Mahsulotni bo‘lib bo‘lib to‘lash

Assalomu alaykum! Hozirgi kunda ko‘plab mahsulotlar bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali xarid qilinmoqda bu qanchalik to‘g‘ri o‘zi shunday sotib olish mumkinmi? Aynan bir turdagi mahsulotni bitta narxga rozi bo‘lib muddatni aniq qilib bozorga nisbatan oshgan holda sotib olish xaridor bilan sotuvchi o‘rtasida shartnoma asosida to‘lov kechikkanlik holda ham hech qanday peniy qo‘shilmasdan shartnomadagi belgilangan summasi qarab to‘lanadi shunday savdo qilish mumkinmi? Misol uchun: Kondasener olmoqchiman naqd pulga 4 million 12 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga 6 million shunday savdo qilib xarid qilish mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Joiz.Muddatning muqobilida qiymatni oshirishNaqd savdoga nisbatan nasiya savdoda tovar narxini oshirish mumkinmi? Bu masala borasida qadimgi va hozirgi faqihlar bahs yuritib, ulardan ba’zilari naqd savdoda narxni tushirib, nasiya savdoda narxni ko‘tarib qo‘yishni joiz sanamaganlar. Bunga sabab qilib, muddat evaziga narx ko‘tarilishini ko‘rsatadilar. Muddat evaziga narxni oshirish esa, sudxo‘rlik yoki eng kamida sudxo‘rlikka o‘xshash, deydilar. Bu Zaynul Obidiyn Ali ibn Husayn, Hoviyalarning tutgan yo‘li bo‘lib, Shavkoniy rahmatullohi alayh o‘zlarining “Naylul avtor kitob”larida naql qilib keltirganlar.
Lekin, to‘rt mazhab imomlari, jumhur faqih va muhaddislar tovarning narxini naqdga arzon, nasiyaga qimmatroq qilib sotishni joiz sanaganlar. Bunga shart qilib esa, tomonlar savdo vaqtida naqd va nasiyadan birini hamda pulni tayin qilib olishga kelishib olishlari shart, deganlar. Agar sotuvchi tovarning narxini naqdga shuncha, nasiyaga shunchaga, deb ikkisidan birini tayin qilmay, ajrashishsa, savdo joiz bo‘lmaydi. Agar savdo majlisida tomonlar naqd yoki nasiya savdodan birini tayin qilishsa, qilingan savdo joiz bo‘ladi.
Imom Termiziy rahmatullohi alayh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir bay’da ikki bay’ni qilishdan qaytarganlar”, degan hadis ostida quyidagilarni yozganlar:وَقَدْ فَسَّرَ بَعْضُ أَهْلِ الْعِلْمِ قَالُوا بَيْعَتَيْنِ فِي بَيْعَةٍ أَنْ يَقُولَ أَبِيعُكَ هَذَا الثَّوْبَ بِنَقْدٍ بِعَشَرَةٍ وَبِنَسِيئَةٍ بِعِشْرِينَ وَلَا يُفَارِقُهُ عَلَى أَحَدِ الْبَيْعَيْنِ فَإِذَا فَارَقَهُ عَلَى أَحَدِهِمَا فَلَا بَأْسَ إِذَا كَانَتْ الْعُقْدَةُ عَلَى أَحَدٍ مِنْهُمَا.“Ba’zi ahli ilmlar bir bay’da ikki bay’ qilishni tafsir qilishib shunday deganlar: “Bu kiyimni naqdga o‘n, nasiyaga esa, yigirmaga sotaman deb, savdoni ikki bay’dan biriga tayin qilmay ajrashishdir. Agar ikkisidan birini tayin qilishgandan keyin ajrashsa va aqd ikkisidan biriga bo‘lsa, zarari yo‘q” (Termiziy, savdo kitobi).
Ba’zi ahli ilmlar “bir bay’da ikki bay’” hadisini quyidagicha izohlaganlar: “Sotuvchi xaridorga: “Ushbu kiyimni sizga naqdga o‘n so‘mga, nasiyaga yigirma so‘mga sotdim” deb, ikki narxdan biriga kelishilmay tomonlar ajrashishlariga “bir bay’da ikki bay’” qilish deyiladi. Agar tomonlar bir-birlaridan ajrashishlaridan oldin ikkisidan biriga kelishib olishsa, qilingan bay’ durust bo‘ladi. Chunki, muomalada bir narsaga qaror qilindi”.
Imomi Termiziy rahmatullohi alayhning xulosalari shuki, “bir bay’da ikki bay’” qilinganda baxo tayin topmay qoladi. Shuning uchun bunday bay’ durust bo‘lmaydi. Lekin, muddat muqobilida narxni ko‘tarishni hech qanday zarari yo‘q. Shuning uchun tomonlar naqd yoki nasiyadan birini savdo vaqtida tayin qilishib olishsa, qilingan bay’ durust bo‘ladi. To‘rt mazhab imomlari va jumhur faqihlar Imom Termiziy rahmatullohi alayh bayon qilgan yo‘lni tutganlar. Bu haqda Ibn Qudoma o‘zining “al-Mug‘niy (J.4, B. 177)”, Saraxsiy “Mabsut (J. 13, B. 8)”, Dasuqiy “’ala sharhil kabiyr (J. 3. B. 58)”, Shirbiyniy “Mug‘niyl muhtoj (J. 2. B. 31)” kitoblarida bayon qilganlar, mavjud dalillar ham shuni qo‘llab-quvvatlaydi. Qur’oni karim va hadisi sharifda taqsiyt savdosini durust emasligiga biror dalil mavjud emas. Shuningdek, taqsiyt savdosidagi narxni ziyodalashishiga riboning ta’rifi ham mos kelmaydi. Chunki, bu qarz yoki ribaviy savdo muomalaasi emas, balki oddiy savdo hisoblanadi.
Umumiy savdolarda sotuvchi tovarni xohlagan narixida sotushi mumkin. Sotuvchi doimo tovarni bozordagi qiymatga ko‘ra sotishi shar’an shart emas. Chunki, qiymatni tayin qilish borasida har bir savdogarning o‘zining alohida usuli bo‘ladi. Ba’zi vaqtda bir narsaning qiymati turli sabablarga ko‘ra turlicha bo‘lib turishi mumkin. Agar savdogar holatga qarab tovar narxini bir kun unday bir kun bunday narxda sotsa, hech qanday zarari yo‘q.
Bir kishi bir narsani naqdga sakkiz, nasiyaga o‘n so‘mga sotayotgan bo‘lsa, u kishi yolg‘on ishlatmay sotayotgan narsasini naqdga o‘n so‘mga ham sotishi mumkin. Chunki tovar sotuvchiniki, u xohlagan narxiga uni sotishi mumkin. Shuningdek, naqdga o‘n so‘mga sotayotgan narsasini nasiyaga o‘n so‘mga ham sotishi mumkin.
Bu masala to‘rt mazhab imomlari ittifoq qilgan masala bo‘lib, aksariyat faqih va muhaddislar uni o‘zlarini kitoblarida bayon qilganlar. Shuning uchun taqsiyt savdosini joizligiga Qur’on va sunnatdan dalil keltirishga hojat yo‘q. Taqsiyt savdosi durust ekanligi o‘z isbotini topgach, quyida unga tegishli far’iy masalalar borasida bahs yuritamiz.Ikki qiymatdan birini tayin qilish Sotuvchi tovar narxini aytayotganda turli qiymatda aytishi mumkin. Masalan, sotuvchi naqdga sakkiz so‘mga, nasiyaga o‘n so‘mga sotaman, deyishi kabi. Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi, xaridor tovar pulini turli muddatda berishiga qarab, sotuvchi bir vaqtni o‘zida turli bahoni aytishi mumkinmi? Masalan, sotuvchi bir oyga o‘n so‘mga, ikki oyga yigirma so‘mga, uch oyga qiriq so‘mga sotaman, deyishi kabi. Bu masala borasida faqihlardan biror qavl naql qilinmagan, lekin, ulardan naql qilingan ba’zi qavllarga qiyosan savdoda bu tarzda narx aytish ham joizdir. Chunki, naqd va nasiya e’tiboridan qiymatni turli bo‘lishi joiz bo‘lgani kabi, muddatni turli bo‘lishiga qarab narxlarni kam va ko‘p bo‘lishi ham durustdir. Chunki, ikki surat orasida hech qanday farq yo‘q.
Tovar narxini aytayotganda tovar qiymatini turlicha aytish, durustdir. Lekin, oxir-oqibat savdo tugashi vaqtida tomonlar aniq biri qiymat va muddatni tayin qilib olishlari shartdir. Aks holda savdo durust bo‘lmaydi.
Agar narx aytayotgan paytda sotuvchi xaridorga pulini bir oydan keyin bersang o‘n so‘m, ikki oydan keyin bersang o‘n besh so‘m, uch oydan keyin bersang yigirma so‘m, to‘rt oydan keyin bersang yigirma besh so‘m desa-yu, lekin, savdo vaqtida tomonlar ulardan birini tayin qilib olmay savdo qilishsa va xaridor o‘zidan kelib chiqib, bir oyni tayin qilib olsa, bunday savdo bil ittifoq harom hisoblanadi va tomonlar aqdni buzib, ikkinchi marta yangidan savdo qilishlari vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam!

16 Oktabr 2023, 10:58 | Savol-javoblar | 0 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar