Aqiqa xaqida

Assalomu alaykum xurmatli Shayx xazratlari. Sizga uzoq umr va dinimiz yulidagi olib borayotgan ulkan xizmatlaringizga rivoj tilayman. Sizdan iltimos yangi tug‘ilgan farzandga qilinishi kerak bo‘lgan amallar xaqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Aqiqa xaqida xam. Javobingiz uchun oldindan raxmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- FARZANDNING HAQQLARIIslomda farzandlarning huquqlari rioya qilingan bo‘lib, bular ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgandir. Bu haqqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilmoqlik majburiydir. Farzandlarning qanday huquqlari bor? Ulamolarimiz bu savolga javob tarzida quyidagilarni zikr qiladilar:1. Nasab. Nikohning asl maqsadlaridan biri ham nasl-nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina nasabi aniq va pok bo‘ladi.2. Bo‘lajak farzandga munosib ona va ota tanlash.Islom bola haqida u hali dunyoga kelmasdan ancha oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdan boshlab qayg‘ura boshlaydi. «Talxiys» nomli kitobda Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaning va ularga nikohlab bering». Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyat qilishgan.Oila qurilar ekan, ota-onaning diyndorligi, axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida e’tibor beriladi. Chunki, ulardagi xislat, faziylatlar ham, yomon odatlar ham bolaga ko‘chishi isbot talab etilmaydigan haqiyqatdir.3. Emizish. Tug‘ilgan farzand avvalo emizishga muhtoj. Bu esa, onasining vazifasi. Shar’iy uzr sababli ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish otaning ishi hisoblanadi.Alloh taolo «Baqara» surasida:«Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizurlar», degan (233-oyat).Go‘dakning haqqlaridan biri va onalarning eng mo‘’tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dak jismi va ruhining o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rivojlanishiga ham ona suti zarur ozuqa hisoblanadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Bu qur’oniy haqiqatni adashgan insoniyat ming to‘rt yuz yildan keyingina tushunib etdi. Hozirgi paytda ilmiy tekshirishlardan so‘ng, go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning suti va uni to‘liq ikki yil emizish kerak, degan gapni aytishmoqda.Tarixdan ma’lumki, dunyoga dovrug‘ solgan aksari buyuk allomalarga, fozilu ulamolarga bolalik paytida otalari harom kasb bilan topilgan biror luqma ham taom edirmagan, onalari ularni betoharat emizishmagan. 4. Bolaning ota-onadagi haqqlaridan biri unga munosib ism tanlashlaridir.Ota-onaning vazifalaridan biri farzandga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishdir. Husayn ibn Hasan Marvaziy «Kitobul birri vas-sila»da Abul Mo‘’tamirdan keltirgan rivoyatda yozadi:«Umar ibn Abdulazizning huzurida masalalarni eslashdi. Bas, bir kishi:«Menga etib kelgan xabarga qaraganda, tug‘ilgan bolaga ism qo‘ymay turib o‘lgan bo‘lsa, qiyomat kuni otasiga: «Meni ismsiz tark qilding-ku!» deydi», – dedi». Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e’tibor ila yondoshmog‘i lozimdir. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki ismi unga ziynat bo‘lib tursin.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ism¬larning yaxshisi bandalik va hamdni bildiruvchisidir», deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi «Abdulloh», «Abdurrohman», «Abdussattor» va Alloh taologa hamd ma’nosini anglatuvchi, «Hamidulloh» kabi ism¬lar yaxshi nomlar hisoblanadi.Shuningdek, Nabiylarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning ismlari ham yaxshi nom-lar hisoblanadi. Qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimizning, sahobiya ayollarning nomlarini va ezgulik ma’nosini anglatuvchi ismlarni qo‘ymoq kerak.5. Aqiyqa ham bolaning ota-onadagi haqqlaridandir.«Aqiyqa» lug‘atda «yordi» ma’nosini anglatib, aslida, yangi tug‘ilgan bolaning sochiga aytiladi. Shariat ta’limotlariga muvofiq, tug‘ilishning ettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi. Soch boshdan ajratib olingani uchun, bu marosim «aqiyqa» deyiladi. O‘sha munosabat ila so‘yiladigan qo‘y ham «aqiyqa» deyiladi.Iste’molda shu ma’no ko‘p ishlatilgani uchun, «aqiyqa» deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y tushuniladigan bo‘lib qolgan.Salmon ibn Omir az-Zobbiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«G‘ulom ila aqiyqa bordir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing», – dedilar».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.Hadisdagi bu jumla «yangi tug‘ilgan bolaning aqiyqasi o‘zi bilan», deb tushuniladi. Ya’ni, har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiyqa lozim, deganidir.«Bas, uning uchun qon chiqaring.»Ya’ni, yangi farzand tug‘ilgani sharafiga jonliq so‘ying. Bu munosabat ila qon chiqarish qanday bo‘lishini kelasi hadisi shariflar bayon qiladi.Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumoga bittadan qo‘chqor so‘yib aqiyqa qildilar».«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.6. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga azon va takbir aytish.Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga namozning azonini aytayotganlarini ko‘rdim».Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.Ushbu hadisi sharifga binoan, yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa bo‘lishi qanday ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.Husayndan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmas», – dedilar». Abu Ya’lo rivoyat qilgan.«Ummu Sibyon» bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir.7. Yangi tug‘ilgan bolaning tanglayini ko‘tarish.Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Mening o‘g‘lim tug‘ilganda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. Ul zot uni «Ibrohim» deb nomladilar, xurmo ila tanglayini ko‘tardilar va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar. U bolalarimning kattasi edi».Ikki Shayx rivoyat qilishgan.Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borar edilar. Ul zot alayhissalom yosh bolalarni ko‘rsalar, o‘ta xursand bo‘lar edilar. Yangi tug‘ilganlarga Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘liga qilgan munosabatni qilar edilar. Ana shu ishga taqlid qilib, yangi tug‘ilgan farzandni ahli solih kishilar huzuriga olib borish musulmonlar ichida doimiy odatga aylangan.«Ul zot uni «Ibrohim» deb nomladilar.»Demak, ahli fazl, olim va muqtado kishilar tomonidan yangi tug‘ilgan farzandlarga ism tanlanishi ham yaxshi ish. Chunki, unday kishilar bunga o‘xshash ishlarga bog‘liq masalalarni, shar’iy hukmlarni yaxshi biladilar va to‘g‘ri tasarruf qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘liga «Ibrohim» ismini qo‘yganlari ham buning bir misoli.«...xurmo ila tanglayini ko‘tardilar...»Yosh bolaning tanglayini ko‘tarish – katta odam bir narsani oldin o‘zi chaynab turib, bolaning og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deyarli doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar. Bu ham yaxshi niyat alomatidir. Ahli solih, faziylatli kishilarning bu ishni qilishlari marg‘ubdir.«...va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar.»Bu ish eng marg‘ub ishdir. Ahli solih, duogo‘y kishilarning yangi tug‘ilgan bolalar uchun duo qilishlari, ayniqsa, baraka tilab duo qilishlari juda ham yaxshi ishdir. Barcha ota-onalar bunga katta e’tibor bermoqlari kerak. 8. Homiylik. Bola etti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj. Ya’ni ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda doimo kattalarning yordamiga muhtoj. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular bo‘lmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishlari vojibdir.9. Valiylik. Etti yoshdan balog‘at yoshiga etguncha bo‘lgan bolalar valiyga, o‘zidan katta rahbarga muhtojdirlar. Bu ham, agar ota-ona bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi. 10. Nafaqa. Bolalarning nafaqasi. Ularni oziq-ovqat, kiyim kechak, turar-joy bilan ta’min etish otaning burchidir. Bu narsalar halol-pok bo‘lishi matlubdir. Faqiyr yosh bolaning nafaqasi otasiga vojib bo‘ladi.Bu hukmning dalili quyidagi oyati karimadir.Alloh taolo «Baqara» surasida:«U(ona)larni yaxshilab edirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», degan (233-oyat).Bolaning sababidan onaga nafaqa berish vojib bo‘lganidan keyin bolaning o‘ziga nafaqa berish vojib bo‘lishida hech shubha qolmaydi.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Hind binti Utba:«Yo Rasululloh, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar, unga bildirmay olsamgina bo‘lur», – dedi. «O‘zingga va bolangga etarlisini to‘g‘rilikcha ol», – dedilar u zot.Ikki Shayx rivoyat qilishgan.Unga bu ishda, xuddi ota-onasi va xotinining nafaqasidagi kabi, biror kishi sherik bo‘lmaydi.Ya’ni, bolaning nafaqasi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga va xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Unga bu nafaqada hech kim sherik bo‘lmaydi.11. Bolaga mehribonlik ko‘rsatish ota-onaning vazifasidir.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘ptilar. Shunda u:«Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q», – dedi.Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar va:«Rahim qilmaganga rahim qilinmas», – dedilar».Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ta bolajon zot edilar. Ul zot bolalar ichida nabiralari Hasan va Husaynni juda ham yaxshi ko‘rar va ularga mehribonlik ko‘rsatar edilar. Ushbu rivoyatda u zot sollallohu alayhi vasallamning Hasan roziyallohu anhuga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birining bunga bo‘lgan munosabatlari va bu munosabatning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan baholanishi haqida so‘z ketmoqda.Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni olib sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib turib:«Allohim! Ikkisini rahim qilgin, men ularga rahim qilurman», – der edilar».Buxoriy rivoyat qilgan. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va:«Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz», – dedi.Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Alloh qalbingdan rahmatni sug‘irib olgan bo‘lsa men nima ham qila olar edim», – dedilar».Ikki Shayx rivoyat qilishgan.Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lish haqida Rasulullohning ko‘rsatmalari ham bor. Chunki, qizlar mehrga muhtoj, o‘zlari ojiza bo‘lishadi. Shu bois, ular tarbiyasida ko‘proq e’tibor va mehr, ehtiyotkorlik zarur bo‘ladi. 12. Bolalari orasida adolat qilish ham ota-onaning vazifasidir. No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Otam meni ko‘tarib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar va:«Yo Rasululloh, guvoh bo‘ling, men No‘’monga o‘z molimdan buni-buni, berdim», – dedi.«Hamma o‘g‘illaringga shunga o‘xshash berdingmi?» – dedilar u zot.«Yo‘q», – dedi.«Bunga mendan boshqani guvoh qil», – dedilar va so‘ngra:«Seni ularning barchasi senga birdek yaxshilik qilishi xursand qiladimi?» – dedilar.«Ha», – dedi.«Unday bo‘lsa, yo‘q!» – dedilar».Boshqa bir rivoyatda: «Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo‘linglar», deyilgan. Beshovlari rivoyat qilishgan.Ushbu hadisga binoan, musulmon inson moliyaviy masalalarda o‘z farzandlarining barchasini barobar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko‘p bersa, adolatsizlik bo‘ladi. Bolalari orasida hiqdu hasad, fitna kuchayadi. Agar shar’iy sabab bo‘lsa, ota-ona o‘z bolalaridan biriga ko‘proq, boshqasiga ozroq mol bersa, bo‘ladi. Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog‘, biri kambag‘al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko‘p, ikkinchisiniki oz. 13. Balog‘atga etgandan so‘ng uylantirib, oilalik qilib qo‘yish va boshqalar.Oilada farzandlarning alohida huquqlari bo‘lib, unga amal qilish shart etib qo‘yilgandir. Shu o‘rinda oila rahbari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’lumki, o‘z farzandlarining, ahli-ayolining axloqi, xulq-atvori, yurish-turishi uchun oila boshlig‘i mas’uldir. 14. Tarbiya haqqi ham farzandlik haqqlaridandir.Alloh taolo bunday deb buyuradi:«Ey, iymon keltirganlar, o‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshlardan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qiladilar» («Tahrim» surasi, 6-oyat).Ahli-ayolini, farzandlarini diyndor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Alloh taoloning oldidagi burchi ekanligiga yuqoridagi oyati karima yorqin dalildir. Odamlar orasida «O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y» degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha, er xotin uchun, ota bolalar uchun mas’uldir. Qiyomatda Alloh taoloning huzurida javob beradi. Ushbu oyat ma’nosida hadisi shariflar ham bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Yosh bolani etti yoshida namoz o‘qishga buyuring, o‘n yoshga etganda ham o‘qimasa, uring», – dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.Hazrati Umar yuqorida zikr qilingan oyati karima nozil bo‘lgandan so‘ng: «Yo Rasululloh! O‘z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?» deb so‘ragan ekanlar. Shunda Rasululloh alayhissalom:«Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar», deb javob bergan ekanlar.Hazrati Ali: «O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar», deb aytganlar.Demak, har birimiz o‘g‘il-qizimizni, oila a’zolarimizning barchalarini diynga da’vat qilishimiz, diyniy ahkomlarni doimo bajarishlarini qat’iyat bilan talab qilib, iymon-e’tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlarining tarbiyasiga ahamiyat berib turishimiz kerak.

20 Aprel 2022, 20:14 | Savol-javoblar | 171 | Bola tarbiyasi
|
Boshqa savol-javoblar