Payg‘ambarimizning muhrlari

Payg‘ambarimizning muhrlari, ya’ni muhri nubuvvat va u muborak muhr yozuvlari xaqida to‘liq ma’lumot  bersangiz
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Muhri nubuvvat va muhr yozuvi boshqa-boshqa narsalar. Yozuv qo‘lga taqadigan uzuklarida bo‘lgan. Bu haqda bir necha daqiyqa oldin ma’lumot berdim. Topib o‘qing. Muhri nubuvvat esa, U zotning muborak tanalaridagi alomat bo‘lgan.
Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Xolam meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borib:
«Ey Allohning Rasuli, mening singlimning o‘g‘lining dardi bor», dedi. Bas, u zot mening boshimni siladilar va menga baraka tilab duo qildilar. So‘ngra u zot tahorat qildilar. Men u zotning tahorat suvlaridan ichdim. Keyin orqa tomonlariga o‘tib ikki kuraklari orasidagi, xuddi qora uyning tugmalariga o‘xshash muhrlariga nazar soldim».

Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan.


Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning orqa tomonlarida kabutarning tuxumidek muhrni ko‘rdim».
Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.  
Termiziyning lafzida:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki kuraklari orasidagi muhr—kabutar tuxumiga o‘xshash qizil o‘simta edi»,  deyilgan.
Osimdan, u Abdulloh ibn Sarjisdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim va u zot bilan birga non va go‘sht yoki sariyd edim». Osim:
«Men unga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam senga istig‘for aytdilarmi? » dedim.  
«Ha. Senga ham», dedi va «Gunohing uchun va mo‘minlaru mo‘minalar uchun istig‘for ayt» oyatini tilovat qildi-da, so‘ngra aylanib ortlariga o‘tdim. Keyin chap kuraklari yuqorisidagi mushtdek nubuvvat muhrilariga nazar soldim. Uning ustida qizil toshmalar bor edi», dedi.

Muslim rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu rivoyatlarda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning avvalgi samoviy kitoblarda zikri kelgan payg‘ambarlik alomatlaridan biri– nubuvvat muhrilari haqida har kim o‘z ko‘rganini rivoyat qilmoqda.  
Arabchada «xotimin nubuvvati» deyiladigan bu alomat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning chap kuraklarining ustki qismidagi kabutar tuxumidek keladigan o‘simta edi. Uning ustida badanga toshadigan qizil rangdagi toshma bor edi. Ko‘pchilik, xususan, avvalgi samoviy kitoblardagi oxir zamon payg‘ambari haqidagi ma’lumotlardan xabardor kishilar u zotning nubuvvat muhrilarini ko‘rib iymonga kelishgan.

27 May 2022, 00:03 | Savol-javoblar | 155 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar