Hurmat yuzasidan

Assalomu alaykum! Alxamdulillax ish joyimda namoz o‘qishga sheriklarim bilan almashib bo‘lsada imkon bor. Bir kuni namozni boshlayotgan edim yoshlari mendan ancha katta bo‘lgan va namozni ham mendan ko‘ra avvalroq boshlagan sherigim to‘xtang birga o‘qiymiz dedi. Yoshining hurmati yuzasidan uni imomlikka o‘tkazdim. Lekin Fotixa surasida bir oyat kam o‘qidi. Zam sura ham chala bo‘ldi. O‘zimniing ilmim aql o‘rgatadigan darajada emasligi uchun namozdagi xatosini aytishni ham aytmaslikni ham bilmay qoldim. 1-savol shunday xolatda qanday yo‘l tutaylik? 2-savol o‘qigan namozimizning xukmi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Oralaringizda kim namozning farz, vojib, sunnatlarini, uni buzuvchi narsalarni yaxshi bilsa va qiroati to‘g‘ri bo‘lsa o‘sha imomlikka o‘tsin.
Imomlikka haqlirog‘i: 
1. Sunnatni biluvchirog‘i.
2. So‘ngra qorirog‘i.
3. Keyin parhezkorrog‘i.
4. So‘ng yoshi kattarog‘i.عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «يَؤُمُّ الْقَوْمَ أَقْرَؤُهُمْ لِكِتَابِ اللهِ، فَإِنْ كَانُوا فِي الْقِرَاءَةِ سَوَاءً فَأَعْلَمُهُمْ بِالسُّنَّةِ، فَإِنْ كَانُوا فِي السُّنَّةِ سَوَاءً فَأَقْدَمُهُمْ هِجْرَةً، فَإِنْ كَانُوا فِي الْهِجْرَةِ سَوَاءً فَأَكْبَرُهُمْ سِنًّا، وَلَا يُؤَمُّ الرَّجُلُ فِي سُلْطَانِهِ، وَلَا يُجْلَسُ عَلَى تَكْرِمَتِهِ فِي بَيْتِهِ إِلَّا بِإِذْنِهِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Qavmga ularning ichidan Allohning Kitobiga qoriroqlari imom bo‘ladi. Agar qiroatda barobar bo‘lsalar, sunnatni yaxshi biladiganlari. Agar sunnatda ham barobar bo‘lsalar, hijrati qadimgi bo‘lganlari. Agar hijratda ham barobar bo‘lsalar, yoshi kattalari bo‘ladi. Bir odam hech qachon boshqa birovga uning saltanatida imomlik qilmasin va uning uyidagi o‘zi uchun tayyorlangan joyga o‘tirmasin. Magar uning izni ila bo‘lsa, mayli», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Ushbu hadisi sharifda imom bo‘lishga kim loyiqligi ketma-ket, bir necha sifatlar ila bayon qilib berilmoqda. Shu bilan birga, ulamolarimiz ta’kidlaganidek, mazkur sifatlarda o‘sha vaqt voqe’ligi e’tiborga olinmoqda.
Endi o‘sha sifatlarni birin-ketin ko‘rib chiqaylik.
Avvalo har bir qavmga ularning ichidan:
«Allohning Kitobiga qoriroqlari imom bo‘ladi». 
Bu, imom tanlash vaqtida avvalo Qur’onni bilish, qiroat qilish sifatiga qaraladi, deganidir.
«Agar qiroatda barobar bo‘lsalar, sunnatni yaxshi biladiganlari» bo‘ladi.
Ba’zi ulamolar: «Imomlikka da’vogarlar ichidan munosibini tanlash uchun xuddi shu tartib yo‘lga qo‘yilib, birinchi qori, ikkinchi olim bo‘ladi», deganlar. Ularning dalili ushbu hadisning zohiridir. Lekin jumhur ulamolar, jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari ham: «Sunnatni yaxshi biladigan olim qoridan muqaddam bo‘ladi, chunki olim odam namoz uchun kerakli Qur’on qiroatini yaxshi bilishi turgan gap, ammo qori odam namozda yuzaga kelib qoladigan masalalarni darhol hal qilib ketaverishi qiyin», deganlar.
Ushbu hadisda qorining avval bayon qilinishi sahobai kiromlarning qorilari olim ham bo‘lganligi e’tiboridandir.
Demak, namoz haqida eng ilmi ko‘p odam zohiriy fahsh ishlardan chetda bo‘lishi va Qur’ondan keragini yaxshilab yodlagan bo‘lishi sharti bilan imomlikka eng haqli odam bo‘ladi.
«Agar sunnatda ham barobar bo‘lsalar, hijrati qadimgi bo‘lganlari».
Ya’ni imom bo‘lishga avvalroq hijrat qilganlari loyiqroqdir.
«Agar hijratda ham barobar bo‘lsalar, yoshi kattalari bo‘ladi». Vallohu a’lam!
Ushbu linkdagi maqolani o‘qib, imomda topilishi lozim bo‘lgan shartlarni to‘liq o‘rganib chiqing: https://fiqh.uz/maqola/709 

2). Namozingiz durust. Fotiha surasidan bir oyatni adashib tark qilish namoz oxirida sajdai sahv qilishni vojib qiladi. Agar sajdai sahv qilmay namoz tugatilgan bo‘lsa uning vaqti chiqmasidan avval qayta o‘qiladi. Vaqti chiqqanidan so‘ng qayta o‘qilmaydi. Zam suraga keladigan bo‘lsak, uning eng ozi uch oyat yoki shunga teng keluvchi bir uzun oyatdir. Bundan oz miqdorda o‘qigan bo‘lsa buning hukmi ham yuqoridagidekdir. Vallohu a’lam!

28 Sentabr 2022, 13:34 | Savol-javoblar | 105 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar