Allohning do‘stlari bormi?

Assalomu alaykum! “Bir olimning kundaligi” kitobida “Allohning eng yaqin do‘sti Ibroxim” deb yozilgan ekan. Allohning xam do‘stlari bo‘ladimi? Shu mavzuni to‘liqroq tushuntirib bera olasizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Yunus" surasida marhamat qiladi:   أَلا إِنَّ أَوْلِيَاء اللّهِ لاَ خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلاَ هُمْ يَحْزَنُونَ۝62. Ogoh bo‘lingkim, Allohning do‘stlariga xavf yo‘qdir va ular mahzun ham bo‘lmaslar.
Ha, Allohning do‘stlariga ham bu dunyoda va ham oxiratda hech qanday xavf yo‘qdir. Ular ikki dunyoda ham to‘liq omonlikdadirlar. Ular bu dunyoda Allohga do‘st bo‘lganlari uchun, U Zotning ko‘rsatmalari bo‘yicha halol-pok, to‘g‘ri yashaganlari uchun ularga hech narsa xavf-xatar solmaydi. Ularning sog‘lig‘iga, molu mulkiga, obro‘-e’tiboriga, oilasiga, jonlariga, umuman, hech narsalariga hech qanday xavf yo‘q.
Shuningdek, oxiratda ham ularga do‘zaxning, undagi azob-uqubatlarning hech qanday xavfi yo‘q.
Allohning do‘stlari bu dunyoyu oxiratda hech xafa ham bo‘lmaslar. Ular doimo xursand bo‘lurlar.
Ana o‘sha baxtiyor shaxslar, Allohning do‘sti bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lganlar, ikki dunyoda xavfdan xoli bo‘lganlar, ikki dunyoda xafa bo‘lmaydiganlar kimlar o‘zi? الَّذِينَ آمَنُواْ وَكَانُواْ يَتَّقُونَ۝63. Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir.
Demak, Allohning do‘sti bo‘lish juda ham oson ekan. Buning uchun avvalo U Zotga iymon keltirish, ikkinchidan esa taqvodor bo‘lish, ya’ni Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash lozim ekan. Kimning iymonida zarracha xato bo‘lsa yoki Allohning ko‘rsatmalari asosida emas, o‘zganing yo‘lida hayot kechirsa yoxud o‘ziga o‘zi yo‘llanma tuzib olsa, u odam Allohga do‘st bo‘lish baxtidan mahrumdir. Allohga do‘st bo‘lganlarga esa: لَهُمُ الْبُشْرَى فِي الْحَياةِ الدُّنْيَا وَفِي الآخِرَةِ لاَ تَبْدِيلَ لِكَلِمَاتِ اللّهِ ذَلِكَ هُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ۝64. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham xushxabar bor. Allohning so‘zlarini o‘zgartirish yo‘q. Ana o‘sha buyuk yutuqdir.
Allohning do‘stlariga ikki dunyo saodatining xushxabari bor. Ular iymonlari va taqvolari tufayli, Allohning inoyati ila, avvalo bu dunyoda saodatli hayot kechiradilar. Oxiratda esa xuddi shu iymonlari va taqvolari sababli jannatga doxil bo‘ladilar.
Mazkur xushxabar Allohning so‘zlaridir.
«Allohning so‘zlarini o‘zgartirish yo‘q. Ana o‘sha buyuk yutuqdir».
Hozirda ba’zi musulmon jamiyatlar o‘sha ulug‘ yutuqqa bu dunyo hayotida erisha olmayotgan bo‘lsalar, bu narsa Allohning kalimalari o‘zgarganiga emas, balki iymon va taqvoda kamchilik borligiga yoki iymon va taqvoning umuman yo‘qligiga dalildir.
Alloh taolo “Furqon” surasida ham quyidagicha marhamat qiladi: وَعِبَادُ الرَّحْمَنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْنًا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَامًا۝63. Rohmanning bandalari er yuzida tavoze’ ila yuradigan va johillar xitob qilganlarida, «Salom», deydiganlardir.
Rohman vasfli Alloh taoloning suyukli bandasi bo‘lish uchun inson bir necha sifatlarga ega bo‘lishi lozim ekan. O‘sha sifatlar ushbu oyati karimadan boshlab, suraning oxirigacha sanab o‘tiladi.
Birinchi sifat:
«...er yuzida tavoze’ ila yuradigan...»
Rohmanning suyukli bandasi bo‘lish sharafiga erishgan inson er yuzida kamtarlik, soddalik va muloyimlik bilan yuradi. Unda takabburlik, manmanlik, vahshatu dahshat, turli soxta ko‘rinishlardan asar ham bo‘lmaydi. Shu bilan birga, bo‘shanglik, irodasizlik, behuda qisilib-qimtinish, o‘zini pastga urish ham bo‘lmaydi.
Rohmanning eng suyukli bandasi, Habibur-Rohman Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yurishlari buning tatbig‘idir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan go‘zalroq hech narsani ko‘rmadik. Go‘yo quyosh u zotning yuzlarida yurgandek edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tezroq yuradigan biror odamni ham ko‘rmadik. Xuddi er u kishi tomon o‘ralib kelayotganga o‘xshardi. Biz charchab qolardik, u kishi esa charchamasdilar».
Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilingan hadisda esa «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuddi tepalikdan tushib kelayotgan odamdek g‘oz yurar edilar», – deyilgan.
Oyatning davomida Rohmanning suyukli bandalarining er yuzida yurib ketayotganlaridagi ba’zi muammolari ham zikr etilgan.
«...johillar xitob qilganlarida, «Salom», deydiganlardir».
Johillar doimo Rohmanning suyukli bandalariga gap otib, turli mashmashalar chiqarishga harakat qiladilar. Ammo Rohmanning suyukli bandalarining ular bilan adi-badi aytib o‘tirishga vaqtlari yo‘q. Befoyda gap-so‘zni o‘zlariga ortiqcha biladilar. Shuning uchun johillardan qo‘rqadigan joylari bo‘lmasa ham, ularning xitobiga «Salom» («Omon bo‘l») deb javob aytadilar. Yoki o‘zlariga salomatlik keltiradigan biror gap-so‘z aytib qo‘yib, parvo ham qilmay, ketaveradilar.
Ikkinchi sifat: kechalarni ibodat bilan o‘tkazish. وَالَّذِينَ يَبِيتُونَ لِرَبِّهِمْ سُجَّدًا وَقِيَامًا۝64. Ular tunlarni Robblariga sajda qilib, bedor o‘tkazadiganlardir.
Arablarda kechani bedor bo‘lib, ibodat bilan o‘tkazishga «qiyomullayl» – «kechani tik turgan holda o‘tkazish» deyiladi. Kechasi turib, namoz o‘qish, Allohga sajda qilish ulug‘ ibodatdir. Har bir inson uchun o‘ta zarur amaldir. Ayniqsa, kechaning uchdan biri qolganida bedor bo‘lib, nafl namoz o‘qish ulkan savob va cheksiz xayr-barakaga sabab bo‘ladigan ishdir. Har bir mo‘min bandaning kechasi tahajjud namozi o‘qishga odatlanishi zarurligi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida qayta-qayta ta’kidlangan. Kechasi kam deganda, sakkiz rak’at nafl namoz o‘qish yaxshi ish ekanini ulamolarimiz qattiq ta’kidlaganlar.
Uchinchi sifat: doimo jahannam azobidan qo‘rqib, taqvo ila yurish. وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا اصْرِفْ عَنَّا عَذَابَ جَهَنَّمَ إِنَّ عَذَابَهَا كَانَ غَرَامًا۝ إِنَّهَا سَاءتْ مُسْتَقَرًّا وَمُقَامًا۝65. Ular: «Robbimiz, O‘zing bizdan jahannam azobini burgin, albatta, jahannam azobi doimiydir.
66. Albatta, u naqadar yomon qarorgoh va turar joydir», deydiganlardir.

Mo‘minlar iymonlariga, amallariga, kechasi bedor bo‘lib, namoz o‘qib, sajda qilishlariga ishonib qolmaydilar. Rohmanning suyukli bandalari doimo, har lahzada Unga yolvorib, jahannam azobidan saqlashini so‘rab, iltijo qilib turadilar. Chunki ular
«...albatta, jahannam azobi doimiydir. Albatta, u naqadar yomon qarorgoh va turar joydir», deydiganlardir».
Ular jahannam nima ekanini juda yaxshi tushunadigan va butun vujudlari bilan chuqur his etadigan kishilardir. Bu hislari ularni doimo o‘sha jahannam azobiga duchor etadigan ishlarni qilmaslikka va doimo Allohga yolvorib, jahannam azobini uzoq qilishini iltijo ila so‘rab turishga undaydi.
Bu ma’noni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari va sunnatlarida ham yaqqol ko‘ramiz. Ul zoti bobarakot doimo bu narsadan Allohning O‘zidan panoh so‘rar edilar. Hadisi shariflardan birida esa mo‘minlarga Shom namozidan keyin «Allohumma ajirna minan-nar», ya’ni «Allohim, meni jahannam otashidan asragin», deb etti marta aytishni o‘rgatganlar.
To‘rtinchi sifat: mol-pul sarflashda o‘rtacha bo‘lish. وَالَّذِينَ إِذَا أَنفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا۝67. Nafaqa qilganlarida isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o‘rtasida mo‘’tadil bo‘lurlar.
Arab tilida «nafaqa» iborasi mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda bu so‘zni birovga sadaqa qilish, ehson qilish ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘’tadil bo‘lish kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘’tadil bo‘lishi kerak. Hech qachon mol-dunyoni isrof qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh ham tortmasligi lozim.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulkini havoyi nafsiga binoan tasarruf qilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-xarishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» nomini berib, musulmonlarni isrofdan qaytarilgan. Molu mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – «esi past» deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning molu mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid qilib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan. وَالَّذِينَ لَا يَدْعُونَ مَعَ اللَّهِ إِلَهًا آخَرَ وَلَا يَقْتُلُونَ النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَلَا يَزْنُونَ وَمَن يَفْعَلْ ذَلِكَ يَلْقَ أَثَامًا۝68. Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o‘ldirmaslar. Zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo‘lur.
Beshinchi sifat: muvahhidlik – tavhidchilik – yagona Allohning O‘zigagina sig‘inish, undan boshqaga iltijo qilmaslik sifatidir. Bu eng ulug‘ sifatdir. Boshqa oliy sifatlar shundan kelib chiqadi. Bu sifat bo‘lmasa, boshqa sifatlarning foydasi yo‘qdir. Zotan, muvahhidlik sifati yo‘q insonda boshqa yaxshi sifatlar ham bo‘lmaydi.
«Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar».
Ya’ni Allohga shirk keltirmaslar. Zotan, Allohga shirk keltirish ulkan zulmdir. Bu ishni qilgan odamning Rohmanga bandaligi qolmaydi. Yagona Allohning O‘ziga iltijo qilganlargina Rohmanning suyukli bandalari bo‘la oladilar.
Oltinchi sifat: birovni nohaqdan o‘ldirmaslik.
Rohmanning suyukli bandalari
«Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o‘ldirmaslar».
Inson hayoti, kim bo‘lishidan qat’i nazar, katta qiymatga ega. Islom nohaqdan bir odamni o‘ldirishni butun insoniyatni o‘ldirishga tenglaydi. Islomda har bir inson o‘z joni omonda ekaniga chuqur ishongan holda yashamog‘i kerak. Birovni nohaqdan o‘ldiradigan odam Rohmanning suyukli bandasi bo‘la olmaydi. Alloh harom qilgan narsani qilib turib, yana qanday qilib unga suyukli banda bo‘lishi mumkin?!
Ettinchi sifat: zino qilmaslik.
Rohmanning suyukli bandalari
«Zino qilmaslar».
Zinoda ham moddiy, ham ma’naviy ravishda odam o‘ldirish ruhi bor. Zinokorlar bola ko‘rishdan qochadilar. Ular, ayniqsa, zinodan bola bo‘lib qolmasligiga urinadilar. Bu esa o‘ziga xos odam o‘ldirishdir. Ya’ni ular Alloh farzand berish uchun ato etgan imkoniyatni yo‘qqa chiqaradilar.
Ma’naviy jihatdan odam o‘ldirishga kelsak, zino kishilarda ruhni o‘ldiruvchi pastkashlikdir. Undan kelib chiqadigan oqibatlar zinokorlarni ham, ularning qarindoshlari, yaqin kishilarini ham ma’naviy jihatdan qatl qiladi. Albatta, bu hol halol-haromning farqiga borgan, insonlik qadrini tushunib etgan jamiyatlarda bo‘ladi. Bu ishni qilgan odamning Allohning suyukli bandasi bo‘lishini esa o‘ylab ko‘rish ham mumkin emas. Faqat Allohning suyukli bandasi bo‘lishdan umidvorlargina zino qilmaydilar. Hamda orzulariga etadilar.
«Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo‘lur».
Ya’ni Allohga shirk keltirsa, nohaqdan odam o‘ldirsa va zino qilsa, gunohning uqubatiga duchor bo‘ladi.يُضَاعَفْ لَهُ الْعَذَابُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَيَخْلُدْ فِيهِ مُهَانًا۝69. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar ko‘paytirilur va u(azob)da xor bo‘lib, mangu qolur.
Ya’ni yuqorida aytib o‘tilgan gunohlarni qilgan shaxslarning azoblari qiyomat kuni bir necha marta ko‘paytiriladi va ular o‘sha azobda abadiy xor bo‘lgan hollarida qoladilar. إِلَّا مَن تَابَ وَآمَنَ وَعَمِلَ عَمَلًا صَالِحًا فَأُوْلَئِكَ يُبَدِّلُ اللَّهُ سَيِّئَاتِهِمْ حَسَنَاتٍ وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَّحِيمًا۝70. Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Yuqoridagi oyatdan «Mazkur gunohlarni qilganlar tamoman umidlarini uzar ekanlar-da» degan ma’no chiqib qolmasligi uchun ushbu oyatda tavba eshigi doimo ochiqligi bayon qilinmoqda. O‘sha uqubatdan mustasno bo‘ladiganlar ham bor ekan. Unday odamlar qatoriga
«…kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa», o‘sha kiradi.
Ya’ni qilgan gunohidan tamomila qaytsa, ikkinchi bor qilmasa, iymon keltirib, mo‘min bo‘lsa va iymon taqozosiga ko‘ra solih amal etsa, mazkur azobga duchor bo‘ladiganlardan mustasno bo‘ladi. Vaqtida qilgan xatosini anglab, tavba etgan, iymon keltirib, solih amal qilgan bandalarni Alloh taolo munosib taqdirlaydi.
«…bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur».
Allohning fayzini, marhamatini qarang! Yaratgan bandasi nonko‘rlik qilsa, Unga shirk keltirishdek ulkan zulmni amalga oshirsa, Uning amriga isyon qilib, odam o‘ldirsa yoki zino qilsa-yu, so‘ngra tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilsa, uning gunohlarini savobga almashtirib qo‘ysa! Bundan ham ortiq mag‘firatlilik, bundan ham ortiq rahmlilik bo‘ladimi?!
«Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Alloh mag‘firatli va rahmli bo‘lgan Zotdir.
Bo‘lmasa, tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilganlarning yomonliklarini yaxshilikka almashtirmas edi.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha:
«Abu Farva Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
– Ayting-chi, bir odam hamma gunohlarni qilgan bo‘lsa, kattayu kichigini qo‘ymagan bo‘lsa, tavba qilsa bo‘ladimi? – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Islomga kirdingmi?! – dedilar. U:

– Ha! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Yaxshiliklarni qilaver. Yomonliklarni tark et. Alloh senga hammasini yaxshilik qilib beradi, – dedilar. U:
– Aldamchiliklarimu fojirliklarimni hammi?! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Ha! – dedilar.
U takbir aytib («Allohu Akbar!!!» deb), qaytib ketdi. Ko‘zdan ko‘rinmay qolguncha takbiri eshitilib turdi».
Lekin bunday holga erishish uchun tavba haqiqiy bo‘lishi zarur. Shuning uchun ham bu haqiqat kelasi oyatda yana bir bor ta’kidlanmoqda: وَمَن تَابَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَإِنَّهُ يَتُوبُ إِلَى اللَّهِ مَتَابًا۝71. Kim tavba qilib, solih amal qilsa, u, albatta, Allohga (haqiqiy) qaytish ila qaytadir.
Tavba qilish gunohga afsus-nadomat chekish bilan boshlanadi. So‘ngra o‘sha gunohni qaytarmaslikka dilda qattiq ahd qilinadi. Keyin bu ahd dilda tasdiqlanadi. Tavbaning haqiqiy yoki soxta ekani uning e’lonidan keyingi amaldan bilinadi. Agar e’londan keyingi amal solih – yaxshi bo‘lsa, tavba haqiqiy, yomon bo‘lsa, tavba soxta bo‘ladi. Chunki gunoh ham faqat niyat emas, balki qilingan amaldir. Shuning uchun tavba ham amalsiz bo‘lmaydi.
Keyingi oyatdan yana Rohmanning suyukli bandalarining sifatlarini vasf qilish davom etadi: وَالَّذِينَ لَا يَشْهَدُونَ الزُّورَ وَإِذَا مَرُّوا بِاللَّغْوِ مَرُّوا كِرَامًا۝72. Ular yolg‘on guvohlik bermaydiganlardir va behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tarlar.
Rohmanning suyukli bandalari uchun sakkizinchi sifat: yolg‘on guvohlik bermaslik.
«Ular yolg‘on guvohlik bermaydiganlardir…»
Yolg‘on guvohlik berish ulkan gunoh ekani boshqa oyatlarda ham ko‘p ta’kidlangan. Shuningdek, hadisi shariflarda qattiq qoralangan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ba’zi hollarda yolg‘on guvohlik berishni Allohga shirk keltirish bilan bir joyda zikr qilganlar.
Birovning ziddiga yoki foydasiga yolg‘on guvohlik berish ulkan gunohdir. Bunday odam hech qachon Allohning suyukli bandasi bo‘la olmaydi.
To‘qqizinchi sifat: behuda gap-so‘z va amallar qarshisida o‘z obro‘sini saqlay bilish.
«...behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tarlar».
Musulmon odam o‘zini behuda, foydasiz gap-so‘z va ishlarga ovora qilmaydi. Unday gap-so‘z yoki ishlarda qatnashmaydi, mabodo boshqalar tomonidan bu narsa sodir etiladigan bo‘lsa, uning oldidan hurmatini saqlab, obro‘ va oliyjanoblik ila o‘tib ketadi.
O‘ninchi sifat: aql ishlatib, ong ila dindorlik qilish. وَالَّذِينَ إِذَا ذُكِّرُوا بِآيَاتِ رَبِّهِمْ لَمْ يَخِرُّوا عَلَيْهَا صُمًّا وَعُمْيَانًا۝73. Ularga Robblarining oyatlari eslatilganda, u(oyat)larga gung va ko‘rlardek tashlanmaslar.
Ushbu oyatda Rohmanning suyukli bandalari butparast mushriklarga o‘xshab, o‘zlari anglamagan narsaga yopishib olmasliklari ta’kidlanmoqda. Mushriklar soxta xudolariga xuddi ko‘r va karquloqdek, bilib-bilmay, ko‘rib-ko‘rmay, eshitib-eshitmay yopishib oladilar. Agar ular «xudo»larining nima ekanini bilganlarida, ko‘rganlarida va eshitganlarida, hech qachon ularga ibodat qilmas edilar.
Musulmonlar esa Robblarining kalomi bo‘lmish Qur’oni Karim oyatlari ularga eslatilganda, yaxshilab eshitadilar, anglab, tushunadilar va amal qilishga o‘tadilar. وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا۝74. Ular «Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘z quvonchi hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga peshvo qil», deydiganlardir.
O‘n birinchi sifat: doimo ahli ayollari va farzandlari ham Islom yo‘lida yurishining payida bo‘lish hamda taqvodorlarning peshvosi bo‘lishga urinish.
Rohmanning suyukli bandalari doimo jufti halollaridan ham, bola-chaqalaridan ham ko‘zlarini quvonchga to‘ldiradigan narsalarni ko‘rishni Alloh taolodan so‘rash bilan birga, bunga harakat ham qilishadi. O‘z shaxslarining esa taqvoda boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun tirishadilar. أُوْلَئِكَ يُجْزَوْنَ الْغُرْفَةَ بِمَا صَبَرُوا وَيُلَقَّوْنَ فِيهَا تَحِيَّةً وَسَلَامًا۝75. Ana o‘shalar sabr qilganlari uchun «boloxonalar» ila mukofotlanurlar va unda tabrik va salom bilan qarshilanurlar.
Ya’ni ana shu sifatlarni o‘zida hosil etish va saqlab turishda sabr qilganlari uchun Rohmanning sevgan bandalari «boloxona» ila mukofotlanadilar.
Biz «boloxona» deb tarjima qilgan so‘z oyatda «g‘urfa» lafzi bilan kelgan. Arab tilida oliymaqom xos xona «g‘urfa» deyiladi. Tafsirchi ulamolarimizdan ba’zilari ushbu oyatdagi «g‘urfa» so‘ziga «oliy daraja», «jannat», «jannatdagi alohida xona» ma’nolarini berganlar. Aslida, hammasini qo‘shib, jannatdagi oliymaqom xos xona desak, maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Rohmanning suyukli bandalari
«...unda tabrik va salom bilan qarshilanurlar».
Ya’ni yuksak hurmat va ehtirom bilan kutib olinadilar. Farishtalar ularni salom berib, qarshi oladilar. خَالِدِينَ فِيهَا حَسُنَتْ مُسْتَقَرًّا وَمُقَامًا۝76. Unda mangu qoluvchidirlar. U naqadar go‘zal qarorgoh va turar joydir.
Ya’ni Rohmanning suyukli bandalari o‘sha boloxonada abadiy qoladilar. Ularning boloxona bilan mukofotlanishlari vaqtinchalik emas. U eng go‘zal turar joy va eng go‘zal maskandir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 Avgust 2023, 06:50 | Savol-javoblar | 0 | Kitoblar
|
Boshqa savol-javoblar