Faqih va obid kishi haqida

Assalomu alaykum! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: "Allohga qilingan ibodatlarning eng ulug‘i dinda faqih bo‘lishdir. Bir nafar faqih olim shayton uchun ming nafar obiddan qo‘rqinchiliroqdir. Har narsaning asos-ustuni bo‘lgani kabi, bu dinning ham ustuni bor. U fiqhdir" deganlar. Savolim shuki: hadisdagi faqih va obid kishi haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Faqih - shariat buyrug‘i bilan nafs va shayton ig‘vosi o‘rtasini ajrata oladigan olimdir. Obid deganda esa bularning farqiga bora olmaydigan, ilmdan nasibasi oz lekin ibodatga zo‘r bergan inson nazarda tutilgan. Ushbu rivoyatda faqihning obiddan ustun ko‘rilishi boisi shundaki, faqih shaytonning hiylalariga uchmaydi, u har qancha shahvatlarni insonlarning qalbida ziynatlab ko‘rsatib havoi nafs eshiklarini ochib yuborishga harakat qilsada u insonlarni bundan ogohlantirib, ularni yaxshilikka buyurishda bardavom bo‘laveradi. Obid esa ibodat qila turib shahvatlar botqog‘iga botib borayotgani o‘zi bilmay qolishi mumkin. Vallohu a’lam!

5 Oktabr 2023, 23:19 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar