Ehson pulini extiyoj uchun ishlatish

Assalomu alaykum! Akamni ayoli exson bilan shug‘ullanadi. Beva ayollar va etim bolalarga kiyim, oziq-ovqat nima ehtiyoji bo‘lsa shuni yig‘ib tarqatib beradi. Lekin yaqinda plastik kartasiga exson uchun tushgan puldan foydalanayotganini bildim. Mumkinmasku diganimda exsonni 4dan 1qismini olsak bo‘ladi deb javob berdi. Shu to‘g‘rimi? Agar noto‘g‘ri bo‘lsa jazosi nima? Exsondan tushgan puldan ro‘zg‘or qiladi. Uni egan odamga qanday jazo?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Agar bunga ehson qiluvchilarning ruxsati bo‘lmasa o‘zgalarning molini botil yo‘l bilan egan bo‘ladi. Alloh taolo "Niso" surasida marhamat qiladi:يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ «Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang». (29-oyat).
Birovning molini botil yo‘l bilan eyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzga olgan narsalarni qaytarib bermaslik va boshqalar kiradi.
Ushbu oyat va uning sharhi bilan yuqorida tanishgan edik. Keyingi oyatda Alloh taolo marhamat qiladi:ومن يفعل ذلك عدوانا وظلما فسوف نصليه نارا وكان ذلك على الله يسيرا «Kim buni tajovuzkorlik va zulm ila qilsa, albatta, uni olovga kiritib, kuydirurmiz. Bu esa Allohga osondir». (30-oyat).
Oyatdagi «buni» so‘zi bir-birining molini botil yo‘l bilan eb, o‘zini o‘zi halokatga duchor qilishga ishoradir. Demak, kim birovning molini tajovuzkorlik (ya’ni haromligini bilib turib) va zulm ila (ya’ni tap tortmay) esa, oxiratda do‘zaxga kiritiladi. Odatda botil yo‘l bilan mol eydiganlar bu dunyodagi hukumatlar tayin qilgan jazolardan qutulib ketishadi. Shuning uchun ham ularning zehniga, ilojini topsa, hamma narsadan qutulsa bo‘ladi, degan fikr o‘rnashib qolgan bo‘ladi.
O‘sha fikrni ko‘tarish uchun oxirida:
«Bu esa Allohga osondir», deyilmoqda. Ya’ni botil yo‘l bilan mol eganlarni do‘zaxga kiritish Alloh uchun osondir. Hech kim qochib, hiyla qilib qutula olmaydi.
Musulmon kishi harom yo‘l bilan mol-dunyo kasb qilishdan xuddi cho‘chqaning go‘shtini eyishdan hazar qilgandek hazar qilishi kerak. Harom yo‘l bilan mol-dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda bo‘ladi. Bu dunyoda azob-uqubat, turli balo-ofatlarga yo‘liqadi, u dunyoda jahannam ichida turib, qorniga taom o‘rniga olov eydi.
Haromdan hazar qilish musulmonlarning asosiy fazilatlaridan biri bo‘lganidek, shubhali narsalardan hazar qilish ham salafi solihlarimizning odatlari bo‘lgan. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu shubhali narsadan bir luqma eb qo‘yib, keyin uni qayt qilib tashlaganlari ma’lum va mashhur.
Rivoyatlarda zikr qilinishicha, Bishrul Hofiy rahmatullohi alayhiga onalari bir dona xurmo berganida eb turib, ko‘chaga chiqib, qayt qilib tashlagan ekanlar. Chunki o‘sha xurmo shubhali bo‘lgan. Onani xafa qilmaslik uchun eyilgan, so‘ng taqvo yuzasidan qusib tashlangan.
Abon ibn Abu Ayyosh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Anas roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying», dedim. U zot:
«Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», dedilar»
. (Daylamiy rivoyat qilgan).
Qaysi zamon, qaysi makonda bo‘lishidan qat’i nazar, duoim qabul  bo‘lsin, degan har bir mo‘min-musulmon halol kasb ila shug‘ullansin, eydigan luqmasini halol qilsin. Ana o‘shandagina duosi qabul bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu javoblaridagi
«Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», degan so‘zlariga alohida e’tibor beraylik. Bundan juda oz miqdordagi harom narsa insonga ilashsa ham, uning duosi qabul bo‘lmasligi kelib chiqadi.
Bir luqma taom oz narsa, insonning bir marta ovqatlanishi davomida ham bir luqma deyarli hech narsani tashkil qilmaydi. Lekin siz bilan bizning nazarimizda arzimas bo‘lib ko‘ringan o‘sha bir luqma uni egan odamning duosini qirq kungacha qabul bo‘lmaydigan qilib qo‘yar ekan.
Ehtimol, tanovul qilingan har bir taomning asari inson jismida qirq kungacha tursa kerak.
Endi insof bilan o‘ylab ko‘raylik. Hammamizning qilayotgan har bir kasbimiz, topayotgan molu mulkimiz halolmi? Hammamizning tanovul qilayotgan har bir luqmamiz halolmi?
Endi nima uchun duolar qabul bo‘lmayotganini, nima uchun ishlar yurishmayotganini tushunib etgandirmiz?!
Ushbu ulug‘ hadisi sharifga amal qilib, kasbimizni pok qilishimiz, bir luqma ham haromni og‘zimizga olmasligimiz lozim. Ikki dunyoning baxt-saodati shundadir. Vallohu a’lam!

22 Avgust 2022, 00:12 | Savol-javoblar | 161 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar