Niyat qilganda qiblani tayin qilish shartmi?

Hazrat, namozga niyat qilganda qiblani tayin qilish shartmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- «Qibla» lug‘atda «qarshida, ro‘baro‘da turgan narsa», degani.
Namozda Ka’bai muazzama namozxonning yuzlanadigan tomonida bo‘lgani uchun «qibla» deyiladi.
Namozni qiblaga qarab o‘qish shartligining dalili:
Alloh taolo «Baqara» surasida:
«va qaerdan chiqsang ham, yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qaerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomonga buring», degan (150-oyat).
Namoz farz bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar Ka’baga qarab namoz o‘qiganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madiynai Munavvaraga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng, Baytul Maqdis tomonga qarab namoz o‘qishni boshlaganlar. Qibla o‘sha tomon bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Madiynai Munavvaraga kelishlari Robihul avval oyida bo‘lgan. Qiblaning Ka’ba tomon burilishi esa, hijriy ikkinchi yilning Rajab oyi yarmida bo‘lgan. Shu ikki muddat ichida Baytul Maqdis qibla bo‘lib turgan. So‘ng Ka’ba qibla bo‘lgan.
Demak, Ka’baga, u tomonga qarab o‘qilmasa, namoz namoz bo‘lmaydi.  
Imom Abu Dovud rivoyat qiladilar:
«Bir yahudiy Abul Oliya bilan qibla haqida tortishib qoldi. Bas, Abul Oliya:
«Muso xarsang tosh oldida namoz o‘qirdi va Baytul Haromga yuzlanar edi», – dedi.
«Sen bilan mening oramizda (hukm qiluvchi) Solihning masjidi», – dedi yahudiy.
«men Solihning masjidida namoz o‘qiganman. Uning qiblasi Ka’baga qaragan», – dedi Abul Oliya.
Abul Oliya Zulqarnaynning masjidida ham namoz o‘qigani va uning qiblasi ham Ka’baga qaraganligi xabarini berdi».
Fuqaholar namozning to‘g‘ri bo‘lishi uchun qiblaga yuzlanish shart ekaniga ittifoq qilganlar.
Xavf paytida va ulov ustida nafl namoz o‘qish bundan mustasno. Ya’ni, dushman, yirtqich hayvon xavfi tahdid solib turganda va ulov ustida ketayotgan shaxs nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, qiblaga qaramay namoz o‘qisa, bo‘ladi.
Shu bilan birga, qiblaga yuzlanishga qudrat ham bo‘lishi lozim. Bog‘lab qo‘yilgan yoki bemor odam o‘zini echib yuboradigan yoki qiblaga yuzlantirib qo‘yadigan shaxsni topmasa, qiblaga yuzlanmay namoz o‘qisa, bo‘ladi.
Kim Ka’bani ko‘rib tursa, unga Ka’baning o‘ziga yuzlanishi farz. Ka’bani ko‘ra olmaydigan odam u tomonga yuzlansa, kifoya qiladi. Namozxon badani va nazari bilan Ka’baga yuzlanadi.  

26 May 2022, 23:59 | Savol-javoblar | 173 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar