HAR BIR UY AHLIGA HAR YILI BIR QURBONLIK VA ATIYRA LOZIMDIR

Assalamu alaykum! Qurbonlikka doir ma’lumotlarni o‘rganish asnosida bir hadis o‘qib qoldim. “Kifoya” kitobi 3-juz 394-bet. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ey, odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik va atiyra lozimdir" dedilar. Ushbu hadisdan bir uyda yashovchi bir necha qurbonlik qilishga haqli(masalan ota va o‘g‘illar) kishilardan biri qurbonlik qilsa etarli, boshqalari qilmasa ham bo‘ladi deb xulosa qilsa bo‘ladimi? Hadisdagi "atiyra" so‘zining ma’nosi nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1-Bir necha nisob egalari tarafidan bitta qurbonlik qilish bilan barchalari tarafidan qurbonlik ado bo‘lmaydi. Balki har biri tarafidan bitta qo‘y yoki etti kishi tarafidan bitta qora mol yoki tuya qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. “Atiyra” deb johillik vaqtlarda Rajab oyida so‘yiladigan qurbonlikka aytiladi. Ba’zilar tuya yoki qo‘yning birinchi tuqqan bolasini atiyra der edilar va uni qurbonlik qilar edilar. Ibn Nujaym : “Atiyra johiliyat davri va Islomning avvalida Rajab oyida so‘yiladigan qurbonlik bo‘lib, Iyd kunida qilinadigan qurbonlik bilan mansuh(bekor) qilingan” deganlar.
QURBONLIK KIMLARGA VOJIB Savol: Qurbonlik kimlarning zimmasiga vojib? Javob: qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.
1.Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib kofir unga ahl emas.(Badoe’us sanoe’) 2.Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi. (Al bahrur roiq) 3.Nisob egasi bo‘lish. Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kimda kengchilik bo‘la turib qurbonlik qilmasa aslo namozgohimizga kelmasin.”dedilar . 4.Muqim bo‘lish. Musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:” Musofir zimmasiga qurbonlik vojib emas” (Almuhallo bilasor). Savol: Ota vafot topib , ayoli va balog‘atga etmagan bolalari qolsa va qoldirgan hojati asliyadan tashqari mollari ayolini va farzandlarining har biri alohida alohida nisob egasi bo‘lishiga kifoya qilsa har biriga alohida qurbonlik vojib bo‘ladimi?Javob: Ayoli zimmasiga qurbonlik vojib bo‘lib, balog‘atga etmagan bolalari tarafidan qurbonlik qilishi vojib bo‘lmaydi. Roddul muhtorning qurbonlik kitobida :”ota balog‘atga etmagan bolasining molidan uni nomidan qurbonlik qilmaydi». Savol: Boy odam qurbonlik kunlarida qurbonlik qilmasa uning hukmi nima bo‘ladi? Javob: nisob egasi qurbonlik qilishi vojib. Qurbonlik kunlari o‘tib ketsayu u qurbonlik qilmasa , agar qurbonlik sotib olgan bo‘lsa hohlasin uni tirik holida sadaqa qilsin, hohlasin uning qiymatini sadaqa qilsin. Agar qurbonlik sotib olmagan bo‘lsa o‘rtacha qurbonlikning qiymatini sadaqa qilishi vojib. Savol: Er nikoh vaqtida ayoliga nisob miqdoricha mahrni berishni zimmasiga olgan bo‘lsa . lekin hanuz ayol uni qo‘lga olgan bo‘lmasa mahrga haqdorligi tufayli ayol boy hisoblanib zimmasiga qurbonlik vojib bo‘ladimi? Javob: Ayol erning zimmasidagni mahr bilan boy bo‘lib qolmaydi va zimmasiga qurbonlik ham vojib bo‘llmaydi. Er ham nisobni hisoblayotgan vaqtda xotindan mahr qarzini e’tiborga olmaydi. Ya’ni qurbonlik borasida qarzdor hisoblanmaydi.Savol: Ayol kishi tarafidan eri qurbonlik qilsa bo‘ladimi? Javob: Ayol kishi nisob egasi bo‘lsa zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Uo‘z pulidan qurbonlik qiladi. Agar naqd puli bo‘lmasa eri yoki boshqalardan olib yoki taqinchoqlaridan sotib qurbonlik qiladi. Yoki er ayolning ijozati bilan uning tarafidan qurbonlik qiladi. Agar er ayolining nomidan qurbonlik qilishga ijozat olmasa yoki uni habardor qilmasdan so‘yib yuborsa ayolning qurbonligi ado bo‘lmaydi. Fatavoyi Olamgiriyada “Kishining zimmasiga balog‘atga etgan farzandlari va ayoli tarafidan qurbonlik qilishi vojib emas. Lekin ijozat bersalar joiz.”deyilgan. Savol: Nisob egasi bo‘lmagan kishi uyida boqayotgan qo‘yini qurbonlik qilishni niyat qilgan bo‘lsa–yu muhtoj bo‘lib sotishga to‘g‘ri kelib qolsa nima qiladi? Javob: Qo‘y egasi nisob egasi bo‘ladimi yo bo‘lmaydimi “shu qo‘yni qurbonlik qilaman deb niyat qilgan bo‘lsa zimmasiga qurbonlik lozim bo‘lib qolmaydi. Hohlasa sotadi, hohlasa almashtiradi. Roddul muxtorda “ Bir kishining mulkida qo‘yi yoki moli bo‘lsa-yu uni qurbonlik qilishni niyat qilsa o‘shani qurbonlik qilishi vojib bo‘lib qolmaydi.” deyilgan. Shuningdek hayvon sotib olayotgan paytda uni qurbonlik qilishni niyat qilmasa so‘ng qurbonlik qilishni niyat qilsa o‘shani qurbonlik qilish vojib bo‘lib qolmaydi. Sotib olinayotgan paytda uni qurbonlik qilish niyati topilmagani uchun. Albatta nisob egasi bo‘lmagan kishi qurbonlik kunlarida Qur’onlik qilish niyatida jonvor sotib olsa o‘sha hayvonni qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Agar faqir kishi qurbonlik kunlaridan avval qurbonlik qilish niyatida jonvor sotib olsa o‘shani qurbonlik qilishi vojib emas. Hohlasa sotadi hohlasa almashtiraveradi. Farq qurbonlik qilish niyatida qurbonlik kunlari sotib olish va qurbonlik kunlaridan oldin sotib olishdadir.Savol: Vafot etgan kishi tarafidan qurbonlik qilish afzalmi yoki sadaqa qilish? Javob: Qurbonlik kunlarida vafot etgan kishi tarafidan qurbonlik qilishning savobi ulug‘dir. Chunki sadaqa qilishda molni sarflash qurbonlik qilishda esa molni sarflash bilan birga jonni fido qilish ham bordir. Xulosatul fatavo kitobida “Qurbonlik kunlarida o‘n dirhamga qurbonlik sotib olish o‘n ming dirhamni sadaqa qilishdan afzaldir.Chunki qon oqizish ila hosil bo‘ladigan qurbat saadaqa bilan hosil bo‘lmaydi. Savol: Qurbonlik kunlarida uyida nasl orttirish uchun bo‘lgan molini qurbonlik kunlarida sotib nisob egasiga aylangan kishiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladimi? Javob: Qurbonlik vojitb bo‘lishida oxirgi kun e’tiborga olinadi. Agar qurbonlik qilish kuni chiqib ketmasidan avval faqir boyga, musofir muqimga , kofir musulmonga aylansa(nisob egasi bo‘lish sharti bilan) zimmalariga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Savol: Qurbonlik sotib olsa-yu lekin qurbonlik qila olmasa yoki hayvoni yo‘qolib qolsa nima bo‘ladi? Javob: qurbonlik sotib olsayu biror bir sabab bilan qurbonlik kunlarida uni so‘ya olmasa tirik holida sadaqa qiladi .Agar bilmay uni qurbonlik kunlari o‘tganidan keyin bilmay uni so‘yib qo‘ysa go‘shtini faqirlarga tarqatib yuboradi. Go‘shtidan o‘zi ham oilasi ham emaydi. Agar qurbonlik hayvoni yo‘qolib qolgan bo‘lsa va o‘rniga qurbonlik qila olmagan bo‘lsa boy odam uni qiymatini sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Savol: Bir kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik kuni kelishidan avval vafot topsa merosxo‘rlari nochorligidan uni sotib o‘rniga kichikroq qo‘yni qurbonlik qilsa bo‘ladimi? Javob: ushbu suratda marhum vafot etgach uning qo‘yi merosxo‘rlarning haqqiga aylanadi. Agar merosxo‘rlarning hammasi balog‘atga etgan bo‘lib oralarida balog‘atga etmagan merosxo‘ri bo‘lmasa o‘z roziliklari bilan marhum tarafidan qurbonlik qilishlari mumkin. Hohlasalar uni sotib o‘rniga boshqasini ham qurbonlik qilishlari mumkin. Agar oralarida balog‘atga etmagani bo‘lsa marhum qoldirgan qo‘yda uning ham hissasi bo‘ladi. U rozi bo‘lgan taqdirda ham etimning haqqi bo‘lgani va balog‘atga etmagan bolaning roziligi e’tiborli bo‘lmagani uchun joiz bo‘lmaydi. Savol: Bir necha yildan beri nisob egasi bo‘lgan kishi o‘sha yillarda qurbonlik qilmagan bo‘lsa qazosini qanday ado qiladi.? Javob: Qurbonlik qilmaganligi uchun Alloh taologa tavba qiladi va necha yil qurbonlik qilmagan bo‘lsa har yil evaziga o‘rtacha bir qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Savol: Bir kishi mol olib ettidan bir qismini otasi tarafidan qurbonlik qilsa bo‘ladimi? Va uning go‘shtini g‘urabolarga taqsim qilish vojibmi? Javob: molning ettidan bir qismini ota tomonidan unga savobini bag‘ishlash uchun ettidan birini tayin qilish joiz. Go‘shtini faqat g‘ariblarga berish shart emas o‘zi ham boy ham faqirlar ham barchalari eyishi mumkin.Masala: Balog‘atga etmagan bolalar nisobga etadigan molni meros sifatida olsalar, o‘z nomlaridan qurbonlik qilishlari vojib bo‘lmaydi (41). Masala: Qurbonlik qilishda o‘zidan boshqasini vakil va noib qilish joizdir. Agar bir kishi boshqa odamni qurbonlikka vakil yoki noib qilsa, jonivorni sotib olish va so‘yish vaqtida vakil yoki noib qurbonlikni niyat qilishi kifoya qiladi (129). Masala: Safardagi kishi biror yurtda o‘n besh yoki undan ortiq kun muqim bo‘lib qolib, telefon yoki biror vosita orqali o‘z yurtidagi kishini meni nomimdan qurbonlik qilgin deb vakil qilsa, vakilning qurbonligi uning nomidan o‘tadi(130). Masala: Vafot etgan kishi qurbonlik qilishni vasiyat qilgan bo‘lsa, butun bir yoki ettidan bir hissani qurbonlik qilishligi vojib bo‘ladi va qurbonlik go‘shtini barchasini faqir, miskinlarga sadaqa qilib yuborish ham vojib bo‘ladi (36). Masala: Nisob egasi qurbonlik kunlarida jonivor sotib olishga naqd puli bo‘lmasa, qarz olib qurbonlik qilishi zimmasiga vojibdir(131). Masala: Bir kishi bir nechta qurbonlik qilsa, ulardan bittasi vojib qurbonlik, qolganlari esa nafl qurbonlik bo‘ladi(37). Masala: Agar ayol kishini taqinchoqlari va uydagi keraksiz narsalari nisob miqdoriga etadigan bo‘lsa, ayol kishining zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi (46). Masala: Odamlar qurbonlik maqsadida bozordan sotib olmay uyda boqayotgan qo‘ylarini qurbonlik qilishni xohlasa, ulardan bittasini tayin qilib qurbonlik qilishni niyat qiladi va uning bu niyati bilan o‘sha jonivorni qurbonlik qilishi lozim bo‘lib qolmaydi. Uni sotib yuborib, o‘rniga boshqasini qurbonlikka sotib olishi joiz bo‘ladi, ya’ni kimni mulkida avvaldan qo‘y-mollari bo‘lib, ularni qurbonlik qilishni niyat qilsada, ularni qurbonlik qilish lozim bo‘lib qolmaydi (47). Masala: Boy odam qurbonlik kunlari ichida qurbonlik qila olmasa, bir qo‘y yoki echkini qiymatini sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Agar qurbonlikka jonivor sotib olgan bo‘lsa, o‘sha jonvorni tirikligicha sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Agar bilmay qurbonlik kunlari o‘tib ketgan bo‘lsa ham so‘yaveraman deb so‘yib qo‘ygan bo‘lsa, go‘shtini o‘zi emay faqirlarga sadaqa qilishi vojibdir(57). Masala: Faqir odam qo‘y sotib olayotgan paytda qurbonlikni niyat qilmay sotib olgandan keyin qurbonlik qilishni niyat qilsa, o‘sha jonivorni qurbonlik qilishi vojib emas(58). Masala: Bir necha kishi o‘rtaga pul tashlab biror tijorat yoki ishlab chiqarish qilsa va ularning barchasini o‘rtadagi puli nisobga etsa, lekin o‘rtadagi puldagi har birining ulushi nisobga etmasa, birortasini zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi (62). Masala: Bir kishini uchta yoki to‘rtta o‘g‘illari bo‘lib, ular bilan birgalikda tijorat qilsalar va ularni eb-ichishi, turar joylari bir joyda bo‘lsa, asl mol otaniki bo‘lib, farzandlar otaga yordamchi bo‘lsalar, bunday holatda otaning zimmasiga qurbonlik vojib bo‘ladi. Farzandlarga esa, qurbonlik vojib bo‘lmaydi. Agar farzandlari nisob egalari bo‘lsalar, ularning zimmasiga ham qurbonlik qilish vojib bo‘ladi (62). Masala: Qurbonlik qiluvchi kishi qurbon hayitini o‘qib, qurbonlik qilganidan keyin sochi va tirnoqlarini olishi mustahab bo‘ladi (63). Masala: Vojib bo‘lgan qurbonlikni o‘zgalar tomonidan qilishlik uchun ularning ijozati zarur. Aks holda ularning qurbonliklari ado bo‘lmaydi. Agar aka-ukalar yo‘qligida biri boshqasi tomonidan qurbonlik qilib qo‘yish odati bo‘lsa, ijozat berishidan oldin qurbonlik qilishi joiz bo‘ladi. O‘zgalar tomonidan nafl qurbonlik qilinayotgan paytda ularning ijozatini so‘rashlik shart emas. Tiriklarga va o‘likalar nomidan nafl qurbonliklar qilish joiz. Ularning ijozatlari shart emas. Chunki, qurbonlikning egasi hayvonning egasi bo‘lib, u boshqalarga savobini bag‘ishlamoqda(78). Masala: Bir necha kishilar bitta hayvonni qurbonlik qilayotganlarida so‘yuvchi hammalarini nomma-nom sanab falonchi va falonchilar nomidan deb tilga olishi shart emas. Lekin, ular tomonidan so‘yilayotganini qalbdan o‘tkaziladi(82). Masala: Bir necha kishi sherik bo‘lib, qurbonlik qilinayotgan suratda sudxo‘r va shu kabi haromdan mol topguvchilarni sherik qilinsa, hech bir kishining qurbonligi durust bo‘lmaydi. Lekin ular birortasidan halol pul olib sherik bo‘lsalar, joiz bo‘ladi. Shuningdek, sheriklardan birortasi go‘sht arzon tushishi maqsadida sherik bo‘lsa, birortasini ham qurbonligi joiz bo‘lmaydi(91). Masala: Hozirgi kunda juda ko‘p ayollar taqinchoq va ortiqcha narsalari hamda o‘lik mollari hisoblansa, nisob sohibiga aylanadilar. Garchi zakot bermasalarda, ularning zimmalariga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. O‘lik mollarga ulamolarimiz uch sidra kiyimdan ortiqchasini ham hisobga olganlar. Undan tashqari uyda ishlatilmay turadigan idish-tovoqlar, suvenirlar narxi 85 g tillo 612 g kumushning qiymatiga etsa, zimmalariga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi(96). Masala: Ko‘pchilik bo‘lib qurbonlik qilinayotgan suratda sheriklardan biri o‘tgan yilni qazosini niyat qilsa, sheriklarning qurbonligi ado bo‘ladi. Lekin, qazoni niyat qilgan kishining qurbonligi nafl bo‘lib, qazo qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi va jonivorni go‘shtini hammasini sadaqa qilib yuborish vojib bo‘ladi. Qazo qurbonlik evaziga boshqa qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi(133). Masala: Nisobga ega bo‘lgan kishi mahbus bo‘lsa, zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Xoh yotgan joyida bo‘lsin yoki tashqarida bo‘lsin. Tashqarida bo‘lgan suratda o‘zidan boshqasini vakil yoki noib qiladi(133). Masala: Agar mahbus o‘z yurtidan tashqarida safar masofasicha uzoqlikda bo‘lsa, zimmasiga qurbonlik vojib bo‘lmaydi(133). Masala: Nisobga ega bo‘lgan kishi qurbonlik kunlari qurbonlik qilishdan avval vafot topsa, zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi va merosxo‘rlar mulkiga jonliq o‘tib ketadi. Agar merosxo‘rlar ichida balog‘atga etmagan bolalar bo‘lmasa va otalari nomidan farzandlarqurbonlik qilishga ijozat berishsa, otalari nomidan qurbonlik durust bo‘ladi. Agar merosxo‘rlar ichida balog‘atga etmagan bola bo‘lsa, uning ijozati e’tiborga olinmaydi va o‘sha hayvonni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi(98). Masala: Nisobga ega bo‘lgan kishi qurbonlik qilishidan oldin va qurbonlik vaqti chiqishidan oldin faqirga aylanib qolsa, zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi(99). Masala: Qurbonlik qilish faqat zakot beruvchilarning zimmasiga emas, balki sadaqai fitr vojib bo‘lgan kishilarga ham vojibdir(99). Masala: Nisobdan deb hisoblanmaydigan narsalar hojati asliyalar deb nomlanadi. Ular: eb ichadigan, uch sidra kiyadigan kiyim, yashash joyi, xunarmandlarning asbob-anjomlari, minib turgan ulovi, fabrika-zavodlarning stanoklari kabilardir. Ulardan tashqarisining qiymati hisoblanib, nisobga etsa, qurbonlik vojib bo‘ladi(100). Masala: Sheriklardan ba’zisi qurbonlikni va yana ba’zisi aqiqani niyat qilishi joizdir(102). Masala: Aksariyat kishilar vafot etuvchilar tomonidan qurbonlik qilayotganlarida fotihaga kelganlar taomlanib ketsinlar deb hayt namozdan avval yoki arafa kuni jonliqni so‘yib qo‘yadilar. Bu suratda so‘yilgan hayvon qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi(105). Masala: Nisobga ega bo‘lmagan kishi qurbonlik qilganidan keyin qurbonlik kunlari chiqib ketishidan avval boy bo‘lib qolsa, yana boshqa qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi(107). Masala: Nisob egasi bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish niyatida hayvon sotib olsa, uni qurbonlik qilishi vojibdir. Lekin, qurbonlik qilishdan avval jonivor yo‘qolib yoki vafot etib qolsa, vojib zimmasidan soqit bo‘ladi. O‘rniga boshqa olib qurbonlik qilishi vojib emas. Yo‘qolgan jonivor keyinchalik topilib qolsa, qurbonlik qilishi zimmasiga vojib bo‘ladi. (107). Masala: Qurbonlik oqil, bolig‘, muqim, zakot yoki mulkida hojati asliysidan ortiqcha 85 g tilla yoki (612) 595 g kumush qiymati barobarida narsasi bor kishilarga vojib bo‘ladi. Hojati asliydan tashqarilarga yashab turgan hovlisidan tashqari hovlilar, pulni band qilish uchun sotib olingan uylar, ulovlar, tijorat mollari, astatka tavrlar barchasi kirib ketadi. Shuningdek, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lishi ham shart emas(122). Vallohu a’lam.

28 Aprel 2022, 23:46 | Savol-javoblar | 151 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar