Sharx ul viqoya kitobi haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Sharx ul viqoya kitobi, mualifi kim unda nima haqida yozilganligi haqida bilmoqchi edim?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sharhi viqoya muallifi Sodrush shari’a al-Buxoriy Ubaydulloh Sodrush shari’at al-Asg‘ar (...-747 h.v.)[1]ibn Mas’ud ibn Tojush shari’at al-Buxoriydir. Tojush shari’at bobolarining taxallusi o‘laroq, bobosining asl ismi Mahmud ibn Sodrush shari’at Ahmad ibn Jamolliddin Ubaydulloh al-Mahbubiy bo‘lib, hazrat Ubaydulloh biz bilgan “Sharhul viqoya”ning muallifi, hamda xalq orasida “Sodrush shari’at”, deya mashhur zot hisoblanadi. Ikkisi ham bir taxallus bilan aytilishda ba’zi farq ko‘zga tashlanadi. Demak, katta bobosi Tojush shari’at “Sodrush shari’at al- Akbar” ya’ni, (Katta sodrush shari’at), o‘zi esa “Sodrush shari’at al-Asg‘ar” (Kichkina sodrush shari’at) hisoblanadi. Ammo, keyinchalik “Sodrush shari’at” deganda faqat Ubaydulloh ibn Mas’ud rohimahulloh tushunilgan. Hazrat Ubaydulloh barcha birdek e’tirof etadigan buyuk imom hisoblanadi. Yana u kishi o‘z navbatida, shari’at qonunlarini yod olgan, asl-o‘zak va far’ga tegishli o‘ta mushkul masalalarni osonlik bilan asoslab, echib beradigan, asl va furu’dagi ko‘zga ko‘ringan shayxul islom, ma’qul va manqulning olimi, etuk faqih, muhaddis, lug‘atshunos, nahvshunos, adabiyotchi, nazariyachi, mutakallim, mantiqchi, qadri ulug‘, o‘rni beqiyos, ilm va odobda barchaga o‘rnak bo‘ladigan kabi mashhur sifatlarga ega alloma edi. Albatta, bunday ulug‘likni ajdodlaridan meros qilib olgan edi[2]. Darhaqiqat, u kishi ilm ziyosiga to‘la xonadonda voyaga etgan desak ham bo‘ladi. Zero, bu ilmlarni asosan bobolari imom Tojush shari’at Mahmud ibn Sodrush shari’atdan olgan. Bobosi esa otasi Sodrush shari’atdan olgan bo‘lib, u otasi Jamoliddin al-Mahbubiydan, u esa shayx, imom, muftiy Imomzodadan, u esa Imodiddindan, u esa otasi Shamsul a’imma Zaranjiydan, u esa Saraxsiydan, u esa Halvoniydan, u esa Abu Ali Nasafiydan, u esa Muhammad ibn Fazldan, u Subazmuniydan, u Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirdan, u otasidan, u imom Muhammaddan, u Abu Hanifa rohimahullohdan ilm olgan[3]. Guvohi bo‘lganingizdek bu ilm silsilasi o‘n to‘rt tabaqa orqali buyuk imom Abu Hanifa rohimahulloga undan keyin esa, bora-bora Payg‘ambar alayhis salomga borib etadi. Ubaydulloh hazratlari bobosidan bir nafas ham ajralmasdan ilm olishga harakat qilar edi. Shuni alohida takidlash kerakki, u bobosining ilmiy merosini keng afkor ommasiga tushunarli va oson bo‘lish maqsadida Tojush shari’atning “Viqoya” asarini sharh qildilar. Bu kitob sharh yozilgan kitoblar ichida eng mo‘tabar kitoblardan biriga aylandi. U katta kitob bo‘lgani va o‘quvchilarning yodida qolishi bir oz qiyin bo‘lganligi uchun “Viqoya”ning asosiy masalalarini olib, qisartirilgan shaklga keltirdilar va u kitobni “Nuqoya” deb atadi. Bundan tashqari usulga tegishli yuksak saviyadagi, go‘zal matnga ega “Tanqih” asarini ta’lif qildi. So‘ng yana uni osonlashtirish va boyitish maqsadida, qolaversa, qog‘ozga tushurib, ko‘chirib boruvchilar tarafidan xatoliklar ketganligi uchun qadr-qiymatta tengi yo‘q “Tavzih”ni tasnif qildi. Yana u zotning “To‘rt muqaddima”, “Ta’dilul ulum”, “Ash-Shurut val mahozir”, “Al-Vishoh” kabi asarlari bor. Ubaydulloh Sodrush shari’at hijriy 747 yil, melodiy hisob bo‘yicha 1346 yili vafot etdi. O‘zining va ota-onasi, fazandlari, ajdodlarining dahmasi o‘sha vaqtdagi Buxoroga qarashli Sherobod[4]da joylashgan[5]. Ba’zi manbalarga ko‘ra u zotning maqbarasi Buxoro shahrida joylashgan deyiladi. Shu o‘rinda bir mulohaza o‘sha vaqtda ma’joziy qabrlar tashkil qilinganligini ham unutmaslik kerak. Bobosi bobosining otasi Tojush shari’at Kirmonda vafot etgan. Ona tomonidan katta bobosi Burhoniddin Marg‘inoniy hisoblanadi. Albatta, buyuk ajdodlardan faqat buyuk avlodlar keladi deganidek, Marg‘inoniy nasablari esa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga borib taqalishini eslab o‘tishning o‘zi etarli. Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida u kishining asarlaridan unumli foydalaniladi. Shuningdek, Ubaydulloh ibn Mas’ud Sodrush shari’atning ilmiy merosi bugungi kunning dorzarb savollariga javob bera olganligi, odob axloqqa tegishli muomila madaniyatini o‘zida mujassam qilganligi, bundan tashqari sodda va lo‘nda tarzda yozilganligi uchun ham ushbu madrasalarda mo‘’tamad kitob sifatida fiqh fanidan darslik sifatida o‘tiladi. Xususan, Muxtasarul viqoyaning matnlari talabalar tomonidan yodlanadi. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ham usulga tegishli “Tavzih” asaridan juda keng miqyosda foydalaniladi. Mavzumizning dolzarblik jihatlaridan biri, mana shunday buyuk olimlarning aynan bizning yurtimizdan chiqqanligidir. Zero, ulug‘ ajdodlarimizni xotirlar ekanmiz, ularga mos avlod bo‘lish, ilmiy meroslarini yanada chuqur o‘rganish barchamizning vazifamiz hisoblanadi. Ohangaron tumani “Xonobod” jome masjidi imom-noibi Madaipov Ahrorbek [1] Abdulqodir ibn Muhammad al-Qurshiy; Al-Javohir al-maziya fi toboqot al-hanafiya:  2008.-J. 4. –B.369. 2008. [2]Xoji Xalifa; Kashfuz zunun: 2008. -B 419. [3] Taqyiddin Abu Bakr ibn al-Husayniy; Kitob a’lom al-axyor fi halli g‘oyatil ixtisor. 2012. –B 517. [4] Hozirgi kunda Surxondaryo vohasida joylashgan hudud. [5] Mualliflar jamoasi. Al-Mavsua. Doiratul Ma’orif;2007.–B 212. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 14:53 | Savol-javoblar | 195 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar