Farzandning ota-onasiga jannatda toj kiydirishi

Assalamu alaykum! Muhtaram "Zikr ahlidan so‘rang hay’ati" xodimlari. Farzand Qur’oni Karimni yod olib, murattab qori darajasiga etishsa, jannatda ota-onasiga toj kiydiriladi degan mazmunda hadis bor. Agarda farzand Qur’oni Karimni to‘la yod olmay, faqat fiqh yoki aqiyda ilmida etuk ilmli, olim darajasiga etishsa, shunda ham yuqoridagi hadisga muvofiq ota-onasiga jannatda toj kiydiriladimi? Tashakkur va ehtirom ila, O‘sh shahridan Odiljon. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 3273. Abu Dovudning rivoyatida: «Kim Qur’onni o‘qisa va undagi narsaga amal qilsa, uning ota-onasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Agar u orangizda bo‘lsa edi, uning ziyosi bu dunyo uylaridagi quyoshning ziyosidan ham yaxshiroq bo‘lar edi. Endi bunga amal qilganga nima bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering», deyilgan. Sharh: Ya’ni Qur’oni Karimni o‘qimagan ota-onaga shunchalik takrim va tashrif bo‘lsa, Qur’oni Karimni o‘qigan va unga amal qilganning o‘ziga qanchalar takrim va tashrif bo‘lishini har kim o‘zi bilib olaversin. Shunday bo‘lganidan keyin har bir ota-ona o‘zining har bir bolasiga Qur’oni Karimni o‘qitishga o‘tsin. Shunday bo‘lganidan keyin har birimiz Qur’oni Karimni o‘qishga va unga amal qilishga o‘taylik. (Hadis va Hayot). Qur’onni o‘qishdan murod uning ilmlarini o‘rganish iroda qilinadi. Shunga binoan Qur’oni Karimga tegishli bo‘lgan ilmlarni o‘rganib va unga amal qilguvchining ota-onasi ham ushbu bashoratda aytilgan insonlar sarasiga kiradi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:17 | Savol-javoblar | 238 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar