Falsafa

Assalomu alaykum! Falsafa fanida ustozimiz bir jumlani aytdi. Ularning aytishicha, dunyoni to‘liq bilish va anglab olish mumkin ekan va bunday insonlar optimist deyilarkan. Dunyoni to‘liq anglab bilish mumkin emas deganlar agnostiklar (hamma narsani imkonsizga chiqaruvchilar) ekan. Boshida bunga ko‘pchilik ishonmadi. Ustoz buni diniy tomondan isbotlasak, Alloh ilm bersa hamma narsani o‘rgansa bo‘ladi. Alloh o‘zi Qur’onda insoniyatga "O‘qi" deb amr etganidan bilib olish mumkin dedi. Ana shu gapdan so‘ng, ustoz fikriga qo‘shiluvchilar ko‘paydi. Qo‘shilmaydiganlar esa juda oz qoldi( shu jumladan men ham) . Men ustozga savol berdim agar inson dunyoni to‘liq bilishi mumkin bo‘lganda o‘limni ham qachon bo‘lishini bilishi mumkin edi. Lekin inson bunga qodir emas desam siz pessimistik tomondan fikrlayapsiz deb fikrimni rad etdi. Men noto‘g‘ri fikr aytganmanmi, ya’ni inson dunyoni to‘liq anglab eta oladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo “Isro”surasi 85-oyatida marhamat qiladi :وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُم مِّن الْعِلْمِ إِلاَّ قَلِيلاً۝Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», – deb ayt.
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida ikki rivoyat keltiriladi. Imom Ahmad ibilan Hanbal, imom Nasaiy, Hokim va Ibilan Hibbon kabi muhaddislar hazrati Abdulloh ibilan Abbosdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Qurayshliklar yahudiylarga: – Bizga bir narsa o‘rgating, manavi odamdan so‘raylik, – deyishdi. Ular: – Ruh haqida so‘ranglar, – dedilar. Shunda qurayshliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘radilar. Bu so‘rovga javoban «Va sendan ruh haqida so‘rarlar…» oyati nozil bo‘ldi». Imom Buxoriy va imom Muslim hazrati Abdulloh ibilan Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda esa quyidagilar aytiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madina ko‘chalaridan birida borar edim. U kishi bir shoxga tayanib olgan edilar. Shu payt bir guruh yahudiylar duch keldilar. Ular bir-birlariga: «Bundan ruh haqida so‘ranglar», – dedilar. Ulardan ba’zilari o‘rinlaridan turib kelib, ruh haqida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob bermay, jim turib qoldilar. Men u zot sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelayotganini darhol sezdim. Turgan joyimda kutdim. Vahiy nuzuli to‘xtaganidan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar…» oyatini tilovat qildilar». Shuning uchun ham tafsirchi ulamolarimiz «Ushbu oyati karima ikki marta, ya’ni Makkada bir, Madinada bir nozil bo‘lgan», – deydilar. Shu masalada kelgan boshqa rivoyatlarga ko‘ra, yahudiylar ruh haqidagi savolga Allohdan boshqa hech kim javob bera olmasligini avvaldan bilganlar. Tavrotda shu haqda ma’lumot bo‘lgan. Ular qurayshliklarga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashni o‘rgatishlari bilan birga, «Agar javob bersa, payg‘ambar emas, javob bermasa, haqiqiy payg‘ambar bo‘ladi», – deyishgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqiqiy payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham ruh va uning mohiyati haqidagi savollarga javob bermadilar. Alloh taolo bergan javobilani ularga o‘qib berdilar. Bu javob:
«Ruh Robbimning ishidir», deyish edi.
Ruh, uning mohiyati va unga tegishli boshqa narsalar Allohning ishi, bandaning ishi emas. Banda qanchalik maqtanmasin, ilmi ozdir:
«Sizga juda oz ilm berilgandir».
Bandaning o‘zidagi ana shu oz ilm bilan gerdayishi ham olamni oladi. Aslida esa o‘z idroki etadigan, o‘ziga foyda keltiradigan narsalarni bildirgan Allohga shukr etib, qolganini Allohga havola qilishi kerak edi. Insonning hamma narsasi cheklangandir. Jumladan, aqli, idroki ham mahduddir. U aqli, idroki doirasidagi ishlar ila shug‘ullanib, undan tashqaridagi narsalar xususida behuda bosh qotirmasligi kerak. Bular qatoriga ruh masalasi ham kiradi. Hozirgacha insonning ruh haqida biror narsa bilish uchun qilgan barcha harakatlari behuda ketdi. Ruh haqida hech narsa bila olmadi. Inson ruh haqida bilgan birdan-bir narsa Alloh yuborgan vahiy, xolos. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 07:39 | Savol-javoblar | 145 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar