Qaytimini bermaslik

Assalomu alaykum! Bilamizki ba’zi bir tadbirkorlarimiz sotayotgan mahsulotlariga narx belgilashda, xaridorlar e’tiboriga qiymati kamroqday ko‘rinishi uchun 10 so‘m kamaytirib narx belgilashadi. Misol uchun 50.000 so‘mlik mahsulotni 49.990 deb sotsayu xaridorlar 50.000 so‘m naqd pul bersa (bilamizki 10 so‘mlik kupyuralar hozirda muomilada mavjud emas), qaytimini bermasa xaridorlar xaqini egan bo‘lib qoladimi? Mana shunday ish tutayotgan tadbirkorlarga nisbatan qanday chora ko‘rsak bo‘ladi? Oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘sha oz qaytimni bermasalar, ularning javobgarligi og‘ir bo‘ladi. Chunki qiyomat kuni milionlab kishilarni rozi qilishlariga to‘g‘ri keladi. Allohning huzurida zarrani ham hisob-kitobi bo‘ladi. Alloh taolo “Zalzala” surasida marhmat qiladi : فَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ۝  وَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ شَرًّا يَرَهُ۝ 7. Bas, kim zarra vaznicha yaxshilik qilsa ham ko‘radir. 8. Va kim zarra vaznicha yomonlik qilsa ham ko‘radir. Yaxshilikning ham, yomonlikning ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Hammasining hisob-kitobi bo‘ladi, qiyomatda javob berish kerak. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qiladilar: So’so’a ibn Muoviya ismli odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganda, ul hazratlari unga «Faman ya’mal misqola zarrotin xoyron yaroh, va man ya’mal misqola zarrotin sharran yaroh»ni o‘qib berganlarida, u: «Bundan boshqa narsani eshitmasam ham, menga shuning o‘zi etarli», – degan ekan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Bir xurmoning yarmi yoki bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa ham, o‘zlaringizni do‘zaxdan saqlanglar», – deganlar. Ya’ni bu yaxshilikning kichigi bo‘lmaydi, deganlaridir. Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zga ilinmaydigan gunohlardan saqlaninglar, chunki ular to‘planib, kishini halok qiladi», – deganlar. Har doim, ko‘zga ko‘rinmas zarra miqdorida bo‘lsa ham yaxshilikni qilib, shuningdek, ko‘zga ko‘rinmas zarra miqdorida bo‘lsa ham yomonlikdan qochish kerak. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 08:56 | Savol-javoblar | 191 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar