Bismillah aytib esa halol bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Ko‘pincha mexmondorchilikka borganimizda yoki uyimizga mexmon kelganida o‘zlari bilan grill olib kelishadi. Akam xar bir tovuq uchun aloxida Bismillah deb aytilmasa u xorom degandilar, o‘shandan beri grill emay qo‘yganman. Xamma nega emayabsan deb so‘raganda akam aytgan gapni aytaman shunda ular: biz xalol mexnat qilib peshona terimizga olyabmiz buni, u aytmagan bo‘lsa gunoxi o‘ziga, san bismillax deb esang xalol bo‘laveradi deyishadi. Xop deb baribir emayman. Ularning gapi xaqiqatga qanchalik to‘g‘ri? Rostan xam nimani bismillax deb esam xalol bo‘ladimi? Singlim bismillax so‘zi shayton san bilan birga ovqatlanmasligi uchun aytiladi degandi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ovqat tanovul qilishdan oldin “bismillah”ni aytish bilan jonliq so‘yish oldidan aytiladigan “bismillah” o‘rtasida juda katta farq bor. Avvalgisi sunnat, keyingisi esa farzdir. Avvalgisi tark qilinsa taom harom bo‘lib qolmaydi. Ammo keyingisi qasddan tark qilinsa o‘sha so‘yilayotgan hayvonning go‘shti haromga aylanadi. Shu tufayli go‘sht mahsulotlarini sotib olayotganda yoki tanovul qilayotganda unga so‘yilish paytida “bismillah” aytilgan-aytilmaganiga e’tibor qaratish kerak. Albatta bu o‘zga musulmonlar borasida doimo yomon gumonda bo‘lish kerakligini anglatmaydi. O‘rta me’yorni ushlagan holda luqmaga e’tibor qaratish lozim.عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ قَوْمًا قَالُوا لِلنَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّمإِنَّ قَوْمًا يَأْتُونَا بِاللَّحْمِ لَا نَدْرِي أَذُكِرَ اسْمُ اللهِ عَلَيْهِ أَمْ لَا، فَقَالَ: «سَمُّوا عَلَيْهِ أَنْتُمْ وَكُلُوهُ». قَالَتْوَكَانُوا حَدِيثِي عَهْدٍ بِالْكُفْرِتَابَعَهُ عَلِيٌّ عَنِ الدَّرَاوَرْدِيِّوَتَابَعَهُ أَبُو خَالِدٍ وَالطُّفَاوِيُّOisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir qavm Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Bir qavm bizga go‘sht olib keladi. Ustida Allohning ismi zikr qilinganmi, yo‘qmi, bilmaymiz», dedi. U zot: «Unga o‘zlaringiz tasmiya aytinglar va uni eyaveringlar», dedilar. Ular kufrdan yangi chiqqanlar edi».
Izoh: Bu hadisdan «Tasmiyasiz so‘yilgan jonliqni eyish paytida tasmiya aytsa, so‘yish paytidagining o‘rniga o‘tar ekan», degan ma’no chiqmasligi kerak. Balki bu erda «O‘zga musulmon jonliqni so‘yayotgan paytda biz uning so‘yishiga guvoh bo‘lmaganmiz. Mabodo u unutgan holda tasmiya aytmagan bo‘lsa, biz uning tasmiyani zikr qilgani yoki unutganini aniq bilmay turib esak bo‘ladimi?» degan savol berilmoqda. Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Siz o‘zingizga buyurilgan sunnatni bajarib, eyavering, boshqa musulmonlar haqida yomon gumonda bo‘lmang», demoqdalar. (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

20 Avgust 2022, 15:02 | Savol-javoblar | 175 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar