Dovud alayhissalom

Assalomu alaykum! Men yaqinda bir narsani o‘qib qoldim. Dovud payg‘ambar Jalut degan bir maxluq bilan jang qilgan ekanlar. Injilda shu jangni tafsilotini, ya’ni qanday jang qilganlar, nega va qanday qurollardan jang mobaydina foydalangalari borasida malu’mot bor. (men internetda izladim shunaqa malu’mot topib oldim, lekin o‘zim injilni o‘qiganim yo‘q). Savolim: Qur’onda yoki boshqa islomiy kitoblarimizda ham shu tug‘risida biron malu’mot bormi? Javobingiz uchun oldindan rahmat. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Baqara” surasi 251-oyatda : Bas, Allohning izni bilan ularni tor-mor qildilar va Dovud Jolutni qatl etdi. So‘ngra Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va O‘zi xohlagan narsasini o‘rgatdi. Agar Allohning odamlarni bir-birlari bilan daf qilishi bo‘lmaganida, er yuzi buzilardi. Lekin Alloh olamlarga fazlu marhamatlidir. Tolut va uning askarlari Jolut va uning askarlari ustidan g‘alaba qozondilar. Bu g‘alaba, albatta, Allohning izni bilan bo‘ldi. Hech bir narsa Uning iznisiz bo‘lmaydi. Alloh O‘z irodasini mo‘minlar orqali yuzaga chiqaradi. «Bas, Allohning izni bilan ularni tor-mor qildilar va Dovud Jolutni qatl etdi». Dovud Tolut askari ichidagi yosh yigit edi. Jolut esa katta kuchga ega bo‘lgan podshoh, hammaning qalbiga dahshat solib turuvchi askarboshi edi. Alloh taolo ushbu zolim podshoh va askarboshining yoshgina yigitcha qo‘lida qatl bo‘lishini iroda qildi. Bu bilan odamlarga, agar Alloh xohlasa, bir yosh yigit har qanday jabborning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, bu ishning ortida boshqa hikmat ham bor edi: «So‘ngra Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va O‘zi xohlagan narsasini o‘rgatdi». Dovud Allohning inoyati bilan Tolutdan keyin Banu Isroilga podshoh bo‘ldi. Uning podshohlik davri oltin davr bo‘ldi. Alloh taolo unga podshohlikka qo‘shib hikmatni, ya’ni payg‘ambarlikni ham berdi. Shu bilan birga, unga urush asboblarini yasashni ham o‘rgatdi. «Agar Allohning odamlarni bir-birlari bilan daf qilishi bo‘lmaganida, er yuzi buzilardi». Ya’ni kofirlarni mo‘minlar bilan daf qilib turmasa, mo‘minlarni kofirlar ustidan g‘olib qilmasa, kofirlar er yuzini fasodga to‘ldirib yuboradilar. «Lekin Alloh olamlarga fazlu marhamatlidir». Shuning uchun ba’zilarini ba’zilari bilan daf qilib, ishni tuzatib, to‘g‘rilab turadi. (Tafsiri Hilol). Vallohu a’lam.

30 Aprel 2022, 02:34 | Savol-javoblar | 183 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar