Mujtahidlar xakida

Assalomu alaykum! Mujtaxid bilan mujtaxid mutlaqning farqi nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! HANAFIY FAQIHLAR TABAQALARI Albatta, «faqih» nomini olganlarning darajalari bir xil emas. Balki ular turli tabaqalarga bo‘linadilar va ularning darajalari o‘sha tabaqalarda bilinadi. Shuning uchun fiqh ilmi toliblari bu tabaqalarni bilib olishlari lozim. Birinchi tabaqa. Bu tabaqaga shariat miqyosida ijtihod qilgan ulkan imomlar, mazhabboshi faqihlar va ularning darajasidagi zotlar kiradilar. To‘rt mazhab boshlig‘i bo‘lgan imomlarimiz mana shu birinchi tabaqaga kiradilar. Ular fiqhning asl qoidalarini ishlab chiqadilar, shar’iy dalillardan far’iy hukmlarni chiqaradilar. Ular hech kimga taqlid qilmaydilar. Bu tabaqa ijtihodning eng oliy tabaqasidir. Ikkinchi tabaqa. Mazhab mujtahidlari tabaqasi. Bu tabaqa faqihlari birinchi tabaqa sohiblarining shogirdlaridan chiqqan. Misol uchun, Abu Hanifaning shogirdlari Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniy ikkinchi tabaqaga kiradilar. Bu tabaqadagi faqihlar shar’iy dalillardan o‘z ustozlari ishlab chiqqan qoidalar asosida shar’iy hukmlarni chiqaradilar. Ular asosiy qoidalarga tegmagan holda ba’zi far’iy hukmlarda ustozlariga xilof qilishlari mumkin. Agar asl qoidalarda xilof qilsa, mazhabdan chiqqan bo‘ladi. Uchinchi tabaqa. Mazhabboshi imomdan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan faqihlar tabaqasi. Bu tabaqadagi mujtahidlarga hanafiy mazhabida Xassof, Tahoviy, Shamsul Aimma al-Halvoniy, Shamsul Aimma as-Saraxsiy, Faxrul Islom al-Bazdaviy, Faxriddin Qozixon va boshqalar kiradilar. Ushbu tabaqadagi faqihlar shayxlarga asl­larda ham, far’larda ham xilof qila olmaydilar. Ular o‘z shayxlari ishlab chiqqan qoidalar asosida mazkur shayx­lardan birorta rivoyat qolmagan masalalarda hukmlar chiqaradilar. Bu tabaqa ijtihod tabaqalarining eng pas­ti hisoblanadi. To‘rtinchi tabaqa. Bu tabaqadagi faqihlar ijtihod darajasiga etmagan bo‘ladilar. Ularga faqihlarimizdan Roziy misol bo‘la oladi. Ular «ashobi tarjih» deb ataladilar. Bu tabaqa vakillari o‘zlari ijtihod qila olmasalar ham, usulni yaxshi o‘zlashtirganlari va hukmni qaerdan olishni bilganlari uchun ikki tomonga burib yuborish mumkin bo‘lgan gaplarning qay biri to‘g‘ri ekanini aniqlaydilar va shunga o‘xshash kichikroq ishlarni qiladilar. Beshinchi tabaqa. Taqlidchi faqihlardan tarjih sohiblari tabaqasi. «Tarjih» degani bir narsaning boshqasidan ustunligini aniqlash deganidir. Bu tabaqadagi ulamolar bir hukmning ikkinchisidan ustun ekanini aniqlashadi. Ularga hanafiy ulamolardan Abul Hasan al Karxiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqalar kiradilar. Oltinchi tabaqa. Kuchli va o‘ta kuchli, mazhabda bor va zaif, zohir rivoyat va nodir rivoyat orasidagi farqni biladigan ulamolar tabaqasi. «Kanz», «Muxtor», «Majma’» va «Viqoya» kabi kitoblarning mualliflari xuddi mana shu tabaqadagi faqihlar hisoblanadilar. Ular ham o‘z kitoblarida nomaqbul gaplar va zaif rivoyatlarni naql qilmaydilar. Ettinchi tabaqa. Semizdan oriqni, ho‘ldan quruqni, o‘ngdan chapni ajrata olmaydigan taqlidchilar tabaqasi. Bularga mutlaqo yaqinlashmaslik zarur. Kitoblardan foydalanishda ularning mualliflariga e’tibor berish, ko‘pchilik ulamolarning tahsiniga sazovor bo‘lgan kitobni ixtiyor qilish zarur. Agar bir masalada Abu Hanifa bir taraf, Abu Yusuf va Muhammad bir taraf bo‘lib qolsa, xohlagan tarafni olaversa bo‘ladi. Agar Abu Hanifa ikkovlaridan biri bilan bo‘lib, birlari yolg‘iz qolsa, Abu Hanifa bor taraf qabul qilinadi. (Kifoya kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 04:29 | Savol-javoblar | 160 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar