Barot kechasi masalasida

Assalomu alaykum! Xurmatli hay’at a’zolari, telegram ijtimoiy tarmog‘idagi IYMON deb nomlagan kanalda mana bu maqolani o‘qib qoldim, buni qanday tushunish kerak: "Baroat kechasi" nomi bilan tanilgan tadbirni o‘tkazishga Islomda bironta sahih dalil yo‘q. Bu haqda kelgan barcha gaplar mavzu’ (to‘qima) va o‘ta zaif hadislar bo‘lib, hujjatlikka yaramaydi. Demak, Sha’bonning 15-kechasini namoz o‘qishga, uning kunduzini esa alohida ro‘za tutishga xoslab olishga shar’iy asos yo‘q. "Shu kechaning o‘zida namoz o‘qib chiqish savob bo‘ladi", deb da’vo qilgan odam bid’at amalni bajarayotgan bo‘ladi. Bid’atga esa savob emas, gunoh beriladi. Shuning uchun shar’iy dalili yo‘q narsalarni ibodat, savobli amal deb da’vo qilishdan chetlanish kerak. Aksincha, har kecha tunda turib namoz (tahajjud) o‘qish, oyning har 13-, 14- va 15-kunlarida ro‘za tutish sunnat bo‘lib, bularni asoslovchi o‘nlab sahih dalillar bor. Xo‘sh, unda "Baroat kechasi" va tungi tahajjud o‘qiladigan yilning har bir kechasi, "Baroat kuni" va ro‘za tutish sunnat bo‘lgan har oyning 15-kuni o‘rtasida qanday farq bor? Har ikki holatda ham ayni kechada namoz o‘qilib, ayni kunda ro‘za tutilyapti-ku? Farq aniq: 1. Har tunda tahajjud o‘qishga sahih dalillar bor va bunda alohida bir kecha xos qilib olinmagan, aksincha, bu namoz yilning barcha tunlarida bir xil o‘qiladi, bir xil savob beriladi; "Baroat kechasi" uchun va’da qilingan alohida va ulkan savobga esa dinda dalil yo‘q. 2. Har oyning 15-kunida ro‘za tutish (13- va 14-kunlarini ham qo‘shib) sunnat ekanligiga sahih dalillar bor va bunda ham alohida oyning 15-kuni boshqalaridan ajratib, xoslab olinmagan. "Baroat kuni"niga va’da qilingan savobga esa shar’iy dalil yo‘q. Bid’atning eng katta zararlaridan biri: odatda bid’at amallarga ulkan, xayolga sig‘mas ajrlar va’da qilinadi va bu aksariyat ilmsiz ommani farz va sunnatlardan chalg‘itib qo‘yadi. Ya’ni, "Mana shu kechada bedor bo‘lsak, mana bu kuni ro‘za tutsak, falon avliyoning qabrini ziyorat qilib, sag‘anasinm tavof qilsak, butun yilga etadigan savob bo‘lar ekan. Shunda qiynalib, bir oy ro‘za tutish (Ramazon), besh vaqt namoz o‘qish shart bo‘lmas ekan", singari noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘ladi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Avvalo shuni yaxshi bilinki kunlarning ba’zisi ba’zisidan, kechalarning ba’zisi ba’zisidan afzal ekanligi haqida hadislar ko‘p. Ba’zi amallar ba’zisidan afzal ekanligi haqida ham hadislar ko‘p. Bunday vaqtda shayton o‘sha amallarni va kechalarni savobidan bebahra qoldirish uchun bor hiylasini ishlatadi. Uning hiylasi ibodatdan qaytarish  ilan bo‘lmaydi, balki o‘sha ibodatlarga bid’atni qo‘shish bilan bo‘ladi. Vafot etganni ortidan haj, umra, sadaqot, qurbonliklar qilish shak-shubhasiz savobli amal. Mayyitga foydasi tegishida shak-shubha yo‘q. shunday o‘rinda shayton bu amallarga bid’atni aralashtirib savobdan bebahra qiladi. O‘sha amallarni uchida, yigirmasida yoki yigirmasida qilasan deb kunini tayin qilidirib qo‘yadi. Maxsus taomlarni qilish kerak degan e’tiqodni singdiradi. Shu bilan eng afzal ibodat bid’at bo‘lib Allohning nazdida maqbul bo‘lmay qoladi. Baroat kechasi ham ulug‘ kecha, unda qilingan ibodat va duo afzalligiga shak-shubha yo‘q. 16ta sahobiylardan bu kecha haqida rivoyat kelgan. Albatta maxsus bir namozni tayin qilib olish yoki maxsus suralarni o‘qishni tayin qilib olish yoki hadislarda kelmagan biror amalni qilsa savob bo‘ladi deyish noto‘g‘ri. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kechada uyquni tark qilib zorlanib Allohga duo qilganlar. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 03:13 | Savol-javoblar | 158 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar