Qo‘shniga ozor

Assalomu alaykum! Qaynonamla ko‘chaga axlat tashlatadila kelin bo‘lganimga 3 yil bo‘ldi tashlaydigan tomonda qo‘shnila bor oqindi suv o‘tadigan chuqurlik bor. Shu masalada urishib gaplashmay ham qolishgan u tarafdagi qo‘shnila bilan. Uyda qaynotamla xo‘jayinimla to‘plasalaring o‘zim tashlab kelaman musor yig‘iladigan joyga deyishadi lekin ular yo‘qligida menga biron joyga to‘platmaydi. Bu vaziyatda men ham gunohkormanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Gunohkorsiz. Qo‘shniga aziyat berish harom. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar harom ishga buyursa bajarmang. Hadisi sharifda qo‘shnichilik haqlari haqida bunday deyilgan:Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Allohning Rasuli! Falon ayol kechasi namozda qoim bo‘ladi, kunduzi ro‘za tutadi, yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qo‘shnilariga ozor etkazadi», deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«U ayolda yaxshilik yo‘q. U do‘zax ahlidandir», dedilar. Boyagi kishilar:
«Falonchi ayol bo‘lsa farz namozlarini o‘qiydi, kiyimidan sadaqa qiladi, lekin biror kishiga ozor bermaydi», deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ana shu ayol ahli jannatlardandir», dedilar».
Sharh: Bu hadisi sharifda qo‘ni-qo‘shnilarga ozor bermaslik, ularni behurmat qilmaslik naqadar zarur ish ekani ta’kidlanmoqda. Qo‘ni-qo‘shnilarga yomon munosabatda bo‘lish, ularga ozor berish o‘qilgan nafl namozlar, tutilgan nafl ro‘zalarni ham yuvib ketib, ularni foydasiz holga keltirib qo‘yadi.
Aksincha, qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan odam katta baxt-saodatga erishadi va ahli jannatdan bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qo‘shnilarga tili bilan ozor berish kishining do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladigan omillardan biri ekani.
2. Biror kishiga ozor bermaslik kishining jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan omillardan biri ekani.

120. Umora ibn G‘urobning ammasi Oisha roziyallohu anhodan:
«Birortamizning eri uni xohlasa, o‘sha ayol jahli chiqib yoki charchab turgan bo‘lsa va bunga ko‘nmasa, bunda bizga gunoh bo‘ladimi?» deb so‘radi.
«Ha. Albatta, bu uning haqqi. Agar egarning ustida bo‘lsang ham monelik qilma», dedi. Men unga:
«Birortamiz hayz ko‘rib qoladi. U bilan erining birgina to‘shagi yoki yopinchig‘idan boshqa narsasi bo‘lmaydi. Shunda u nima qiladi?» dedim.
U kishi shunday dedilar:
«U holda ayol izorini yaxshilab bog‘lab oladi va birga yotaveradi. Izorning tepasi erga joiz.
Men senga Nabiy sollallohu alayhi vasallam nima qilganlarini aytib beraman. Navbatim kelgan kechalarning birida arpadan un qilib, u zotga bitta non tayyorladim.
U zot kirib, eshikni yopdilar, namoz o‘qiydigan joylariga bordilar. U zot uxlamoqchi bo‘lsalar, eshikni yopib, meshlar, suvidishlarning og‘zini berkitib qo‘yar, chiroqni ham o‘chirardilar.
U zot namozlarini tugatsalar, nonni ediraman, deb kutdim. Namozlarini tugatmadilar. Hatto meni uyqu oldi. U zot sovqotib qolibdilar. Yonimga kelib, meni uyg‘otdilar va:
«Meni isitib qo‘y, meni isitib qo‘y», dedilar.
«Men hayz ko‘rganman», dedim.
«Mayli, hayz ko‘rgan bo‘lsang ham oyoqlaringni och», dedilar.
Men oyoqlarimni ochdim. U zot yuzlarini va boshlarini oyoqlarimga qo‘yib, biroz isinib oldilar.
Shu payt uyimizga qo‘shnimizning qo‘yi kirib, non turgan tomonga bordi. Uni tishlab, qochishga tutindi. Men qimirlagan edim, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyg‘onib ketdilar. Yugurib borib, eshikni to‘sib oldim. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Noningdan qolganini ol! Qo‘shningga qo‘yida ozor berma», dedilar».
Sharh: Izor – tananing kindikdan pastini to‘sib turadigan, yaxlit matodan iborat kiyim. U issiq o‘lkalarga xos kiyim bo‘lib, ba’zi arab va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘lkalarida hozirda ham keng tarqalgan. Uni ehromning pastki qismi yoki lungiga o‘xshatish mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qo‘shningga qo‘yida ozor berma» degan gaplari ushbu hadisning mazkur bobga kiritilishiga sabab bo‘lgan.
Qo‘shnining qo‘yi kirib qolib, uydagi bittagina nonni olib qochmoqchi bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anho bilan uning yo‘lini to‘sib, nonni olib qo‘yishgan, lekin mana shu voqea tufayli qo‘shniga ozor bermaslikni tayinlagan ekanlar.
Ma’lumki, odatda qo‘ni-qo‘shnilar orasidagi janjal ko‘proq shunga o‘xshash narsalardan chiqadi – mol-qo‘y qo‘shnining ekiniga tegib qo‘yadi, bolasi biror narsasini sindirib qo‘yadi va hokazo. Ana shunday paytlarda ham qo‘shnilarga ozor bermaslik kerak ekanini mazkur hadisi sharifdan bilib olamiz. (“Odoblar hazinasi” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 Oktabr 2023, 15:05 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar