Istitoa fiqhi va natijaga qarab ish qilish

Assalomu alaykum! Amri ma’ruf va nahiy munkar istitoaga qarab bo‘lishini tushundim. Misol uchun bir munkar ish sodir bo‘ldi, menda kuch yo‘q, bu ish borasida vazifador yoki vakolatli odam ham emasman. Ayni vaziyatda tili bilan munkar ishni yomonligini tushuntirish maqomidaman. Lekin shu bilan birga ulamolar natijaga qarab ish qilish lozim deyishgan. Men o‘sha ishga tilim bilan qarshi tursam menga va ummatga hech qanday ziyon etmasligini bilaman. Ammo tilim bilan gapirganim bilan vaziyat o‘zgarmasligini ham aniq bilaman. Ya’ni tilim bilan qarshi turishim vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Shu damda hadisda aytilganidek bo‘layotgan munkar ishga o‘zimni norozi ekanligimni tilim bilan aytishim kerakmi? Yoki ulamolar aytganiga ergashaymi? Ulamolarning aytishicha: «Bir ishni qilishdan oldin undan albatta foyda kelishiga to‘liq ichonch hosil bo‘lishi kerak. Ish qilingandan keyin vaziyat avvalgidek qoladigan bo‘lsa ham, unga urinmaslik kerak». Chunki vaziyat avvalgidek qolsa, urinish behuda ketgan bo‘ladi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Albatta aytishingiz kerak. Chunki siz o‘ylagan gumon boshqacha bo‘lib, Alloh taolo sizni gapingizni unga ta’sirli qilib qo‘yishi mumkin. Shuningdek hozir amal qilmasada keyinroqqa amal qilishi uchun ilm bo‘lib qolishi mumkin. Bunday holatlarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga : وَمَا عَلَيْنَا إِلاَّ الْبَلاَغُ الْمُبِينُ۝ 17. Bizning zimmamizda ochiq-oydan etkazishdan boshqa narsa yo‘q», – dedilar. Bizning vazifamiz Allohning amrini etkazib qo‘yish. Siz inkor qilasizmi, yolg‘onga chiqarasizmi, bizning ishimiz yo‘q - degan oyatni nozil qilgan. Qolaversa Makka ahli orasida “Xattobning eshshagi iymon keltirsa keltiradi, lekin uning o‘g‘li Umar iymonga kelmaydi” degan gap bo‘lar edi. Quyida shunga oid voqe’ni keltiramiz. Umar roziyallohu anhu. Unga «Mustafo xohishi» deb nom berilgan. Buning sababi quyida keluvchi jumlalar orqali sizga namoyon bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni shahid qilish istagida bir bor qilich yalang‘ochladi. Yo‘lda, bir sahobiy: «Qayoqqa shitob bilan ketmoqdasan?» deb so‘radi. U: «Muhammadni (sollallohu alayhi vasallam) qatl qilishni xohlayman. Shunda na bambuk qoladi va na nay qoladi», dedi. Sahobiy: «Subhanalloh, sen singlingning uyiga borib qara! U ikkisi ham musulmon bo‘lib bo‘ldilar», dedi. Umar roziyallohu anhu: «Uyimdagilar ruxsatimsiz va menga bildirmay Islomni qabul qilishlari mumkin emas», dedi. Shu zahoti singlisining uyiga borib, eshikni taqillatdi. Umar roziyallohu anhuga ichkaridan bir narsalarni o‘qishayotgani eshitildi. Umar roziyallohu anhuning singillari Fotima eshik ortida uni ko‘rib: «Umar kelibdi», dedi. Tilovat qilib berayotgan sahobiy tezlik bilan yashirildi. Ular Qur’on oyatlari yozilgan narsalarni berkitdilar. Eshik ochilib, Umar roziyallohu anhu kirib kelib, kuyoviga: «Musulmon bo‘libsizlar, deb eshitdim», dedi. Kuyovlari: «Islom to‘g‘ri din va qolaversa, uni qabul qilishimizga qanday to‘siq bor?» deb javob berdi. Bu so‘zlarni eshitgan Umar roziyallohu anhu jahli chiqib, kuyovini ura ketdi. Erini kaltakdan saqlash ilinjida Fotima o‘rtaga tushdi. Umar rozillohu anhu g‘azabiga erk berib, singillariga qattiq tarsaki tushirdilar. Fotima roziyallohu anho kaltak zarbidan erga yiqilib, ko‘zlariga yosh keldi va sekin o‘zlariga kelib,akalariga: «Umar, sen ichgan onaning sutini men ham ichganman. Tanamdan jonimni chiqarishing mumkindir. Lekin qalbimdan iymonni sug‘urib ololmaysan», dedilar. Bu gaplar Umar roziyallohu anhuga o‘q kabi ta’sir qilib, dillarini yumshatib: «Fotima, nima o‘qiyotganding?» deb so‘radi. U: «Sizning tanangizni shirk najosatga to‘ldirgan. G‘usl qilib, u pok so‘zlarni eshitishingiz mumkin», dedi. G‘usl qilib, Alloh taoloning quyidagi oyatlarini eshitdilar: إِنَّنِي أَنَا اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنَا فَاعْبُدْنِي وَأَقِمِ الصَّلَاةَ لِذِكْرِي۝ «Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» (Toha 14-oyat). Yaxshi, meni ham musulmonga aylantiringlar, deyishlariga, yashiringan sahobiy chiqib: «Ey Umar, muborak bo‘lsin!» dedi. Bir necha kundan buyon Nabiy sollallohu alayhi vasallam duo qilib: «Ey, Allohim! Umar ibn Xattob vositasida, yo Umar ibn Hishom bilan dinga quvvat ber», deb so‘rayotgan edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qilgan duolari sening haqqingda qabul bo‘ldi. Kel, birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga boramiz. Ular Arqam roziyallohu anhu uyiga bordilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam suyanib o‘tirib sahobiylarga diniy ta’lim berayotgandilar. Bir vaqt eshik taqilladi. Bir sahobiy eshik tuynugidan Umar roziyallohu anhuning qilich yalang‘ochlab kelganini ko‘rib: «Ey Allohning mahbubi, Umar kelibdi. Qo‘lida yalang‘ochlangan qilich bor. U nima maqsadda kelgani bizga ma’lum emas», dedi. Hamza roziyallohu anhu chiqib:  «Darvozani ochinglar, yaxshi niyatda kelgan bo‘lsa, bosh ustiga. Agar shum niyatda kelgan bo‘lsa, o‘sha qilich o‘z boshiga etadi. Men u bilan qanday muomala qilishimni ko‘ringlar», dedi. Darvoza ochilib, Umar roziyallohu anhu butunlay o‘zgarib kirib keldilar. Ular qatl qilish niyatida kelgan edilar. Lekin ilgariroq o‘zlarini-o‘zlari qatl qilib bo‘lgandilar. U kishining qalblari Alloh mahbubining xodimiga aylanib bo‘lgan edi. Odob bilan o‘tirib: «Men sizning xodimingizga aylanish maqsadida keldim» dedilar. U Zot:«Allohu akbar» dedilar. Uni eshitgan sahobiylar ham: «Allohu akbar» deb, hamma yoqqa jar soldilar. Bu Islom dini tarixida baland ovozda aytilgan birinchi takbir bo‘ldi. Undan oldinroq Hazrati Hamza roziyallohu anhu 39 – bo‘lib, Islomni qabul qilgan edi. Umar roziyallohu anhu 40-bo‘lib, Islomni qabul qildilar. Bir oz o‘tgach, namoz vaqti bo‘ldi. Umar roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, bu erda namoz o‘qiymizmi? Endi Umar musulmon bo‘ldi. Ketdik masjidda namoz o‘qiymiz», dedilar. Masjidga borib Umar roziyallohu anhu: «Ey, Makka qurayshi! Har biringiznign ayolingiz va farzandingiz bor. Ayolingizni beva va bolangizni etim qolishini istasangiz, Umarga yuzlaning. Biz shu erda Alloh taoloning ibodatini bajaramiz», dedi. Subhanalloh, Alloh taolo shu yigit vositasida Islom diniga quvvat berdi. Bu yigitga Islom ne’mati berildi. Uning ortida singlisi Fotimani mehnati ko‘zga tashlanadi. Bu etuk shaxs ortida ayol mehnati singil shaklida namoyon bo‘ladi. Bunga o‘xshagan bir necha misollar mavjud. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 15:59 | Savol-javoblar | 160 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar