Namoz o‘qib gunohga botmayaptimi

Assalamu alikum! Agar inson oldin namoz o‘qimagan bo‘lsa va faqat nomiga musulmon oiladan chiqqan bo‘lsa demak u yoshligidan gunohlarni kiprik qoqmay qiladi. Masalan yolg‘on gapirish. Agar Xudo unga insof berib u namoz o‘qishga o‘tsa lekin bazi odatlarini tashlay olmasa uning hukmi qanday? Hozirda bitta do‘stim shunday. Uni roppa rosa 9 oyda namozga kirgazdik. U kelgan paytlari ota bobolarining ruxlari unga madat berishiga ishonardi va ko‘plab narsani ulardan so‘rayotganday edi. Hozir yaxshilanib qoldi lekin aytishicha bazi gunohlarni bazan avvalgidek, bazan kichikroqlarin qilib qo‘yib keyin bir muncha afsuslanib yana dunyo tashvishi bilan ovvora bo‘lib ketadi ekan. Tavba qilay desa yana o‘shanday gunoh qilib qo‘yishdan qo‘rqadi. Unga qanday maslahat berasiz? Namoz o‘qib gunohga botmayaptimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Insonlarda bir xato tushuncha bor. Emishki, “inson namoz o‘qishni boshlagach endi gunoh qilishi mumkin emas” ekan. Nima, undan avval mumkin edimi?! Inson har qanday vaziyatda har qanday holatda ham gunohlardan tiyilishi shart. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qishni boshlab Allohga yaqinlik hosil qila boshlagan bo‘lsa nur ustiga nur. Bordiyu eski gunohini takrorlasa ham aslo tushkunlikka tushmasligi, ibodatlarni tashlab qo‘ymasligi va Allohning rahmatiga ishonib astoydil tavba qilishi, yana gunohga tushsa yana tavba qilishi kerak. Hargiz U zotning rahmatidan noumid bo‘lmaslik lozim.  Gunohni og‘ir bilishing Alloh taolo haqida yaxshi gumondan seni to‘sadigan darajaga etmasin. Albatta, kim Robbini yaxshi tanisa, U Zotning karami oldida gunohlarini kichik sanaydi.Islom mo‘’tadillik dini ekani ushbu masalada ham ayon bo‘ladi. Banda gunohlarga nisbatan beparvo ham bo‘lmasligi, gunohlarga e’tibor berishda haddidan ham oshmasligi kerak. Balki o‘rtacha me’yorda bo‘lmog‘i zarur. Shuning uchun ham Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi avvalgi hikmatda toatlarning o‘tib ketishiga mahzun bo‘lmaslik va toyilishlarning sodir etilishiga nadomat chekmaslik qalbning o‘limi alomatlaridan ekanini ta’kidlaganidan keyin, ushbu hikmatda o‘sha mahzunlik va nadomatning chegarasini ham bayon qilmoqda.
«Gunohni og‘ir bilishing Alloh taolo haqida yaxshi gumondan seni to‘sadigan darajaga etmasin».
Gunohni og‘ir musibat deb bilmaslik, toatlarning o‘tib ketishiga mahzun bo‘lmaslik, toyilishlar sodir bo‘lishiga nadomat chekmaslik qalb o‘limining alomati ekani haqidagi ma’lumotlar gapning haqiqatini o‘z o‘rnida tushunmagan ba’zi kishilarni noumid holga solib qo‘yishi ham mumkin. Ular bo‘lar ish bo‘ldi, endi men hamma narsadan umidni uzaverishim kerak, degan xayolga boradilar. Bu holat o‘z navbatida bandaning o‘zi nadomat qilib turgan holidan ham og‘ir holga kelib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Misol uchun, o‘zini o‘zi halok qilishi yoki gunohlarga avvalgidan ham qattiqroq ruju qo‘yishi mumkin. Undan ham dahshatlirog‘i esa aqiydada katta xatoga yo‘l qo‘yishidir. Alloh taolo haqida yomon gumonga borib, katta gunohga botib, oxirati butunlay kuyishidir.
Alloh taolo Zumar surasida marhamat qiladi:
«(Mening nomimdan) ayt: «Ey o‘z jonlariga javr qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (53-oyat).
Imom Buxoriy Sa’iyd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?» deb so‘rashganida, Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilgan ekan.
Tafsirchi ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bu oyati karima Qur’ondagi eng umidvorlik oyati hisoblanadi. Bu oyatda bandalar uchun eng ulug‘ bashorat bor.
Avvalo, Alloh taolo:
«Ey o‘z jonlariga javr qilgan bandalarim», deb, bandalariga O‘z nisbatini bermoqda.
Aslida, «isrof» deb mol-dunyoni ortiqcha sarflashga aytiladi. Shuningdek, bu so‘z ma’naviy jihatdan haddan oshishga nisbatan ham ishlatiladi. Binobarin, gunoh qilgan odam isrofchi bo‘ladi, chunki u Alloh belgilab qo‘ygan haddan (chegaradan) chiqqan hisoblanadi. Gunoh tufayli haddidan oshgan odam o‘ziga zarar, jabr qiladi. Alloh taolo ushbu oyatda bandalarining gunoh sababli isrofga yo‘l qo‘yib, o‘zlariga jabr etishlarini aytmoqda.
«…Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!»
Uning rahmati juda kengdir.
«Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar».
Alloh taolo Niso surasida shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat etishini ta’kidlagan. Chunki
«Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Tavba qilgan bandalarning gunohlarini kechiradi.
Mufassirlarimiz, avval aytib o‘tilganidek, ushbu oyati karimani Allohning Kitobidagi eng umidli oyat, deb ta’kidlaydilar va, shu bilan birga, bu umid gunohga tashviq etuvchi umid emasligini ham qattiq uqtiradilar. Ya’ni «Alloh barcha gunohlarni kechiradi» degan umid bilan bila turib, gunohlarda davom etishning farqi bor.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Sizdan oldin o‘tganlarning ichida to‘qson to‘qqizta jonni o‘ldirgan kishi bor edi. U er aholisi ichidagi eng ilmli kishi haqida so‘radi. Uni rohibga yo‘llab qo‘yishdi. Shunda uning huzuriga borib, to‘qson to‘qqizta jonni o‘ldirganini, unga tavbaga yo‘l bor-yo‘qligini so‘radi. U: «Yo‘q», dedi. Shunda uni ham o‘ldirib, yuztani to‘ldirdi. So‘ngra er aholisi ichidagi eng ilmli kishi haqida so‘radi. Uni olimga yo‘llab qo‘yishdi. Uning huzuriga borib, yuzta jonni o‘ldirganini, unga tavbaga yo‘l bor-yo‘qligini so‘radi. U: «Ha, u bilan tavbaning orasini kim ham to‘sa olar edi? Falon, falon erga bor. Chunki u erda Alloh taologa ibodat qilayotgan kishilar bor. Ular bilan birga Alloh taologa ibodat qil. O‘z eringga qaytma. U yomonlik eridir», dedi.
U jo‘nab ketdi. Yarim yo‘lga etganida, unga o‘lim keldi. U haqida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari tortishib qoldilar. Rahmat farishtalari: «U tavba qilib, qalbi ila Alloh taologa intilib keldi», deyishdi. Azob farishtalari: «U hech bir yaxshilik qilgani yo‘q», deyishdi. Shunda bir farishta odam suratida ularning huzuriga keldi va uni oralarida hakam qilishdi. U esa: «Bu ikki joyning orasini o‘lchab ko‘ringlar. U qay biriga yaqin bo‘lsa, o‘shanikidir», dedi. O‘lchab ko‘rib, u o‘zi iroda qilgan joyga yaqinroq ekanini bilishdi. Shunda uni rahmat farishtalari qabz qildilar».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Albatta, tavba bobidagi ushbu hadisi sharifdagiga o‘xshash gaplar ushbu hadisi sharifdagiga o‘xshash bilmasdan gunoh qilganlarga oiddir. Bilib turib, o‘ziga Alloh taologa isyon qilishni ravo ko‘rganlarga emas. «Yoshligimizda o‘ynab olaylik, qariganda tavba qilarmiz», deganlarga emas. «Hozir ishlashim, pul-mol topishim kerak, bo‘lmasa qariganda holim ne kechadi, qariganda tavba qilib, ibodatga o‘tib ham qolarmiz», deydiganlarga emas.
Bu borada mashoyixlar: «Tavba bilan katta gunoh qolmas, bilib turib gunohga qo‘l urish ila kichik gunoh qolmas», deganlar. Bu hikmatning ma’nosi «Vaqtida va bilib tavba qilinsa, katta gunoh ham kechiriladi. Ammo bilib turib yana gunohga qo‘l urilaversa, kichik gunoh ham katta gunohga aylanadi», deganidir.
Gunoh qilib qo‘yib, ortidan noumid ham bo‘lish, tavba qilishga o‘tmaslik esa katta gunohdir.
Mashoyixlar deydilar: «Gunoh borasida besh narsa gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir: gunohni ulug‘lash gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohni pisand qilmaslik gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohni oshkora qilish gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohga jur’at qilish gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohga tavba qilmaslik gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir».
Shuningdek, gunohni qilgandan keyin Alloh taolo haqida yaxshi gumonni yo‘qqa chiqarish ham gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir. Ha, Alloh taolo gunohimni kechirmaydi, deya U Zot haqida yomon gumonda bo‘lish kabira gunohlarning ham eng kattasidir.
«Albatta, kim Robbini yaxshi tanisa, U Zotning karami oldida gunohlarini kichik sanaydi».
Robbini yaxshi tanigan banda U Zotning barkamol sifatlarini ham yaxshi biladi. O‘sha barkamol sifatlar ichida Alloh taoloning G‘ofir, G‘affor va G‘afur sifatlari, Karim sifati borligini ham yaxshi biladi. Mazkur barkamol sifatlar oldida o‘zining gunohlarini kichik sanaydi va Alloh taoloning mag‘firatidan noumid bo‘lmaydi.
Bu borada ham mo‘min banda boshqa narsalardagi kabi mo‘’tadil bo‘ladi. O‘zidan sodir bo‘lgan gunohlarga nisbatan xavfu rajo o‘rtasida bo‘ladi.
Gunohni og‘ir bilishimiz Alloh taolo haqida yaxshi gumondan bizni to‘sadigan darajaga etmasin! Robbimizni yaxshi tanib, U Zotning karami oldida gunohlarini kichik sanaydigan bandalardan bo‘lishimizni nasib etsin! Vallohu a’lam!Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. (Hislatli hikmatlar sharhi kitobidan)

14 Dekabr 2023, 17:16 | Savol-javoblar | 0 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar