Zakladni qaytarib olish mumkinmi?

Assalomu alaykum! Bir binoni ijaraga olish uchun 10 kun avval zaklad bergan edim. U binoning 4 dan 1 qismida bir do‘kon ijara asosida faoliyat yuritib borar edi. Bino egasi bilan kelishuvimizdan keyin o‘sha do‘konga bino egasi binoni tark etishi kerakligini aytdi. Lekin men bu orada o‘z fikrimdan, ya’ni binoni ijaraga olish fikridan qaytdim. O‘sha ishlab turgan do‘kon xali butunlay binoni bo‘shatgani yo‘q. Savolim shuki, men o‘z zakladimni qaytarib olishim mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz hali bino egasi bilan ijara bitmini og‘zaki yoki yozma ravishda tuzmagan bo‘lsangiz bergan pulingizni to‘liq qaytarib olishga haqlisiz. Agar tuzib bo‘lgan bo‘lsangiz ijara bitmini buzish mumkin emas. Uni buzish uchun ikki tarafning roziligi yoki bir tarafning ijarani buzish uchun shar’iy uzri bo‘lishi lozim. Ijaraga oluvchidagi shar’iy uzr deganda ijaraga olinuvchi mulkdan foydalanish tufayli ijarachining joni yoki moliga  shartnomada ko‘zda tutilmagan zarar etishi tushuniladi. Shunga ko‘ra, ijaraga oluvchi tarafning bankrotga uchrashi, kasbini o‘zgartirishi, safarga chiqishi kabilar uzr bo‘la oladi. Bunday holatlarda ijara bitimi buzilib, o‘sha kundan keyingi davr uchun qilingan to‘lov qaytarib berilishi lozim bo‘ladi.  
Agar sizning masalangizda bunday shar’iy uzr topilmasa tuzilgan ijara bitimini buzishga haqli emassiz. Vallohu a’lam!

2 Avgust 2022, 18:22 | Savol-javoblar | 178 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar