Ramazon oyidan keyingi tutiladigan ro‘za

Assalomu alaykum! Kattalarimizdan Ramazon oyidan keyingi, ya’ni Iyd Al Fitrning ikkinsi kunidan boshlab 6 kun tutilgan ro‘zaga, bir yillik tutilgan ro‘zaning savobi berilishini eshitib qoldim. Ammo bu haqida qaerdan o‘qishganini aniq aytib berisha olmadi. Savolim shuki, yuqoridagi aytib o‘tkanim haqiqatdan ham shundaymi? Bu haqida qaysi kitobdan o‘qib bilsam bo‘ladi? Javobingiz uchun oldindan cheksiz minnatdorman. Alloh rozi bo‘lsin. Hurmat bilan, Bahodirbek.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ushbu ro‘zani ketma-ket tutish shart emas. Shavvol oyining ichida olti kun tutilsa bo‘ldi. Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Sharh: Ramazon oyidan keyin keladigan Shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilish o‘ziga yarasha hikmatga ega. Avvalo, doimo nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilinadi. Qolaversa, Ramazon bo‘yi ro‘za tutib yurib, Shavvolda birdan o‘zini ovqatga urish ham yaxshi emas. Tabiblar ham ochlikdan chiqqandan keyin ovqat iste’molini asta-sekin ko‘paytirishni tavsiya qiladilar. («Hadis va hayot» kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:14 | Savol-javoblar | 152 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar