‘qqiz yashaydi», – dedilar.«U nima?» – dedik.«Yillar. Unga bir odam kelib «Ey, Mahdiy! Menga ber! Menga ber!» – deydi. U uning kiyimiga ko‘tarishga kuchi etganichani hovuchlab solib beradi», – dedilar».Termiziy rivoyat qilgan.Imom Mahdiy roziyallohu anhu haqlarida musulmon ulamolar orasida qadimdan u kishining oxiri zamonda chiqishlari borasida ko‘pgina bahslar o‘tgan. Bu bahslar natijasi turlicha bo‘lib chiqqan.Shiy’a mazhabidagilar imom Mahdiyni–Mahdiy muntazar-intizor bo‘lib turilgan Mahdiy deyishadi. Ahli sunna va jamoa mazhabidagi ulamolar bu masalada o‘zaro alohida bahs yuritganlar. Ba’zi ulamolar, bu borada kelgan barcha hadislar zaifdir, deganlar. Bular ozchilik bo‘lib, ularning ko‘zga ko‘ringani Ibn Xaldundir.Ko‘pchilik ulamolar, Mahdiy roziyallohu anhu haqidagi hadisi shariflar katta sahobalardan ulug‘ muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan, deydilar. Bu haqdagi hadisi shariflarni Imom Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Tobaroniy, Abu Ya’lo, Bazzoz, imom Ahmad ibn Hanbal, al-Hokim va boshqalar rivoyat qilgan. Ana o‘sha hadisi shariflardan bir qismini yuqorida o‘rganib chiqdik. Ularning ba’zilarida imom Mahdiy roziyallohu anhuning nomlari ochiq-oydin tilga olingan bo‘lsa, boshqalarida ishora qilingan. Ularni solishtirib chiqadigan bo‘lsak, bir necha umumiy xulosalar chiqarishimiz mumkin:Oxiri zamon bo‘lganda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning oli baytlaridan, Hazrati Ali va Bibi Fotima roziyallohu anhumolarning o‘g‘illari imom Hasan roziyallohu anhuning naslidan imom Mahdiy roziyallohu anhu chiqadilar.Imom Mahdiy roziyallohu anhuning chiqishlari quyidagicha bo‘ladi: Bir xalifa o‘lganda musulmonlar o‘rtasida ixtilof bo‘ladi. Ahli Madiynadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, o‘zi istamasa ham, uni chiqarib Rukn va Maqom orasida unga bay’at qiladilar. Ana o‘sha kishi Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar.Imom Mahdiy roziyallohu anhuga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Shomdan yuborilgan askarlarni Makka va Madiyna orasidagi sayhonlikda er yutadi. Qachon odamlar o‘shalarni er yutganini ko‘rganlarida Imom Mahdiy roziyallohu anhuning oldiga Shomning Abdollari–avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari keladilar va unga bay’at qiladilar. So‘ngra, qurayshdan tog‘alari Bani Kalbdan bo‘lgan bir kishi chiqadi. Bas, Imom Mahdiy roziyallohu anhu ularga qarshi askar yuboradi va ularga g‘olib keladi. Keyin Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni taqsim qiladi. So‘ngra, Imom Mahdiy roziyallohu anhu odamlar orasida Nabiylari sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Islom er yuzida qaror topadi. Imom Mahdiy roziyallohu anhu zulm va javrga to‘lgan er yuzini adolat va insofga to‘ldiradi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni sochadi, uni sanamaydi. U kishining davrlarida molu mulk ko‘payib ketganidan va o‘zlari saxiy bo‘lganlaridan shundoq bo‘ladi.Imom Mahdiy roziyallohu anhu xalifa bo‘lgan holda etti yil qoladilar. So‘ng, u kishi vafot etadilar va musulmonlar u zotning janozasini o‘qiydilar. Vallohu a’lam!

16 Dekabr 2023, 10:08 | Savol-javoblar | 0 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar