Bepul Sim kartani sotish hukmi

Assalomu alaykum! Operator(sim karta sotuvchi)man. Sim kartalar bepul va har xil pullik turlarga bo‘linadi va men bepullari haqida savol so‘ramoqchiman ijozatingiz bilan. Bepul sim kartalarni yoqib berishda biz ularni bepul ekanini mijozga aytamiz va yoqib berganimiz uchun xizmat haqqi sifatida 10 000 (o‘n ming) so‘m pul olamiz va bu ishni batafsil kompaniya operatorlariga telefon qilib so‘rasam bu ish xato va biz bunga ruxsat bermaganmiz dedi (Mobi.uz va Uzmobildan) va yana sim karta yoqib bergani uchun pul olishga haqqi yo‘q umuman deyishdi. Savolim shuki biz sim karta sotishda olayotgan pullar harommi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘zganing mulkini uning iznisiz “sotib” pul topar ekansizlar. Qanday qilib halol bo‘lsin? Agar bu pulni sim kartani yoqib berganingiz uchun olayotganingizni ro‘kach qilsangiz, bu ham o‘sha pullarni halol qilmaydi. Chunki sim kartani yoqib berish kompaniya tomonidan sizga yuklatilgan vazifa bo‘lib, bu uchun kompaniyadan ish haqi olasiz. Ishchi shartnomaga ko‘ra o‘z zimmasiga tushgan ishni bajarish uchun uchinchi tarafdan haq talab qilishi joiz emas. Bu huddi do‘kondan oylik olib ishlaydigan ishchi narsa sotayotgani uchun do‘konga kelgan haridorlardan  qo‘shimcha pul talab qilishiga o‘xshaydi. Vallohu a’lam!

12 Oktabr 2022, 00:10 | Savol-javoblar | 320 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar