Qalbingiz o‘lgan

Assalomu alaykum! 517-qalbingiz o‘lgan maqolani o‘qidim. Qalbimiz qayta tirilishi uchun qanday amallar qilishimiz kerak? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! "Ruhiy tarbiya" kitobini o‘qing. Allohning zikrini ko‘p qiling va Allohning do‘stlari suhbatlarida ham tez-tez bo‘lib turing. QALB XASTALIGI VA UNING
TUZALISh ALOMATLARI
 Insonning har bir a’zosi o‘ziga xos vazifani amalga oshirishi uchun yaratilgan. O‘sha a’zo sog‘ bo‘lsa, mazkur ishni yaxshilab ado etadi. Agar a’zo xastalikka uchrasa, o‘ziga xos ishni bajarishga qiynaladi yoki butunlay bajara olmay qoladi. Qo‘l xastalansa, ushlash qiyinlashadi, ko‘z xastalansa, ko‘rish qiyinlashadi yoki ko‘rib bo‘lmay qoladi.
Shuningdeq qalb xastalansa, uning ham o‘ziga xos ishiga – ilm, hikmat, ma’rifat, Alloh taoloning muhabbati, ibodati va undan hosil bo‘ladigan lazzatlanishga xalal etadi yoki butunlay mahrum bo‘ladi.
Yuqorida zikr qilingan ilm, hikmat, ma’rifat, Alloh taoloning muhabbati, ibodati va undan hosil bo‘ladigan lazzatlanishlar odamni hayvondan ajratib turadigan omillardir. Demaq inson hayvondan qalbi ila ajraydi. Qalbning ishi esa ilm, hikmat va ma’rifatdir.
Dunyodagi barcha narsalarni Alloh taolo yaratgan. Inson dunyodagi barcha narsalar haqida ma’rifatga ega bo‘lsa-yu, Alloh taoloni tanimasa, hech narsani bilmagandek gap. Alloh taoloni tanisa, hamma narsani tanigan bo‘ladi.
Ma’rifatning alomati muhabbatdir. Alloh taolo haqida ma’rifati bor odam U Zotga muhabbat qo‘yadi. Alloh taologa muhabbati bor qalb sog‘lom, U Zotga muhabbati yo‘q qalb xastadir.
Qalb xastaligi yashirin bo‘lib, uni bemorning o‘zi ham sezmaydi. Sezganda ham, davolash qiyinchiliklariga sabr qila olmaydi. Chunki uni davolash uchun havoyi nafsga xilof ish tutish lozim. Sabr qilsa ham, hoziq tabib topish kerak bo‘ladi. Qalb bemorliklarining tabiblari ulamolardir.
Qalb bemorligining davolanib, sog‘ayishi qanday bo‘ladi? Bunda qaysi xastalikdan davolanishiga qaraladi. Misol uchun, bir qalbni baxillik xastaligidan davolash kerak. Uni mol-mulkni sarflashni o‘rgatish ila davolanadi. Ammo ehtiyot bo‘linmasa, sarflash haddidan oshib, isrof darajasiga o‘tib ketishi mumkin. Isrof ham dard. Demaq me’yorni bilmasa, bir darddan boshqa dardga o‘tib ketishi mumkin.
Maqsadga erishish uchun eng to‘g‘ri yo‘l mo‘’tadil bo‘lishdir. Ana o‘shanda qalb baxillik va isrofchilik dardlaridan forig‘ bo‘lib, sog‘aygan bo‘ladi.
Ikki salbiy taraf o‘rtasidagi mo‘’tadillik juda ham nozik narsa. Uni aniqlab olish ancha qiyin. U soch tolasidan ingichka va qilich tig‘idan o‘tkirdir. Ana o‘sha sirotul mustaqiymda yurgan odam bu dunyoda g‘am chekmasa ham bo‘ladi. U oxiratda albatta ne’mat berilganlar bilan birga bo‘ladi, inshaalloh. Mazkur istiqomat qiyin bo‘lganidan bandaga har kuni ko‘p marta «ihdinas-sirotal mustaqiym»ni takrorlash amr qilingan.
Faqatgina yaxshi axloqlardan yaxshi amallar sodir bo‘ladi. Har bir shaxs o‘zining sifatlari va axloqlariga diqqat bilan nazar solsin. Nuqsonlarini birin-ketin tuzatishga o‘tsin va bu ishning achchig‘iga azm ila sabr qilsin. Bora-bora bu ishi o‘ziga yoqib qoladi. Bu xuddi ko‘krakdan ajratilgan bola oldin ajrashga ko‘nmay, ajraganidan keyin ko‘krak tutilsa, aftini burishtirib qochganiga o‘xshaydi. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:24 | Savol-javoblar | 213 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar