Me’yor va Zarf

Assalomu alaykum! Shayx Hazratlarini "Amallar niyatga bog‘liqdir" kitoblarini o‘qiyotib, ibodatlarning vaqti haqida ikki atamaga duch keldim. Bular me’yor va zarflardir. Iltimos, shu atamalar haqida batafsil tushuntirib bera olasizlarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Vojibning qismlari Turli omillar e’tiboridan vojib to‘rtga taqsimlanadi.Birinchi taqsim ado qilish vaqti e’tiboridan bo‘lib, mutlaq vojib, muqayyad vojib va muvaqqat vojibga bo‘linadi.
Shariatda qilinishi shak-shubhasiz, qat’iyan talab qilingan narsa mutlaq vojibdir. Lekin uning ado qilish vaqti tayin qilinmagan bo‘ladi. Bunga kafforotlar misol bo‘la oladi. Jumladan, qasamning kafforoti. Bu ishni amalga oshirish vaqti tayin qilinmagan.
Qasamxo‘r qasamiga amal qila olmasa, kafforotni darrov ado qiladimi yoki keyinroqmi - baribir.
Haj ham shunga o‘xshash, imkoni etganda vojib bo‘ladi. Lekin “Falon yili qilishi shart” degan gap yo‘q.
Shariatda muqayyad va muvaqqat vojibni qilish qat’iyan talab qilingan va vaqti belgilangan. Buning misoli - besh vaqt namoz. Har bir namozning vaqti muayyan, o‘sha vaqtda bajarish farz. Ramazon oyining ro‘zasini tutish ham shu oyga bog‘liq. Undan ortga surib yoki oldinga o‘tkazib bo‘lmaydi.
Bu taqsimdan kelib chiqadigan xulosa shuki, muqayyad vojibni tayin qilingan vaqtdan ortga surgan mukallaf, agar uzrsiz bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi. Mutlaq vojibning esa muayyan vaqti yo‘q, qachon xohlasa, shunda ado qilaveradi.
Hanafiy ulamolar nazdida muqayyad vojib uch turga bo‘linadi.Birinchi turi: kengaytirilgan vojib.
Uning vaqtini (ushbu vaqt “zarf” yoki “muvassa’” deb ham ataladi) Alloh taoloning O‘zi keng qilib qo‘ygan. O‘sha vaqt ichida mazkur vojibning o‘zini ado etsa ham, unga o‘xshagan boshqasini ado etsa ham, imkon bo‘ladi.
Misol uchun, peshin namozining vaqti quyosh qiyomdan oqqanidan boshlab, har bir narsaning soyasi o‘zining qiyom paytidagi asl soyasidan tashqari o‘ziga ikki barobar bo‘lguncha. Shu vaqt ichida peshinni o‘qib olib, unga o‘xshagan namozni yana o‘qisa bo‘laveradi.Ikkinchi turi: toraytirilgan vojib.
Uning vaqti chegaralangan bo‘lib, unda o‘zidan boshqa ibodatni qilib bo‘lmaydi. O‘z jinsidagi boshqa narsa u erga sig‘maydi.
Misol uchun, Ramazon oyida ro‘za tutish farz qilingan. Shunda faqat mazkur oyning ro‘zasi tutiladi xolos. Bu oyda boshqa xil, masalan nafl ro‘zaga vaqt yo‘q, sig‘maydi. Bu “me’yor” ham deyiladi.Uchinchi turi: ikki xil o‘xshashi bor vojib.
Bunda vojib ish bir jihatdan o‘zining vaqtiga o‘zi sig‘adi va undan boshqasi sig‘maydi. Yana boshqa jihatdan esa boshqasining ham sig‘ish imkoni bor.
Misol uchun, haj bir jihatdan o‘zining vaqtiga o‘zi kifoya qiladi, ya’ni haj oylariga undan boshqa haj sig‘maydi. Shuning uchun ham bir kishining bir yilda bittadan boshqa haj qilish imkoni yo‘q. Boshqa bir jihatdan olganda, boshqasi ham sig‘ishi mumkin. Chunki haj ibodatining vaqti keng - ikki oyu o‘n kun - shavvol, zulqa’da va zulhijjaning o‘n kuni.
Mana shu taqsimdan ba’zi bir natijalar ham kelib chiqadi.
Kengaytirilgan vojib amalni ado etayotganda niyat bilan uni tayin qilib olish vojibdir. Niyat bilan tayin qilmasa, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bir odam peshin vaqtida to‘rt rak’at namoz o‘qiydi. Agar o‘sha namozni o‘qiyotganda tayin qilib, “Peshin namozini o‘qiyapman”, deb niyat qilgan bo‘lsa, peshinning to‘rt rak’at farzini ado qilgan bo‘ladi. Agar “Peshinning farzini o‘qishni niyat qildim” demasdan, “To‘rt rak’at namoz o‘qishni niyat qildim”, degan bo‘lsa, farzning adosiga o‘tmaydi. Agar muayyan vaqtdan keyin o‘qisa, ado topmaydi. Chunki o‘z vaqtidan keyin o‘qilgan namoz qazo bo‘ladi. Agar bir marta o‘qib, vaqt borida, kamchiligi bo‘lgani uchun yana boshqatdan o‘qisa, bu o‘sha namozni qaytarish bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining nazdida vaqti tor bo‘lgan vojibda (me’yorda) mukallaf niyatni tayin qilishi vojib emas.
Misol uchun, Ramazonda ro‘za tutishni niyat qilsa, etarli. Albatta, tayinli niyat qilish shart emas. Chunki o‘zi shundoq ham Ramazonning ichida turibdi. Undan boshqa narsani qilish imkoni yo‘q, bunga ruxsat yo‘q. Shuning uchun Ramazon oyida “Ro‘za tutdim”, deb niyat qilib qo‘ysa, bo‘ladi. “Ramazon ro‘zasini”, “farz ro‘zani” deb aytish shart emas. Ana shu ro‘zasi o‘z-o‘zidan farz ro‘zaning o‘rniga o‘taveradi.
Agar ramazon oyida “Nafl ro‘za tutdim”, deb niyat qilsa ham, nafl emas, farz bo‘laveradi. Taqozoi hol shuni talab qiladi. (“Usulul fiqh” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Avgust 2022, 14:56 | Savol-javoblar | 182 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar