Junub nima?

Assalomu alaykum! Junub nima degani? Ya’ni meni o‘ylashim bo‘yicha bu bir biriga yaqinlik to‘g‘rimi? Agar to‘g‘ri bo‘lsa ayol bilan ayol kishi yaqinlik qilib ko‘rishsa bu ham junubmi? Masalan onasiga erkalanadi va quchoqlaydi, bolalarini erkalatsa ham va avtobusda biron nomahram yonga tursa yoki o‘tirsa ham junub bo‘ladimi? Agar g‘usl qilishga imkoni va sharoiti bo‘lmasa nima qilish kerak?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Junub» so‘zi lug‘atda «chetda turuvchi» degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa jinsiy yaqinlik, uyquda bulg‘anish va boshqa sabablarga ko‘ra maniysi chiqib, g‘usl vojib bo‘lgan shaxsga aytiladi. Fusl vojib bo‘lgan odam namozdan, Qur’ondan, masjiddan va shariat ko‘rsatgan boshqa narsalardan chetda bo‘lgani uchun ham «junub» nomini olgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki u (er) u(xotin)ning to‘rt muchasi (qo‘l-oyog‘i) orasiga o‘tirsa va unga yaqinlik qilsa, batahqiq, g‘usl vojib bo‘ladi», dedilar». Boshqa rivoyatda: «Agar tushirmasa ham», deyilgan. Yana boshqa bir rivoyatda: «Xatna qilingan joy xatna qilingan joyga tegsa», deyilgan. Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan. Fusl vojib bo‘lishi uchun erkakning xatna qilinadigan joyi ayolning xatna qilinadigan joyiga tegsa bo‘ldi. Issiq mintaqalarda, xususan, arab yurtlarida qizlarni ham xatna qilish odati bor. Unda farjning ichidagi bir oz o‘sib turadigan qismi xatna qilinadi. Ulamolarimiz: «Erkakning xatna qilingan joyi ayolning xatna qilingan joyiga tegishi uchun erkak a’zosining bosh qismi ayol a’zosiga kirishi kerak», deydilar. Ana shu holat sodir bo‘lsa, ikkovlariga ham g‘usl vojib bo‘ladi. Qo‘shimcha qilib aytadigan ma’lumotlardan yana biri shuki, ulamolar: «Zakar nomiki, asl farjga kirsa, g‘usl vojib bo‘laveradi», deganlar. 3. Uyg‘ongan kishining maniy yoki maziyni ko‘rishi. Bu jumlada vasf qilingan holat «ehtilom» deyiladi. «Ehtilom» degani «uyquda jinsiy yaqinlikni ko‘rish», «uyquda bulg‘anish» demakdir. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Ummu Sulaym Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: «Ey Allohning Rasuli, albatta, Alloh haqdan hayo qilmaydi, agar ayol kishi ehtilom bo‘lsa, g‘usl lozimmi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, agar suvni ko‘rsa», dedilar. Ummu Salama: «Ey Allohning Rasuli, ayol kishi ham ehtilom bo‘ladimi?» dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: «Sho‘ring qurgur, bo‘lmasa bolasi nimadan unga o‘xshar edi?» dedilar». Uchovlari rivoyat qilishgan. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan namni ko‘rgan, lekin ehtilomni eslay olmagan odam haqida so‘raldi. Ul zot: «Fusl qiladi», dedilar. Ehtilomni ko‘rgan, lekin ho‘lni ko‘rmagan odam haqida (ham so‘raldilar). Ul zot: «Unga g‘usl vojib emas», dedilar. Bas, Ummu Sulaym: «Ayol kishi ham o‘shani ko‘radi. Unga ham g‘usl vojib bo‘ladimi?» dedi. Ul zot: «Ha, albatta, ayollar erkaklarning tug‘ishganlaridir», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Ushbu hadisda bayon qilinayotgan masala ham ko‘p uchrab turadigan, ayniqsa yoshlarda tez-tez takrorlanib turadigan masaladir. Birov tushida g‘usl vojib bo‘ladigan biror narsani ko‘rganini eslay olmaydi. Lekin badanida, kiyimida yoki yotgan joyida maniyning ho‘lini ko‘radi. Nima qilish kerak? Albatta, g‘usl qilish vojib, aks holda gunohkori azim bo‘ladi. Boshqa birov tushida jinsiy aloqani ko‘rgan, ammo uyg‘onsa, hech qaerda maniyning ho‘li yo‘q. Unday odamga g‘usl vojib bo‘lmaydi, chunki undan voqe’likda g‘usl vojib bo‘ladigan narsa chiqqan emas. Mana shu masalalar haqida savol-javob bo‘lib turgan joyda Ummu Sulaym roziyallohu anho ham bor ekanlar. U kishi fursatdan foydalanib: «Ayol kishi ham o‘shani ko‘radi. Unga ham g‘usl vojib bo‘ladimi?» dedi. Ya’ni «Ayol kishida ham ushbu holat yuz bersa, unga ham g‘usl qilish vojib bo‘ladimi?» dedilar. Bu savolga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib: «Ha, albatta, ayollar erkaklarning tug‘ishganlaridir», dedilar. Ya’ni «Ha, ayol kishiga ham g‘usl vojib bo‘ladi. Ayol kishi ham xuddi erkak kishiga o‘xshash», deganlaridir. 4-5. Hayz va nifosning to‘xtashi. «Hayz» lug‘atda «oqish» ma’nosini bildiradi. Shariatda esa balog‘atga etgan ayol jinsining rahmi ichidan tug‘ishsiz, bemorliksiz, muayyan muddatda keladigan qon hayzdir. Odatda hayzning rangi qoramtir, o‘zi haroratli va og‘riq ila keladigan bo‘lib, hidi noxush bo‘ladi. «Nifos» so‘zi lug‘atda «tug‘ish» va «qon» ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa tug‘ishdan keyin ayol kishining rahmidan kelgan qonga nifos deyiladi. Hayz va nifos to‘xtaganda g‘usl qilish vojib bo‘lishiga dalillar: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Fotima bint Abu Hubaysh istihoza bo‘lardi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi. Shunda u zot: «Bu tomir kasalligidir, hayz emas. Hayz kelganda namozni tark et, qachon to‘xtasa, g‘usl qilib, namoz o‘qiyver», dedilar». Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Shuning uchun hayzdan pok bo‘lgan ayolga g‘usl vojib bo‘ladi. Nifos esa yangi tuqqan ayolda to‘planib qolgan hayzdir. Shuning uchun nifosdan pok bo‘lgan ayolga ham g‘usl vojib bo‘ladi. «Muxtasar»ning sohiblari bu erda zikr qilmagan vojib g‘usllar ham bor. Ularni boshqa ulamolarimiz aytib o‘tganlar. 6. Shahid bo‘lmagan musulmon mayyitga ham g‘usl vojib bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida hammaga mana shunday muomala qilingan. Imom Buxoriy va imom Muslim Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda ulovidan yiqilib o‘lgan kishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni suv va sidr ila yuvinglar va ikki kiyim ila kafanlanglar», deganlar. 7. G‘ayrimuslim shaxs Islomga kirsa. Bu holatda molikiy va hanbaliy mazhablarida g‘usl qilish vojib bo‘ladi. Bunga bir qancha dalillar bor. Misol uchun: «Qays ibn Osim roziyallohu anhu musulmon bo‘lganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishini suv va sidr ila g‘usl qilishga amr etdilar». Beshovlaridan faqat Ibn Moja rivoyat qilmagan. Hanafiy va shofe’iy mazhablariga ko‘ra, agar musulmon bo‘lgan odam junub bo‘lmasa, g‘usl mustahabdir. Hayvonga yaqinlik qilib, maniyni tushirmaslik g‘uslni vojib qilmaydi. Bundan maniy tushirsa, g‘usl vojib bo‘lishi kelib chiqadi. G‘usl vojib bo‘lmaydigan holatlardan yana ba’zilari: 1. Maziy chiqqanda. 2. Vadiy chiqqanda. 3. Ehtilom bo‘lganda namlik ko‘rmaganda. 4. Klizma qildirganda. 5. Barmoqni ikki yo‘ldan biriga kiritganda maniy to‘kilmasa. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

20 Aprel 2022, 19:08 | Savol-javoblar | 1 169 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar