Abu Hurayra haqlarida

Assalomu alaykum! Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobani asl ismi nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Abu Hurayra Yamanning Davs qabilasidan edilar. Islomdan oldingi ismlari Abdushshams ibn Soxr edi. Islomga kirganlaridan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining ismlarini Abdurrahmon deb o‘zgartirdilar. Doimo mushukchalari bilan yurganliklari sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan Abu Hurayra deb kunyalanganlar. (Hurayra – arab tilida mushukcha degani).
Abu Hurayra roziyallohu anhu hijratning ettinchi, «Xaybar» sanasida Islomni qabul qilgan paytlarida o‘ttiz yoshda edilar. U kishi Xaybardan qaytayotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Madinaga keladilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu Ashobus Suffa – Rasulullohning masjidlaridagi suffada yashab, u kishidan hadis eshitish bilan mashg‘ul bo‘lgan sahobalarning biri edilar. Shu sababli Islomga kech kirganlariga qaramay, sahobalar orasida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan kishi hisoblanadilar. U kishi 5374ta hadis rivoyat qilganlar va bu hadislar Taqiy ibn Muhammadning musnadlarida keltirilgan.
Abu Hurayra keng elkali, qoramtir rangli, ikki oldingi tishlarining orasi ochiq, yumshoq tabiat, hazilkash kishi edilar. Yosh bolalarni ko‘rsalar, ularni kuldirib, bozordagi kishilarni qissalar aytib, ko‘nglini xushlantirib yurar, lekin o‘zlari yolg‘iz qolsalar, tunlarni ibodat bilan bedor o‘tkazadigan kishi edilar.
Abu Hurayra ko‘p vaqtlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlarida o‘tkazar edilar. Biror hadisni eshita olmay qolishdan qo‘rqib, ko‘p paytlarida ochlikdan bukchayib qolar edilar.
Abu Hurayra sahobalarning ichida eng zehni o‘tkiri edilar. Bu haqda Imom Buxoriy, Muslim va Termiziylar u kishining o‘zidan rivoyat qiladilar:
«Ey Rasululloh, sizdan ko‘p narsani eshitamanu yodlab qololmayman», dedim. U kishi:
«Ridoyingni erga yoz», dedilar. Ridoyimni yozdim. Menga ko‘p hadis aytdilar. Aytgan hadislaridan biror narsani esimdan chiqarmadim», deydilar.
Tolha ibn Ubaydulloh: «Abu Hurayraning Rasulullohdan biz eshitmaganimizni ham eshitganlariga hech shak yo‘q», deydilar.
Ibn Umar: «Abu Hurayra hadisni mendan ko‘ra yaxshi biladilar», deydilar.
Ubay ibn Ka’b: «Abu Hurayra Rasulullohdan boshqa kishi so‘ray olmaydigan narsalarni so‘rashga jur’at etardi», deydilar.
Bir kishi Zayd ibn Sobitdan bir masalani so‘rab kelganda, u kishi: «Abu Hurayraga bor. Bir kuni men, Abu Hurayra va falonchi masjidda Allohning zikri va duo bilan mashg‘ul edik. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqib o‘tirdilar va:
«Nimani duo qilayotgan bo‘lsangiz, shunda davom eting», dedilar. Men va hamrohim duo qildiq Rasululloh «Omiyn», deb turdilar. Abu Hurayra:
«Allohim, Sendan ikki hamrohim so‘raganlarini va esdan chiqmaydigan ilmni so‘rayman», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Omiyn» dedilar.
«Biz ham esdan chiqmaydigan ilm so‘raymiz, ey Rasululloh», dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Buni sizlardan oldin davslik g‘ulom (Abu Hurayra) so‘radi», dedilar.
Marvon ibn Hakamning voliysi va kotiblari Solim Abu Za’za’a rivoyat qiladilar: «Marvon ibn Hakam Abu Hurayrani chaqirib, u kishidan hadis so‘ray boshladilar. Men hadislarni yozib oldim. Bir yil o‘tgach, yana Abu Hurayrani chaqirgan Marvon u kishidan men yozib olgan hadislarni so‘radilar. Abu Hurayra biron bir harfni yoki so‘zni ortiqcha yoki noqis, oldin yoki ke¬yin aytmadilar».
Abu Hurayradan hadis rivoyat qilganlarning soni sakkiz yuz kishidan ortadi. Jumladan, Abu Bakr, Umar, Usmon, Fazl ibn Abbos, Ubay ibn Ka’b, Usoma ibn Zayd, Oisha, Ibn Umar, Ibn Abbos, Jobir ibn Abdulloh, Anas ibn Molik; tobe’iynlardan: Sa’iyd ibn al-Musayyib, Ibn Siyrin, Abdulloh ibn Sa’laba, Urva ibn az-Zubayr, Salmon ibn Yasir, Irok ibn Moliq Solim ibn Abdulloh ibn Amra, Ato‘ ibn Abu Rubboh, Ato‘ ibn Yasar va boshqalar.
Abu Hurayra og‘ir kasal bo‘lib qolganlarida u kishini ko‘rgani Marvon ibn Hakam keladilar. Marvon Abu Hurayraga:
«Alloh sizga shifo bersin», deganlarida Abu Hurayra:
«Allohim, Senga yo‘liqishimni sevdim, Sen ham Senga yo‘liqishimni sev», dedilar.
Marvon ibn Hakam Abu Hurayraning huzurlaridan chiqib, bozorning o‘rtasiga etmaslaridan Abu Hurayraning jonlari uzildi.
Abu Hurayra 57-hijriy sanada vafot etdilar. Janozalarini Valiyd ibn Uqba ibn Abu Sufyon o‘qidilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 23:46 | Savol-javoblar | 253 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar