Qur’on yodlash

Assalomu alaykum! Men Qur’on oyatlarini o‘zbekcha ma’nosini imkon qadar yodlashga va xayotimdagi turli vaziyatlarda eslab va qo‘llab, xayotimga tadbiq qilishga harakat qilaman! Arabchasini yodlashga imkonim bo‘lmayapti, lekin oxiratda xar bir yodlagan va xayotimga tadbiq qilingan oyat uchun Alloh tomonidan mukofotlanamami? Yoki albatta arabchasini ham yodlash kerakmi? Qur’onni eshitish va tinglash inson uchun qanday foyda keltirishi va qanday savoblarga erishtirishi haqida eslatsangiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo insonning tabiatiga to‘plash va ko‘paytirish degan unsurni joylashtirib qo‘ygan. U insonning ajralmas bir bo‘lagidir. Kimdir mol dunyo to‘playdi, kimdir marka to‘playdi, kimdir taklifnomalar to‘playdi. Kimdir eski osori atiqalar va hokazo narslarni to‘playdi. Bu inson tabiatidan hech qachon ajraylmaydi. Hatto qari kampirlarni qarasangiz cho‘ntagiga bir necha kerakli keraksiz narsalarni solib olgan bo‘ladi. biror narsa desangiz “senga og‘irligi tushyaptimi” deb ham qo‘yadi. Aslida bu juda yaxshi narsa. Faqat undan to‘g‘ri foydalanish kerak holos. Inson bu dunyoda qancha narsa to‘plasa ham barchasi bu dunyoda qolib ketadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu unsurdan to‘g‘ri foydalanib, biz nimani to‘plashimiz kerak va oxiratda nima bizga hamroh bo‘lishini ta’lim beradilar. «Hadis va Hayot» kitobida quyidagicha kelgan: عَنْ أَبِي أُمَامَةَ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَنْ تَعْلَمْ آيَةً مِنْ كِتَابِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ اسْتَقْبَلَتْهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ تَضْحَكُ فِي وَجْهِهِ Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh azza va jallaning kitobidan bir oyatni ta’lim olsa, qiyomat kuni bo‘lganida yuziga kulib boqqan holida qorini kutib oladi” dedilar. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يُقَالُ لِصَاحِبِ الْقُرْآنِ اقْرَأْ وَارْتَقِ وَرَتِّلْ كَمَا كُنْتَ تُرَتِّلُ فِي الدُّنْيَا، فَإِنَّ مَنْزِلَتَكَ عِنْدَ آخِرِ آيَةٍ تَقْرَأُهَا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on sohibiga: «Qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shunday tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi qiroat qilgan oyating darajasidadir», deyiladi», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy sahih degan. Ya’ni bizning har bir to‘plagan oyatimiz qiyomatdagi maqomimiz ekan. Buning uchun Qur’onni to‘liq yod olish shart emas. Kim qanchalik maqomda bo‘lishni hohlasa, o‘shancha to‘playversin. Yana boshqa bir ma’lumot: عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ، وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، لَا أَقُولُ ﭑ حَرْفٌ وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلَامٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga buning uchun bir savob bo‘lur. Har bir savob esa o‘n misli(ga ko‘paytirilur). «Alif. Laam. Miym – bir harf» demayman. Balki «Alif» bir harf, «Laam» bir harf, «Miym» bir harf», dedilar». Sharh: Bu hadisi sharifda Qur’oni Karim qiroati bitmas-tuganmas savob manbai ekani bayon qilinmoqda. Qur’oni Karimni o‘qigan odamga har bir harf uchun alohida savob berilar ekan. Umumiy qoidaga binoan, har bir savob o‘nga ko‘paytirib berilardi. Bundan Qur’oni Karimni o‘qigan odam uchun har bir harfni o‘qiganiga o‘n savob berilishi kelib chiqadi. Buning hammasi Qur’oni Karimning cheksiz fazlga ega bo‘lganidandir. Bas, shunday bo‘lganidan keyin bir harf bo‘lsa ham, Qur’oni Karimni o‘qishga harakat qilmog‘imiz zarur. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 04:21 | Savol-javoblar | 162 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar