Shunday ma’noda hadis bormi?

Assalomu alaykum! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bulutni ko‘rsalar yig‘lashlari va yonlaridagi odamlar nega yig‘laysiz u (bulut )suv olib keladiku desa ular men qaerdan bilaman bu bulutta Allohning azobi bo‘lsachi deganmilar yoki bu gap ulardan keyingilarga tegishlimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shamol tursa yoki bulutni ko‘rganlarida qattiq tashvishga tushishlari haqida hadislar bor. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا عَصَفَتِ الرِّيحُ قَالَ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَهَا وَخَيْرَ مَا فِيهَا وَخَيْرَ مَا أُرْسِلَتْ بِهِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهَا وَشَرِّ مَا فِيهَا وَشَرِّ مَا أُرْسِلَتْ بِهِ، قَالَتْ: وَإِذَا تَخَيَّلَتِ السَّمَاءُ تَغَيَّرَ لَوْنُهُ وَخَرَجَ وَدَخَلَ وَأَقْبَلَ وَأَدْبَرَ، فَإِذَا أَمْطَرَتْ سُرِّيَ عَنْهُ، فَعَرَفْتُ ذَلِكَ فِي وَجْهِهِ فَسَأَلْتُهُ، فَقَالَ: لَعَلَّهُ يَا عَائِشَةُ كَمَا قَالَ قَوْمُ عَادٍ، فَلَمَّا رَأَوْهُ عَارِضًا مُسْتَقْبِلَ أَوْدِيَتِهِمْ قَالُوا هَذَا عَارِضٌ مُمْطِرُنَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qattiq shamol tursa:
«Allohim! Albatta, men Sendan uning yaxshiligini, undagi narsaning yaxshiligini va u bilan yuborilgan narsaning yaxshiligini so‘rayman. Va Sendan uning yomonligidan, undagi narsaning yomonligidan va u bilan yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman», der edilar.
Qachon osmonning avzoi o‘zgarib qolsa, u zotning ranglari o‘zgarib, kirib-chiqib, oldinga-orqaga borib-kelib qolar edilar. Bas, yomg‘ir yog‘ishni boshlaganda yuzlari yorishib ketar edi. Men buni u zotning yuzlaridan bilib, so‘radim.
«Ey Oisha, xuddi «Vodiylariga ro‘baro‘ kelayotgan orizni 
(azob yomg‘iri keltiruvchi bulutni) ko‘rganlarida “Mana bu oriz bizga yomg‘ir yog‘diruvchidir” deyishdi» kabi bo‘lishi ham mumkin», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinayotgan ushbu hadisi sharifda qattiq shamol turganda va osmonning avzoyi buzilib, unda g‘alati o‘zgarishlar bo‘la boshlaganda Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarini qanday tutganliklari haqida so‘z ketmoqda.
Ma’lumki, qattiq shamol ham Allohning ko‘p sonli lashkarlaridan biridir. Qadimda o‘tgan ummatlardan ba’zilarini Alloh taolo aynan ushbu lashkar – qattiq shamol ila halok qilgandir. Bu hol hozirgacha davom etib kelmoqda. Qachon qattiq shamol tursa, biror falokat sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qattiq shamol esishni boshlashi bilan tashvishga tushar va ushbu hadisda rivoyat qilingan duoni qilishni boshlar edilar. Siz bilan biz, mo‘min-musulmonlar ham hayotimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, qattiq shamol turganida Alloh taologa iltijo qilib, mazkur duoni o‘qimog‘imiz lozim.
Shuningdek, osmonning avzoi o‘zgarib, unda turli o‘zgarishlar sodir bo‘lib, bulutlar yura boshlasa ham tashvishli hol yuzaga keladi. Bu hol Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qattiq tashvishga solar, u zot sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini qo‘ygani joy topa olmay qolar edilar. Qachon o‘sha o‘zgarishlar natijasida yomg‘ir yog‘a boshlasa, tinchlanib, ochilib ketar edilar. Chunki bu holat xavf-xatar o‘tib ketganidan dalolat berar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu holatlarini mulohaza qilgan Oisha onamiz nima uchun bunday qilishlarini so‘raganlarida u zot sollallohu alayhi vasallam Od qavmiga kelgan baloga o‘xshash balo kelib qolmasa edi, deb tashvish qilishlarini aytgan ekanlar.
Ushbu hadisda Od qavmi qissasining bir qismi zikr qilingan oyati karimaning to‘liq tafsiri «Tafsiri hilol»da kelgan. Bizga bu o‘rinda gunohkor Od qavmining o‘z vodiylari tomon kelayotgan bulutni ko‘rib, ana shu bulutdan bizga yomg‘ir yog‘adi, biz nochorlik holidan qutulamiz, deb xotirjam turgan holati ibrat bo‘lmog‘i lozim. Ana shu «kutilgan» bulut etib kelgach, yomg‘ir yog‘masdan, ularning halokatlariga sabab bo‘lgan.
Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, osmonda mazkur holat yuzaga kelganida tashvishga tushib, Allohga iltijo va tazarru ila yolvorib turishimiz lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 145 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar