Hayotda tanlov

Assalomu alaykum! Bitta narsani tanlashga juda ikkilanyapman. Hozir 22 yoshdaman.2-kurs talabasiman. 1) Ozroq diniy bilim olib ota-onaga yaxshilikni ajri juda kattaligini bildim lekin hozir uydan uzoqdaligim va ilm olish vaqtim kelgani sababli ularga yaxshilik qilolmayapman.Afsuski yoshlikda ularni qadriga unchalik etmaganman va bu katta gunohligini bildim. Shu bilan birga ota-onamni dindan uzoqroqliklari ham tashvishlantiradi. 2)Ilm olish xalqga,millatga,dinga xizmat qilish.Foydali inson bo‘lish kerakliginiva buni ham ajri katta ekanligini.Mo‘min musulmonlar aku-uka ekanliklarini ham bildim. Hozir manda 2ta yo‘l bor. 1.O‘qishni tugatib uyga borib ota-onamni roziligi,duosini olish uchun harakat qilish,ota-onam bilan birga dinga ko‘proq amal qilish va oz sonli insonlarga yordam berish. 2.Yana 10yillar davomida bilim olish.in sha Alloh ota-onamga va ko‘proq birodarlarimga yaxshilik qilish. Mani ikkilantirgan narsa 10yildan keyin ota-onamni roziligiga ulgurolmasamchi?Ular dindan uzoq holda o‘tib ketsalarchi? Man ularni norozi qilganlarimchi?(Allohga shukur bu yildan namoz ro‘za tutyaptilar lekin din faqat bu emasigini endi bilyapman.) Lekin ilm olishga ishtiyoqim bor.O‘zimni ham diniy ilmim juda oz lekin ko‘proq diniy dunyoviy ilm olib keyinchalik ota-onam bilan dinga ko‘proq amal qilmoqchiman bu uchun ham ilm kerak. Ota-onamni hali yoshlari 50ga etmagan.Ukam bor 17yoshda.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo seni sabablari ichida turg‘izganda tajridni iroda qilishing maxfiy shahvatdandir. Alloh taolo seni tajridda turg‘izib qo‘yganda sabablarni iroda qilishing oliy himmatdan qulashdir.
Ba’zi so‘zlarning izohi:
– Sabab – dunyoviy g‘arazga erishish uchun qilinadigan amal.
– Tajrid – sababni tark qilish.
– Shahvat – nafsning o‘z istak-xohishiga mos tushgan narsaga intilishi.
– Himmat – biror maqsadga erishish uchun nafsning intilish quvvati.
Ushbu hikmatda bu dunyo hayotida odamlar ikki holatda bo‘lishlari va ulardan ba’zilari o‘zining holati va maqomini anglamasdan xatoga yo‘l qo‘yishi haqida so‘z bormoqda.
Mazkur holatlardan biri Alloh taolo bandani sabablar ichida bo‘lishini iroda qilgan holatidir. Ya’ni dunyoviy g‘arazga erishish uchun amal qilish talab qilinadigan holatda bo‘lishidir. Bu holatni sabablar holati deyiladi.
Bir narsaning hosil bo‘lishi uchun ehtiyoji bor narsa sabab deyiladi. Misol keltiradigan bo‘lsak, to‘yish uchun taomga ehtiyoj bor. To‘yishning sababi taom.
Ehtiyoji bor taraf esa musabbab deyiladi.
Dunyodagi barcha narsalar o‘zidan boshqa narsaga sabab bo‘lishi bilan birga, yana boshqa biriga musabbab ham bo‘ladi. Ya’ni bir narsaga ehtiyoji tushsa, boshqa bir narsaning unga ehtiyoji tushadi.
Yana ham tushunarliroq bo‘lishi uchun, misol keltiraylik: bir odamning dunyoga kelishiga ota-onasi sabab bo‘ladi. U esa bolasining dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi. Urug‘ o‘simlikning o‘sishiga sabab bo‘ladi. O‘simlik urug‘ning pishishiga sabab bo‘ladi. Qo‘yingki, bu dunyodagi har bir narsa shunga o‘xshash boshqasiga bog‘liq va ular bir-birlariga sababdirlar.
Agar taammul ila o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bir narsa boshqasining paydo yoki yo‘q bo‘lishiga yoxud o‘zgarishiga ta’sir o‘tkazmasa, sabab deb atalishi mumkin emas. Bas, ta’sir qiluvchi sabab ekan, uning ta’siri doimiy bo‘lishi kerak. Agar ta’siri yo‘qoladigan bo‘lsa, sababligi ham qolmaydi. Ana shu tarzda doimiy takrorlanish oqibatida bizda «Falon narsaning piston narsaga ta’siri bor. Bu narsa u narsaning sababchisi», degan ma’nodagi tushunchalar paydo bo‘lgan. Bas, Alloh taolo qaysi bandani sabablar ichida turg‘izib qo‘ysa, u o‘sha sabablarni ishga solib, shariat ko‘rsatmalari asosida ish olib borishi kerak bo‘ladi.
Ikkinchi holat – Alloh taolo bandani sabablarga hojati tushmaydigan holatda qilib qo‘yishidir. Bu holat tajrid holati deyiladi.
Banda har ikki holatda o‘ziga yarasha tasarruf qilishi kerak. Ammo o‘zi bir holatda turib, ikkinchi holatda qilinishi lozim bo‘lgan ishni qilsa, xato qilgan bo‘ladi.
Keling, mazkur ikki holatni birma-bir o‘rganib chiqaylik.
«Alloh taolo seni sabablari ichida turg‘izganda tajridni iroda qilishing maxfiy shahvatdandir».
Alloh taolo bir odamga solih jufti halol va farzandlar ato qildi. Shariat hukmi bo‘yicha, mazkur kishi ahli ayoli va bola-chaqasini nafaqa bilan ta’minlashi vojib edi. Buning uchun u nafaqa topish uchun zarur bo‘lgan vosita – sabablarni ishga solib harakat qilishi kerak edi. Ammo u sabablar ichida turgan bo‘lsa ham, ularni ishga solmay, tajridni iroda qildi. O‘zicha, Alloh taologa tavakkul qildim, bola-chaqani U Zotning o‘ziga topshirdim, deb o‘zini ibodatga urdi. Bu ish xatodir. Uni ushbu xatoga shahvati, ya’ni nafsining tabiati muloyim ko‘rgan narsaga intilishi etakladi. Bu shahvatning maxfiyliga esa amalning sirtdan qiyin ko‘rinishi va zimdan rohat hamda shuhratning ko‘zlanishidir.
Sabablarni tark qilib, tajridga yuzlangan odam sirtdan o‘zi odatlanib qolgan narsadan ajralib qolgan va xohishiga qarshi ish qilayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa mehnatdan va shariat taklifidan qochayotgan va shuhratga intilayotgan bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, bu holat tasavvufni da’vo qilayotganlarda ko‘proq uchraydi.
Qabulimga bir kishi kirib, opasining savoli borligini, agar ruxsat bersam, ayolning o‘zi kirib aytmoqchi ekanini bildirdi. Unga ruxsat berildi. Ayol ma’yuslik bilan gap boshladi:
«Oilamizda bolalarimiz bilan yaxshigina yashab turgandik. Halol-pok rizqimiz bor edi. Ibodatni ham qo‘ldan kelganicha qilar edik. Xo‘jayinim birovga qo‘l berib, o‘zlarini devonalar deb nomlayotgan to‘pga qo‘shildi-yu, ishlarimiz chappasiga ketdi. Erim ishlarini tashladi. O‘shalarga qo‘shilib olib, marosimlarida qornini to‘yg‘izib yuribdi. Bizdan xabar olmaydi. Uyga uxlagani keladi, xolos. «Sizga nima bo‘ldi? Bizning holimizdan xabar olmay qo‘ydingiz. Axir bir jonga ham suv, ham non kerak», desak, «Senlar hammang fosiqsan, Alloh taolodan so‘rasang, rizqingni beradi», deydi. Nima qilishimizni bilmay qoldik. Endi o‘zim ko‘chaga chiqib, bolalarni boqishga majbur bo‘lmoqdaman».
Ushbu xotin ustidan shikoyat qilayotgan erni Alloh taolo sabablar ichida turg‘izib qo‘yganda, u tajridni iroda qilibdi. Tasavvufni da’vo qilgan, o‘zi tasavvufning haqiqatidan bexabar bo‘lganlarning gapiga uchib, zimmasida vojib bo‘lgan va qilsa, vojib amalning savobini oladigan shar’iy amalni tark qilib yuribdi.
Xuddi oila boshlig‘i kabi, jamiyat va kishilar uchun manfaati etadigan ishlardagi shaxslarni ham Alloh taolo sabablar ichida turg‘izgan bo‘ladi. Ular ham o‘z vazifalarini ado etishda sabablarga bog‘lanishlari talab qilinadi. Ularning hech biriga tajridni iroda qilishga ruxsat yo‘q.
«Alloh taolo seni tajridda turg‘izib qo‘yganda sabablarni iroda qilishing oliy himmatdan qulashdir».
Buning misoli quyidagicha. Bir yigitga otasi: «Bolam, bizning davrimizda o‘qib-o‘rganib, yaxshi odam bo‘lib olgin. Seni o‘qishga kirgizib qo‘yaman. Nima kerak bo‘lsa, muhayyo qilib beraman. Sen faqat o‘qishni bilgin. Boshqa narsani xayolingga keltirmagin», dedi. Va aytganini qildi. Ushbu o‘g‘ilning holati tajrid holati bo‘ladi. U sababga, ya’ni dunyoviy g‘arazga erishish uchun qilinadigan amalga muhtoj emas. Ammo mazkur yigit otasiga va’dani berib qo‘yib, o‘zi sabablar ortidan tushib ketsa, dunyoviy g‘araz bilan ovora bo‘lsa, oliy himmatdan qulagan bo‘ladi.
Odamlar bu dunyodagi hayotlari davomida ushbu hikmatda bahs yuritilayotgan ikki holatdan birida bo‘lishlarini, har kim o‘z holatini anglab olishi va unga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishlari lozimligini unutmasliklari kerak. Bunga ham misol keltiraylik.
Hajga borish uchun haj karvoni tuzildi. Aytaylik, karvon ming kishidan iborat. Karvonning o‘z ishchilari, tabiblari, oshpazlari va oddiy hojilar bor. Mana shu karvondagi ishchilar, tabiblar va oshpazlar haj bahonasida Alloh taolo sabablar ichida turg‘izib qo‘ygan kishilardir. Oddiy hojilar esa Alloh taolo tajrid ichida turg‘izib qo‘ygan kishilardir.
Karvondagi ishchilar, tabiblar va oshpazlar sababga,  ya’ni dunyoviy g‘arazga erishish uchun qilinadigan amallarni – ishchilar hojilarning tashkilotchilik ishlarini, tabiblar ularning sog‘liqlariga oid ishlarni va oshpazlar esa ularning oziq-ovqatlariga oid ishlarini bajarishlari shariatning talabidir. Ular sabablarni tark qilib, tajrid holiga tushib, kechayu kunduz ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsalar, xato qilgan, maxfiy shahvatlarining ko‘yiga tushgan bo‘ladilar.
Albatta, ushbu karvondagi oddiy hojilar tajrid holidadirlar. Ular oila, bola-chaqa, mansab, ish va boshqa barcha dunyoviy narsalardan ajrab, umrlaridagi eng ulug‘ safar va ibodatni niyat qilib chiqqanlar. Ular uchun kerak bo‘lgan ishlarni boshqalar bajarib turishibdi. Endi ular dunyo tashvishlarini unutib, o‘zlarini ibodatga urishlari lozim. Hajni bahona qilib, savdo-sotiq, o‘yin-kulgi va kayfu safo bilan mashg‘ul bo‘lishlari mutlaqo xatodir, oliy himmatdan qulashdir.
Demak, musulmon inson o‘z holini yaxshi bilishi kerak. Alloh taolo uni sabablar ichida turg‘izganda, sababchi bo‘lishi, tajridda turg‘izganda, tajridchi bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham mashoyixlar bu masalada odamlar uch turli bo‘lishini aytganlar:
1. Sabablar ichida turuvchi.
Uning hukmi rizo, sabr va istislomdir. Alomati esa sabablar unga oddiy foydalar etishida mustaqim turishidir. Uning o‘zi ham sabablarda shariat huquqlarini ado etishidir.
2. Tajridda turuvchi.
Uning hukmi shukr, eng shimarish, horimaslik va o‘zini past olishdir. Uning alomati barcha haqlarni ado etishi va barcha maxluqlardan yuz o‘girishidir.
3. Mazkur ikki holdan chiquvchi.
Uning hukmi – to foydaga ishonch hosil qilguncha bir sababdan boshqasiga o‘tishdir. Unda ham hech ishi yurishmasa, muqobil tarafga yoki ziddiga o‘tishi to‘g‘ri bo‘ladi. Zotan, bandaning hukmi Mavlosi turg‘izgan joyda turishdir va U Zot ega qilgan narsadan boshqani ixtiyor qilmaslikdir.
«Tanviyr»ning sohibi demishki: «Haq sendan taqozo qilgan narsa shulki, U Zot seni qaerda turg‘izsa, o‘sha erda turmog‘ingdir. Toki, Haqning O‘zi seni turg‘izganidek, O‘zi chiqarsin. Sen sababni tark qilma, sabab seni tark qilsin».
Alloh taolo barchamizni sabablar ichida turg‘izganda tajridni iroda qilib, maxfiy shahvatga giriftor bo‘lishdan asrasin. Tajridda turg‘izib qo‘yganida sabablarni iroda qilish ila oliy himmatdan qulashdan O‘zi saqlasin. «Xislatli hikmatlar sharhi» kitobidan. Vallohu a’lam!

30 May 2022, 15:05 | Savol-javoblar | 167 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar