Farzand asrab olish haqida bir necha savollar

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, farzand asrab olish haqida bir necha savollar bermoqchi edim. Hozir homiladorman, homila 1ta, farzandimni dunyoga keltirganimda yangi tug‘ilgan yana bir farzandni boqib olib unga ham ona suti berib egizak farzandlardek katta qilsak ularni egizak desak bo‘ladimi? 2. Agar qiz farzand asrab olsak turmush o‘rtog‘im va o‘g‘il farzandlarim uchun mahram bo‘ladimi, yoki aksincha o‘g‘il bola asrab olsakchi? 3. Egizak qilib katta qilib va buni xech kimga aytmasak faqat er xotin o‘rtasida sir bo‘lib qolsa va men tuqqanman desam bo‘ladimi? 4. Asrab olgan farzandimizni ota onasi bizmiz deb davo qilsak bo‘ladimi yoki u bola katta bo‘lganda seni asrab olganmiz deb aytishimiz kerakmi? 5. Etim farzand asrab olgan ota onalar xaqida dinimizda nimalar deyiladi ularning darajalari qanday? 6. Yangi tug‘ilgan farzand asrab olsak unga ham atab aqiqa qilib qo‘y so‘yish kerak bo‘ladimi? 7. Asrab olingan farzandni uylantirib yoki turmushga berishimiz mumkunmi yoki balag‘ot yoshiga etganda mustaqil hayot qurishi kerak bo‘ladimi? Javoblar uchun rahmat Allah rozi bo‘lsin. Javobni telegram kanalingizga ham qo‘ying.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Shariatimizda tabanniy ya’ni birovni bolasini o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan bolam yoki tutingan bolam deb tarbiyasiga olish joiz emas. Albatta yordamlashish ma’nosida qaramog‘iga olib tarbiya qilish joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkisini ham qilgan edilar. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni o‘g‘il qilib tutingan edilar, Aliy roziyallohu anhuni ko‘p farzandli oila bo‘lganlari uchun o‘z tarbiyalariga olganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni asrandi o‘g‘il qilib olishlarini bekor qildi. Aliy roziyallohu anhuni bekor qilmadi. Hozirda farzand boqib olayotganlar hammaga “o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan bolam” deb tanishtiradi, bolani o‘ziga ham ota-onasi kimligini aytishmaydi. Bu esa gunoh hisoblanadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ فِي خُطْبَتِهِ عَامَ حَجَّةِ الْوَدَاعِ: إِنَّ اللهَ قَدْ أَعْطَى لِكُلِّ ذِي حَقٍّ حَقَّهُ، فَلَا وَصِيَّةَ لِوَارِثٍ، الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ، وَلِلْعَاهِرِ الْحَجَرُ وَحِسَابُهُمْ عَلَى اللهِ، وَمَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ أَوِ انْتَمَى إِلَى غَيْرِ مَوَالِيهِ فَعَلَيْهِ لَعْنَةُ اللهِ التَّابِعَةُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ، لَا تُنْفِقُ امْرَأَةٌ مِنْ بَيْتِ زَوْجِهَا إِلَّا بِإِذْنِهِ، قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَلَا الطَّعَامَ؟ قَالَ: ذَلِكَ أَفْضَلُ أَمْوَالِنَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ  Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining vidolashuv hajidagi xutbalarida:
«Albatta, Alloh har bir haq egasiga haqqini berdi. Vorisga vasiyat qilish yo‘q. Bolaga to‘shakka qarab nisbat beriladi. Zinokorga tosh. Hisoblari esa Allohga havola. Kim otasidan boshqaning (nasabini) da’vo qilsa yoki o‘z mavlolaridan boshqaga mansub deb bilsa, unga qiyomatgacha Allohning uzilmas la’nati bo‘lgay. Xotin erining uyidan uning iznisiz nafaqa qilmas», deyayotganlarini eshitdim.
«Ey Allohning Rasuli, taomni hammi?» deyildi.
«U eng afzal molimiz-ku», dedilar u zot».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar.
Sharh: Qasddan birovning nasabiga qo‘shilish Islomda qattiq qoralanadi. Bu o‘zidan bo‘lmagan bolani «Meniki» deyish o‘zining otasi bo‘lmagan odamni «Mening otam», begona qabilani «Mening qabilam» deyish bilan barobardir.
Chunki bu hollarda ko‘pgina noshar’iy ishlar sodir bo‘ladi, haq-huquqlar poymol etiladi. Begona odam yolg‘on da’vo bilan mahram holiga kirib olishi, mo‘mina-muslimalar bilan noshar’iy holatlarda bo‘lishi, meros olishi va boshqalarning merosdagi nasibalarini buzib yuborishi mumkin.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda unday odamga Alloh taoloning la’nati uzilmay etib turishini ta’kidlab aytmoqdalar. Qiyomatda esa qilganiga yarasha jazosini oladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

27 Iyul 2022, 16:25 | Savol-javoblar | 175 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar